“E-bozor” yagona raqamli bozor platformasi joriy etiladi
Bozorlar hududida va ularga tutash hududlarda joylashgan avtotransportlarni vaqtincha saqlash joylarida toʻlovlarni yagona QR-kod orqali toʻlash imkoniyati yaratiladi.

“E-bozor” yagona raqamli bozor platformasi joriy etiladi.
“Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (358-son, 02.07.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2026 yil 1 oktabrgacha “E-bozor” yagona raqamli bozor platformasi sinov tarzida, 2027 yil 1 martgacha toʻliq amaliyotga joriy etiladi.
Unda quyidagilar nazarda tutiladi:
- bozorlar va savdo komplekslari pasporti, manzili, boʻsh savdo shoxobchalari va savdo oʻrinlari ochiq eʼlon qilib borilishi;
- aholini bozorlar va savdo komplekslari faoliyatiga oid maʼlumotlar bilan tanishtirish, bozor maʼmuriyatiga elektron murojaat yoʻllash va javob olish imkoniyatlari.
“E-bozor” platformasi “Soliq” axborot tizimlari kompleksi tarkibida joriy etiladi.
Har bir bozor va savdo kompleksiga soliq xodimlari biriktiriladi va ularning faoliyati samaradorligi kunlik tahlil qilib boriladi.
Bozorlar hududida va ularga tutash hududlarda joylashgan avtotransportlarni vaqtincha saqlash joylarida toʻlovlarni yagona QR kod orqali toʻlash imkoniyati yaratiladi.
2026 yil 1 avgustdan transportlarni saqlash joylaridan chiqarib yuborish boʻyicha ruxsatnoma faqat maʼmuriy ishni koʻrib chiquvchi organ va ijro organi tomonidan “Jarima maydonchasi” axborot tizimida QR-kod bilan tasdiqlanadi va elektron tarzda yuboriladi.
