Takomillashgan alifbo: bu nima uchun muhim?
Bugun til faqat kitoblarda emas. U internetda, davlat axborot tizimlarida, sunʼiy intellekt platformalarida, xalqaro maʼlumotlar bazalarida hamda mobil qurilmalar va raqamli xizmatlarda yashaydi. Shuning uchun alifbo endi faqat tilshunoslar muhokama qiladigan mavzu emas.

Arab yozuvidan raqamli davrgacha: oʻzbek alifbosining bir asrlik tarixi
Oʻzbek yozuvi tarixi — bu faqat harflar tarixi emas. Bu mamlakatning siyosiy taraqqiyoti, sivilizatsion tanlovi va milliy oʻzligini anglash yoʻli bilan chambarchas bogʻliq jarayondir.
XX asrning 20-yillariga qadar oʻzbek xalqi asrlar davomida arab yozuvidan foydalanib keldi. Ana shu yozuvda buyuk allomalarning ilmiy merosi, mumtoz adabiyotimiz va butun Markaziy Osiyoning boy madaniy merosi yaratildi.
1928 yilda esa Sovet Ittifoqida amalga oshirilgan keng koʻlamli lotinlashtirish siyosati doirasida oʻzbek yozuvi lotin alifbosiga oʻtkazildi. Bu oʻz davri uchun ilgʻor islohot sifatida baholangan boʻlsa-da, uzoq davom etmadi.
1940 yilda Moskva qarori bilan oʻzbek tili ham boshqa ittifoqdosh respublikalar qatori (armanlar, gurjilar va boltiqboʻyi respublikalaridan tashqari) kirill alifbosiga oʻtkazildi. Bu qarorning asosiy maqsadi tilshunoslik talabi emas, balki Sovet Ittifoqi hududida yagona siyosiy va madaniy makon shakllantirish edi. Shu tariqa qariyb yarim asr davomida oʻzbek tili kirill alifbosi asosida rivojlandi.
Mustaqillikka erishilgandan keyin Oʻzbekiston oldida milliy yozuvni qayta tiklash vazifasi kun tartibiga chiqdi. 1993 yil 2 sentabrda qabul qilingan qonun bilan oʻzbek tili lotin alifbosiga qaytarildi.
Eʼtiborlisi shundaki, dastlabki alifbo loyihasi ilmiy nuqtai nazardan ancha puxta ishlangan edi. Unda oʻzbek tilining fonetik xususiyatlariga toʻliq mos keluvchi Ç, Ş, Ğ va Ö kabi diakritik harflar nazarda tutilgan boʻlib, bu tizim turkiy xalqlarning umumiy lotin yozuvi tamoyillariga ham muvofiq edi.
Biroq 1995 yilda qonunga kiritilgan oʻzgartishlar natijasida mazkur yondashuvdan voz kechildi. Uning oʻrniga Sh, Ch, O‘ va G‘ kabi harf birikmalari hamda apostrofga oʻxshash belgilar joriy etildi.
Oradan oʻtgan oʻttiz yillik amaliy tajriba bu qaror ayrim jiddiy muammolarni keltirib chiqarganini yaqqol namoyon qildi.
Nega bu masala bugun yana dolzarb boʻldi?
Bir qarashda, gap atigi toʻrtta harf haqida ketgandek tuyuladi.
Ammo bugun til faqat kitoblarda emas. U internetda, davlat axborot tizimlarida, sunʼiy intellekt platformalarida, xalqaro maʼlumotlar bazalarida hamda mobil qurilmalar va raqamli xizmatlarda yashaydi.
Shuning uchun alifbo endi faqat tilshunoslar muhokama qiladigan mavzu emas. U raqamli iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va milliy raqobatbardoshlikning muhim elementiga aylandi.
1995 yilning asosiy xatosi — til texnikaga moslashtirildi
Yangi islohot tarafdorlarining eng kuchli dalillaridan biri aynan shu nuqtadir. 1995 yilda qabul qilingan qarorni tushunish uchun oʻsha davr texnologiyalarini eslash kerak.
Oʻsha paytda shaxsiy kompyuterlar endigina ommalashayotgan edi. Unicode hali jahon standartiga aylanmagan edi. Internet endi rivojlanayotgan edi. Smartfonlar, sunʼiy intellekt, bulutli texnologiyalar va global axborot platformalari hali mavjud emas edi. Shunday sharoitda diakritik harflardan voz kechib, oddiy klaviatura imkoniyatlariga moslashish maʼlum maʼnoda texnik yechim sifatida qabul qilindi. Ammo bu yechim oʻsha davr texnologiyalariga bogʻlanib qoldi.
Bugun esa vaziyat mutlaqo boshqacha. Hozirgi kompyuterlar, smartfonlar, operatsion tizimlar va dasturiy taʼminotlar dunyodagi yuzlab tillarning maxsus harflarini bemalol qoʻllab-quvvatlaydi.
Masalan, polyak tili Ł harfidan foydalanadi.
Chex tili Č va Š harflarini ishlatadi.
Turk tilini Ğ, Ş, Ç va Ö harflarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi.
Nemis tili Ä, Ö va Ü harflarini saqlab qolgan.
Rumin tili Ș va Ț harflaridan voz kechmagan.
Koʻrinib turganidek, hech qaysi mamlakat oʻz tilini klaviatura imkoniyatlariga qurbon qilmagan. Aksincha, texnologiyalar milliy tillarga moslashtirilgan.
Bugun Oʻzbekiston ham aynan shu tamoyilga qaytishni maqsad qilmoqda.
Raqamli iqtisodiyot uchun yangi alifbo zarur
Islohotning eng muhim jihatlaridan biri uning raqamli ahamiyatidir.
O‘ va G‘ harflarida qoʻllaniladigan belgilar amaliyotda turlicha yoziladi.
Kimdir oddiy apostrof ishlatadi. Kimdir teskari verguldan foydalanadi.
Yana kimdir boshqa Unicode belgisini qoʻllaydi. Natijada bitta soʻz turli koʻrinishlarda yozilib qoladi.
Bu esa qidiruv tizimlari, davlat maʼlumotlar bazalari, elektron hujjat aylanishi,
sunʼiy intellekt algoritmlari va axborot almashinuvi uchun qator texnik muammolarni keltirib chiqaradi.
Raqamli davlat qurish yoʻlida bunday noaniqliklar jiddiy toʻsiq boʻlishi mumkin.
Har bir tovushning yagona harf bilan ifodalanishi esa axborot tizimlari uchun ham, inson uchun ham ancha qulaydir.
Bir tovush — bir harf
Bu zamonaviy imloning eng muhim qoidalaridan biri hisoblanadi.
Hozirgi oʻzbek alifbosida ayrim tovushlar ikki harf bilan ifodalanadi:
Sh.
Ch.
Bu esa matn hajmini sunʼiy ravishda oshiradi. Oʻqish tezligini pasaytiradi. Harf terishni sekinlashtiradi. Soʻzlarni boʻgʻinlarga ajratishni qiyinlashtiradi. Diakritik harflar esa har bir tovushni yagona belgi bilan ifodalaydi.
Bu tilshunoslik nuqtai nazaridan ham, amaliy jihatdan ham ancha mantiqiy yechim hisoblanadi.
Bolalar uchun savod chiqarish osonlashadi
Alifbo, eng avvalo, kelajak avlod uchun yaratiladi.
Bugungi oʻquvchi bir vaqtning oʻzida qaysi apostrofni ishlatishni, qaysi holatda Sh bitta tovush ekanini, qanday koʻchirish qoidalarini, turli texnik belgilarni
eslab qolishiga toʻgʻri keladi. Bu esa ortiqcha imlo qoidalarini yuzaga keltiradi.
Yangi tizimda esa har bir tovush alohida harf bilan belgilanadi. Bola uni yaxlit grafik birlik sifatida qabul qiladi. Bu savod chiqarishni yengillashtiradi va imloviy xatolarni kamaytiradi.
Turkiy dunyo bilan yaqinlashuv
Islohotning yana bir muhim jihati - madaniy va sivilizatsion ahamiyatga egaligidir.
Bugungi kunda aksariyat turkiy davlatlar diakritik harflarga asoslangan lotin alifbosidan foydalanadi.
Turkiyada Ç, Ş, Ğ va Ö harflari qoʻllaniladi.
Ozarbayjonda ham diakritik belgilar keng ishlatiladi.
Turkman tilida ham shunga yaqin tamoyillar mavjud.
Bu, albatta, milliy tillarni bir xil qilib yubormaydi.
Ammo oʻzaro kitob almashish, ilmiy hamkorlik, madaniy aloqalar va raqamli loyihalarni ancha osonlashtiradi.
Oʻzbekiston oʻz milliy tilini saqlagan holda turkiy madaniy makon bilan grafik jihatdan ham yaqinlashadi.
Alifbo islohoti davlat byudjetiga ogʻirlik qiladimi?
Ayrim tanqidchilar «barcha hujjatlar, darsliklar va peshlavhalarni almashtirishga katta mablagʻ ketadi», deya eʼtiroz bildirishadi. Ammo qonun loyihasida bosqichma-bosqichlik tamoyili aniq belgilangan.
Bu degani - amaldagi hujjatlar oʻz kuchini saqlab qoladi, darsliklar navbatdagi nashrlarda yangilanadi, davlat axborot tizimlari bosqichma-bosqich moslashtiriladi hamda peshlavhalar tabiiy yangilanish jarayonida almashtiriladi. Shuning uchun gap bir vaqtning oʻzida ulkan mablagʻ sarflash haqida emas, balki rejali modernizatsiya haqida ketmoqda.
Va yana ayrimlarning eʼtiroz bildirishicha, odamlar avvalgi alifboga oʻrganib boʻlgan, yangi alifboni yana qayta oʻrganishga toʻgʻri keladi, deyishadi.
Toʻgʻri, haqiqatan ham koʻnikish shakllangan. Biroq koʻnikish har doim ham eng toʻgʻri yechim ekanini anglatmaydi. Jahon tajribasida koʻplab imlo islohotlari dastlab bahslarga sabab boʻlgan, keyin esa tabiiy meʼyorga aylangan. Faqat «koʻnikib qoldik» degan sabab bilan har qanday muammoni saqlab qolish taraqqiyotni sekinlashtiradi.
Aslida ham oʻzgarish juda katta emas. Tilning fonetikasi oʻzgarmayapti. Oʻzgarayotgani — atigi ayrim tovushlarning grafik ifodasidir. Eng asosiy foydalanuvchilar esa bugungi maktab oʻquvchilari boʻladi. Ular uchun yangi alifbo tabiiy meʼyor sifatida qabul qilinadi.
Shuningdek, «bu juda qimmatga tushadi, hammasini oʻz holida qodirgan durust edi» degan fikrdagilarga javoban shuni aytish mumkinki, har qanday islohotning xarajatlari boʻladi. Iqtisodiyot qoidalaridan birida aytilganidek, xarajatsiz harakat natijasi – nolga teng. Shuningdek, xarajatlarni kelajakdagi samara bilan ham taqqoslash lozim.
Agar yangi alifbo savodxonlikni oshirsa, raqamli texnologiyalarni yengillashtirsa; davlat boshqaruvini soddalashtirsa, xalqaro integratsiyani kuchaytirsa, sunʼiy intellekt tizimlarida oʻzbek tilidan foydalanishni yaxshilasa - unda bu xarajat emas, balki kelajakka kiritilgan strategik sarmoya hisoblanadi.
Qolavresa, har qanday kechiktirilgan islohot vaqt oʻtishi bilan qimmatlashadi.
Yangi darsliklar koʻpaygan sari, axborot tizimlari kengaygan sari, arxivlar hajmi ortgan sari - oʻtish qiyinlashib boraveradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi davr islohot uchun eng maqbul payt hisoblanadi.
Bu yangi alifbo emas, balki tugallanmagan islohotning davomidir
Eng qiziq jihati shundaki, bugun taklif etilayotgan oʻzgarishlarni mutlaqo yangi alifbo deb atash ham toʻgʻri emas. Aksincha, u 1993 yilda qabul qilingan dastlabki ilmiy konsepsiyaga qaytishni anglatadi. Yaʼni gap butunlay yangi yozuv yaratish haqida emas. Gap oʻttiz yil avval muayyan siyosiy va texnik sharoit taʼsirida qabul qilingan muvaqqat yechimni qayta koʻrib chiqish haqida ketmoqda.
Xulosa oʻrnida
Tarix shuni koʻrsatadiki, yozuv hech qachon oʻzgarmas, qotib qolgan hodisa emas. U jamiyat, davlat va texnologiyalar bilan birga rivojlanib boradi. Agar 1995 yilda diakritik harflardan voz kechishni oʻsha davr texnik imkoniyatlari bilan maʼlum darajada izohlash mumkin boʻlgan boʻlsa, bugun bunday asoslar deyarli qolmadi.
Insoniyat sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar va raqamli platformalar davriga kirib keldi. Bunday sharoitda alifbo ham milliy raqobatbardoshlikning bir qismiga aylanadi. Qanchalik mantiqiy, izchil va texnologiyalarga mos yozuv tizimi shakllansa, tilning global axborot makonidagi oʻrni ham shunchalik mustahkam boʻladi.
Shu maʼnoda, yangi alifbo islohoti faqat bir nechta harfni almashtirish emas. U mustaqil Oʻzbekistonning lotin yozuviga oʻtish jarayonini mantiqiy yakuniga yetkazishga qaratilgan muhim qadamdir. Islohot oʻttiz yil davomida toʻplanib qolgan amaliy muammolarni bartaraf etish, yosh avlod uchun savod chiqarishni yengillashtirish, oʻzbek tilining raqamli imkoniyatlarini kengaytirish va uni XXI asr talablariga moslashtirishga xizmat qiladi.
Albatta, har qanday til islohoti vaqt, sabr va jamoatchilik muloqotini talab qiladi. Biroq jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, kelajakni oʻylab amalga oshirilgan islohotlar qisqa muddatli noqulayliklardan koʻra ancha katta samara beradi. Shu nuqtai nazardan, bugun muhokama qilinayotgan alifbo islohoti oʻzbek tilining raqamli asrdagi barqaror rivojlanishiga qaratilgan uzoq muddatli strategik sarmoyadir.
Abulfayz Sayidasqarov
