Oʻzbekiston suv sohasidagi eng katta yutuqlarga erishgan uch mamlakatdan biri deb eʼtirof etildi
Oʻzbekistonda suv stress koʻrsatkichi 2017 yildagi 169 foizdan 2022 yilda 122 foizgacha pasayib, 47 punktga kamaydi. Xitoy va San-Tome va Prinsipi ham oʻrin olgan.

Ayni kunlarda Nyu-York shahrida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha yuqori darajadagi siyosiy forumi boʻlib oʻtmoqda. Unda Oʻzbekistonning suv sohasida soʻnggi yillarda erishgan natijalari xalqaro hamjamiyatga taqdim etildi.
Forumda Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Timur Butunbayev mamlakatimizda Barqaror rivojlanishning 6-maqsadi — “Toza suv va sanitariya” yoʻnalishida amalga oshirilgan islohotlar va ularning amaliy samaralari haqida maʼruza qildi.
Eng muhimi, UN-Water baholashiga koʻra, 2026 yilda Oʻzbekiston mazkur yoʻnalishda sezilarli natijaga erishgan uchta davlatdan biri sifatida eʼtirof etildi. Roʻyxatdan shuningdek Xitoy va San-Tome va Prinsipi ham oʻrin olgan.
Bu eʼtirof tasodifiy emas. Soʻnggi yillarda mamlakatda suv xoʻjaligini tubdan isloh qilish, sohani raqamlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash hamda suv resurslarini barqaror boshqarish boʻyicha tizimli choralar amalga oshirildi.
Amaliy natijalar ham bundan dalolat beradi. Xususan, Oʻzbekistonda suv stress koʻrsatkichi 2017 yildagi 169 foizdan 2022 yilda 122 foizgacha pasayib, 47 punktga kamaydi.

Forum ishtirokchilariga Oʻzbekistonning institutsional va huquqiy islohotlari, mintaqaviy suv diplomatiyasi hamda transchegaraviy suv resurslarini samarali boshqarish borasidagi tashabbuslari ham taqdim etildi.

BMTning bu eʼtirofi Oʻzbekiston suv xavfsizligini taʼminlash va suv resurslarini barqaror boshqarish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda ham yuqori baholanayotganining yana bir amaliy tasdigʻi boʻldi.
