Raqobat qoʻmitasi "Anorbank"ni jarimaga tortdi
Bank tomonidan aksiya doirasida eʼlon qilingan axborotlarda aksiya shartlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar berilmagan.

Raqobat qoʻmitasi "Anorbank"ni jarimaga tortdi.
Qoʻmita tomonidan Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida “ANOR BANK” AJ tomonidan Instagram ijtimoiy tarmogʻida joylashtirilgan reklama axboroti oʻrganildi.
Xususan, mazkur murojaatda bank tomonidan aksiya doirasida eʼlon qilingan axborotlarda aksiya shartlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar berilmaganligiga eʼtiroz bildirilgan.
Oʻrganishlarda reklamada moliyaviy xizmatlarni koʻrsatishda shartnomaning muhim shartlaridan biri — aksiyaning amal qilish shartlari, unga qoʻllanilgan limit hamda limitdan oshgan hollarda komissiya toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud emasligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 16, 21 va 43-moddalari talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “ANOR BANK” AJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha moliyaviy jarima qoʻllanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.
