Oʻzbekiston davlat byudjeti yilning birinchi yarmini kichik profitsit bilan yakunladi
Yil yakuni uchun davlat byudjeti daromadlari 368,9 trln soʻm, xarajatlari esa 328,7 trln soʻm etib prognoz qilingan.

Oʻzbekiston davlat byudjeti yilning birinchi yarmini kichik profitsit bilan yakunladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
2026 yil yanvar-iyun yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston davlat budjeti daromadlari 207,4 trln soʻmni, xarajatlari esa 205,6 trln soʻmni tashkil etdi.
Natijada yilning birinchi yarmi 1,8 trln soʻmdan ortiq (taxminan $150 mln) profitsit bilan yakunlandi.
Biroq oylar kesimidagi holat bir xil boʻlmadi. Yanvar va fevral oylarida budjet mos ravishda 1,5 trln soʻm va 986,2 mlrd soʻm taqchillik bilan yakunlangan. Mart oyida esa vaziyat keskin oʻzgardi — daromadlar xarajatlardan 10,2 trln soʻmga oshib ketdi.
Bu yil boshidan buyon qayd etilgan eng yuqori profitsit boʻlib, bu, ehtimol, anʼanaviy choraklik toʻlovlar tushumi bilan bogʻliq.
Aprel yana taqchillik bilan (707,8 mlrd soʻm) yakunlangan boʻlsa, may birinchi yarim yillikdagi eng yomon oy boʻldi. Bu davrda daromadlar 26,75 trln soʻmgacha kamayib, xarajatlar 34,7 trln soʻm darajasida saqlanib qolgan va natijada 7,95 trln soʻm taqchillik yuzaga kelgan.
Iyun esa yana ijobiy natija bilan yakunlandi. Bu oyda daromadlar 42 trln soʻm, xarajatlar 39,2 trln soʻmni tashkil etib, 2,75 trln soʻm profitsit qayd etildi.
Shunday qilib, birinchi yarim yillik yakunidagi ijobiy natija asosan mart va iyun oylaridagi profitsit hisobiga taʼminlandi, bu esa qolgan toʻrt oydagi defitsitni qopladi.
2026 yil uchun davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunga koʻra, yil yakuni uchun davlat byudjeti daromadlari 368,9 trln soʻm, xarajatlari esa 328,7 trln soʻm etib prognoz qilingan.
