Prezidentga kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari boʻyicha axborot berildi
Tabiiy gaz taʼminoti tizimini mavsumga tayyorlash ishlariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, mavsumgacha magistral gaz quvurlarining 53,7 kilometr nuqsonli qismini almashtirish, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregatini mukammal taʼmirlash rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmogʻida navbatdagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi yuzasidan axborot bilan tanishdi.
2026-2027 yillar kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obʼektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, magistral va hududiy gaz tarmoqlarini taʼmirlash, yoqilgʻi zaxiralarini shakllantirish hamda avariya-tiklash brigadalarining shayligini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar qoʻyildi.
Tabiiy gaz taʼminoti tizimini mavsumga tayyorlash ishlariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, mavsumgacha magistral gaz quvurlarining 53,7 kilometr nuqsonli qismini almashtirish, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregatini mukammal taʼmirlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, 881 ta mahalladagi 220 ming xonadonning gaz taʼminotini yaxshilash va texnologik yoʻqotishlarni qisqartirish maqsadida uch bosqichli taqsimlash tizimidan ikki bosqichli tizimga oʻtkazish koʻzda tutilgan. 711,9 kilometr gaz tarmogʻi va 400 ta gaz taqsimlash punkti mukammal taʼmirlanadi hamda rekonstruksiya qilinadi.
Aholi va ijtimoiy soha obʼektlarini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash masalasi ham koʻrib chiqildi. Kuz-qish mavsumida 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish, shu jumladan, borish qiyin boʻlgan 229 ta qishloqdagi 104,7 ming isteʼmolchiga 8,2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazish belgilangan.
Qish davri uchun yoqilgʻi zaxiralarini shakllantirish boʻyicha ham choralar koʻrilmoqda. Jumladan, dekabr-yanvar oylari uchun 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini yaratish rejalashtirilgan. Issiqlik elektr stansiyalariga mavsum davomida 4 million 161 ming tonna koʻmir yetkazib berish prognoz qilinmoqda.
“Oʻzbekneftgaz” tizimidagi korxonalarda texnologik barqarorlikni taʼminlash maqsadida 90 ta texnologik qurilmada taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi. Bu ishlab chiqarish quvvatlarining uzluksiz ishlashi, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berishga xizmat qiladi.
Tayyorgarlik ishlari faqat neft-gaz tizimi bilan cheklanmay, umumiy energetika va kommunal sohalar bilan uzviy bogʻliq holda olib borish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Shu maqsadda respublika va hududiy komissiyalar faoliyatini yoʻlga qoʻyib, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish va doimiy nazorat qilib borish topshirildi.
Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qatʼiy nazorat qilish, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muddatida va sifatli yakunlash, aholi hamda ijtimoiy soha obʼektlariga tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek, boshqa yoqilgʻi resurslarini barqaror yetkazib berish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
