platina.uz
Madaniyat

Prezident Islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi

Markaz qisqa vaqt ichida oʻtmish bilan kelajakni, Sharq bilan Gʻarbni, qadim anʼanalar bilan zamonaviy ilmiy yutuqlarni oʻzaro bogʻlaydigan intellektual koʻprikka aylangani taʼkidlandi. 

Prezident Islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi

Prezident Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumi ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi.

Dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etayotgan ushbu anjumanning Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilayotgani chuqur tarixiy va ramziy maʼnoga ega. Bu yirik xalqaro tadbir jahon hamjamiyatining islom sivilizatsiyasiga, uning boy maʼnaviy, ilmiy va madaniy merosiga qiziqish va eʼtibori ortib borayotganidan dalolat beradi.

Bugungi kunda dunyo chuqur va shiddatli oʻzgarishlar davrini boshidan kechirmoqda. Insoniyat fan va texnologiyalar sohasida mislsiz yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda, ayni vaqtda jiddiy sinov va muammolarga ham duch kelmoqda: mojarolar va oʻzaro ishonchsizlik kuchaymoqda, buzgʻunchi mafkuralar, toqatsizlik, ekstremizm, islomofobiya koʻrinishlari keng tarqalmoqda. Madaniyatlar, dinlar va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarshi qoʻyish, turli xalqlarning urf-odat va anʼanalari oʻrtasida ziddiyat keltirib chiqarishga urinishlar avj olmoqda.

Bunday murakkab vaziyatda azaldan bashariyatning tinch-totuv hayoti, hamjihatlik va maʼrifatga intilishi, tadrijiy rivojlanishi uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qilib kelgan ezgu tushunchalar, jumladan, islomiy qadriyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Barchamizga ayonki, bu qadriyatlar asrlar davomida ilmiy taraqqiyot, madaniy yuksalish va maʼnaviy kamolotning qudratli manbai sifatida jahon tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan va umuminsoniy merosning ajralmas qismiga aylangan.

Shu maʼnoda, 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan Oʻzbekiston ilgari surgan “Jaholatga qarshi maʼrifat” degan konseptual gʻoya oddiy, ammo oʻzgarmas bir haqiqatni tasdiqlaydi: bugungi notinch va tahlikali dunyoda faqat ilm-fan, taʼlim va tarbiya, madaniyat va yuksak axloqiy qadriyatlargina yer yuzida tinchlik, oʻzaro tushunish, ijtimoiy hamjihatlik va barqaror rivojlanish uchun ishonchli poydevor boʻla oladi.

"Muqaddas Qurʼoni karimning “Iqro!” yaʼni “Oʻqi!” degan abadiy daʼvati dunyodagi barcha ezgu niyatli kishilarning bugungi va kelajak avlodlar baxt-saodatini koʻzlab amalga oshirayotgan olijanob harakatlari uchun yoʻlchi yulduz vazifasini bajaradi. Oradan necha asrlar oʻtganiga qaramasdan, ushbu ilohiy chorlovning teran maʼno-mazmuni oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.

Aksincha, jadal oʻzgarishlar va texnologiyalar mislsiz surʼatlarda rivojlanayotgan hozirgi davrda bu chaqiriq yanada baralla yangrab, aynan ilm-maʼrifat, maʼnaviy va intellektual taraqqiyot jamiyat ravnaqining hal qiluvchi kuchi ekanini butun bashariyatga eslatib turibdi.

Bu muborak kalom Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy darvozasi peshtoqiga bitilgan boʻlib, uning oliy maqsadini – islom sivilizatsiyasining bebaho merosini asrash va chuqur oʻrganish, shu asosda dunyo xalqlari oʻrtasida doʻstlik va hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashdek ulugʻ missiyasini aniq belgilab beradi. Biz uchun mazkur Markaz xalqimizning tarixiy xotirasi ramzi, buyuk ajdodlarimiz merosiga boʻlgan chuqur ehtirom ifodasi, ayni paytda Yangi Oʻzbekistonning kelajakka qaratilgan shiddatli intilishining yorqin timsolidir", deyiladi murojaatda.

Markaz qisqa vaqt ichida oʻtmish bilan kelajakni, Sharq bilan Gʻarbni, qadim anʼanalar bilan zamonaviy ilmiy yutuqlarni oʻzaro bogʻlaydigan intellektual koʻprikka aylandi.

"Shu bois, biz Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumini turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar, universitetlar va muzeylar, kutubxonalar va tadqiqot institutlarining intellektual salohiyatini birlashtiruvchi global hamkorlikning yangi bosqichi deb baholaymiz va bu borada qoʻshma harakatlar dasturi qabul qilinishiga umid bildiramiz.

Oʻzbekiston xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan qoʻshma loyiha va tashabbuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga doimo tayyor. Buning uchun Islom sivilizatsiyasi markazida fundamental ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, xalqaro forum va konferensiyalar tashkil etish, qoʻshma nashrlar tayyorlash, taʼlim dasturlarini amalga oshirish hamda jahonning yetakchi ilmiy va madaniy markazlari bilan keng koʻlamli gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan", deya taʼkidlanadi murojaatda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid