Deputatlar alifboga oʻzgartirish kiritish boʻyicha loyihani qabul qildi
Qonun loyihasi lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi oʻrniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishini nazarda tutadi.

“Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Qonun loyihasi bilan lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi oʻrniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishi, shuningdek, ayrim harflarning qoʻllanilishiga aniqlik kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan qonun loyihasining amaliyotda samarali va bosqichma-bosqich joriy etilishini taʼminlashga qaratilgan qator takliflar bildirildi.
Xususan, qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlarning amal qilishi saqlab qolinishi, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarining ramziy belgilari, peshlavha va koʻrsatkichlari hamda boshqa atributlardan belgilangan muddatgacha foydalanish tartibi nazarda tutildi.
Mazkur yondashuv davlat organlari va tashkilotlarida amalda foydalanilayotgan hujjatlar, blankalar, peshlavhalar, koʻrsatkichlar va boshqa moddiy vositalarni bir vaqtning oʻzida almashtirish zaruratini bartaraf etadi.
Natijada davlat byudjeti mablagʻlarining asossiz sarflanishining oldi olinadi, qoʻshimcha davlat xarajatlari yuzaga kelishiga yoʻl qoʻyilmaydi hamda alifbodagi oʻzgarishlarni amalga oshirish davlat organlari va tashkilotlari uchun moliyaviy jihatdan maqbul, bosqichma-bosqich tartibda taʼminlanadi.
