platina.uz
Jamiyat

2030 yilga qadar 1,27 million gektarda oʻrmonlar barpo etiladi

Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda yashil qoplamalar tashkil etish, Sirdaryo viloyatining chegaradosh hududlarida 84 kilometrlik “yashil devor” barpo qilish, togʻ va togʻoldi hududlarida “terrasa” usulida daraxt va butalar ekish, degradatsiyaga uchragan yerlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni sinovdan oʻtkazish taklif qilindi. 

2030 yilga qadar 1,27 million gektarda oʻrmonlar barpo etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev choʻllanishga qarshi kurashish va choʻl iqtisodiyotini rivojlantirish, shuningdek, shaharlarda “yashil shahar” tamoyillarini joriy etish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Iqlim oʻzgarishi, suv tanqisligi, yerlarning tanazzulga uchrashi va choʻllanish bugun butun mintaqa uchun dolzarb ekologik muammoga aylanmoqda. Bu esa qishloq xoʻjaligi barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi salomatligi va hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda.

Mamlakatimiz hududining qariyb 80 foizi choʻl va yarim choʻl maydonlaridan iborat. Yerlarning shoʻrlanishi, qum koʻchishi, chang boʻronlari va garmsellar, ayniqsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari, shuningdek, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida jiddiy xavf tugʻdirmoqda.

Orol dengizining qurishi mazkur jarayonni yanada kuchaytirgan. Qurigan tubda Orolqum choʻli shakllanib, havoga koʻtarilayotgan tuz va chang keng hududlarga tarqalmoqda. Shu bois, Orolboʻyida yashil qoplamalar barpo etish, saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklarini ekish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Keyingi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq yangi oʻrmonzorlar tashkil etildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakat boʻylab 1 milliarddan ziyod daraxt va buta koʻchatlari ekildi, koʻkalamzorlashtirish darajasi 2020 yildagi 8 foizdan 2025 yilda 14,3 foizga yetdi. Orolboʻyi, chegaradosh va qurgʻoqchil hududlarda yashil qoplamalar hamda himoya oʻrmonzorlarini yaratish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Taqdimotda 2026-2030 yillarda choʻllanishga qarshi kurashish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Jumladan, 1,27 million gektarda oʻrmon barpo etish va qayta tiklash, choʻl, togʻ va togʻoldi hududlarda 16 ming gektar himoya oʻrmonzorlari yaratish rejalashtirilgan.

Surxondaryo viloyatida 10 ming gektar maydonda yashil qoplamalar tashkil etish, Sirdaryo viloyatining chegaradosh hududlarida 84 kilometrlik “yashil devor” barpo qilish, togʻ va togʻoldi hududlarida “terrasa” usulida daraxt va butalar ekish, degradatsiyaga uchragan yerlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni sinovdan oʻtkazish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari choʻl hududlariga faqat ekologik muammo sifatida emas, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar manbai sifatida qarash zarurligini taʼkidladi. Shu maqsadda “choʻl iqtisodiyoti” yondashuvini rivojlantirish, qoʻriq va shoʻrlangan yerlarda barqaror daromad manbalarini yaratish, choʻl oʻsimliklari urugʻchiligi va koʻchatchiligini yoʻlga qoʻyish, galofit oʻsimliklar yetishtirish, yaylovlar mahsuldorligini oshirish, chorvachilik, ekologik turizm va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada Qoraqalpogʻistonda choʻl oʻsimliklari koʻchatxonalarini tashkil etish, Orolning qurigan tubida ilmiy ekspeditsiyalar oʻtkazish, Bobotogʻ hududida zamonaviy usullar asosida pista plantatsiyalarini rivojlantirish, galofit bogʻlar tarmogʻini kengaytirish taklif etildi. Shuningdek, qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar va urugʻlar boʻyicha mintaqaviy bank yaratish, xalqaro fondlar va xususiy investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Taqdimotda Markaziy Osiyo davlatlari bilan ekologik hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Choʻllanish va yer degradatsiyasi chegara bilmaydigan muammo ekani, shu bois, unga qarshi kurashishda yagona mintaqaviy yondashuv, ilmiy hamkorlik, maʼlumot almashish va texnologiyalar transferi muhimligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan choʻllanishga qarshi kurashish va choʻl iqtisodiyotini rivojlantirish boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini kengaytirish, “Yashil qalqon” mintaqaviy dasturi doirasida amaliy loyihalarni koʻpaytirish, 2040 yilgacha choʻllanishga qarshi kurashish strategiyasini ishlab chiqish tashabbuslari ilgari surildi.

Samarqand shahrining tarixiy-madaniy merosi, Buyuk ipak yoʻlidagi oʻrni, xalqaro turizm markazi sifatidagi salohiyati, strategik geografik joylashuvi hamda mavjud suv va transport infratuzilmasini inobatga olgan holda uni Markaziy Osiyoda ekologik barqaror, iqlimga moslashgan va zamonaviy “yashil shahar” namunasiga aylantirish nazarda tutilmoqda.

Shunga muvofiq, taqdimotda shaharlar ekologik barqarorligini taʼminlash boʻyicha “Green Samarkand” modeli koʻrib chiqildi.

Mazkur model doirasida 2030 yilga qadar Samarqand shahrida aniq ekologik koʻrsatkichlarga erishish belgilangan. Jumladan, atmosferaga chiqarilishi mumkin boʻlgan 51,2 ming tonna zararli tashlamalarning oldini olish, sanoat va energetika obʼektlarida chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish orqali PM2.5 va PM10 zarrachalarini 50 foizga kamaytirish, qurilish obʼektlaridan chiqadigan chang miqdorini 80 foizga, transport vositalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 50 foizga qisqartirish, chiqindi poligonlari hajmini 2 barobar kamaytirish hamda aholi yashash punktlarida yashil hududlar ulushini oʻrtacha 30 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.

Loyihani amalga oshirish uchun Samarqand viloyati hokimligi va Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi ishtirokida “Yashil Samarqand” loyiha ofisi tashkil etiladi. Ushbu ofis shaharsozlik, ekologiya, transport, qurilish, turizm, sanoat va kommunal xizmatlar sohalarida belgilangan tadbirlarni yagona tizimda muvofiqlashtiradi.

Samarqand shahrida maxsus ekologik-shaharsozlik rejimi joriy etilib, yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan obʼektlar uchun “yashil qurilish” talablari majburiy etib belgilanadi. Bunda energiya va suv tejamkor texnologiyalardan foydalanish, chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimlarini joriy etish, resurs samaradorligini oshirish hamda ekologik talablarga javob bermaydigan obʼektlarni foydalanishga qabul qilmaslik amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Transport sohasida Samarqand shahrini ekologik toza harakatlanish modeliga oʻtkazish nazarda tutilgan. Buning uchun 50 ta zamonaviy katta sigʻimli elektrobus xarid qilish, chorrahalarda 150 ta yangi svetofor oʻrnatish, 2030 yilga qadar jamoat transporti va taksi xizmatini toʻliq elektr transportiga oʻtkazish choralari koʻriladi. Shu bilan birga, “Park & Ride” tizimi joriy etilib, piyodalar harakati ustuvor boʻlgan yashil turistik hududlar tashkil qilinadi, shahar markaziga shaxsiy avtotransport kirishi bosqichma-bosqich kamaytiriladi.

Suv va “yashil” infratuzilmani rivojlantirish maqsadida Samarqand shahrida kamida 4 ta, viloyat tumanlari markazlarida esa kamida bittadan sunʼiy koʻl va suv havzalari tashkil etiladi. Samarqand shahrida qoʻshimcha 10 ta yangi favvora qurilib, mavjud favvoralar infratuzilmasi modernizatsiya qilinadi. Shuningdek, umumiy uzunligi 319 kilometr boʻlgan ariqlar tizimi quriladi va tiklanadi.

Shahar atrofida himoyaviy “yashil” infratuzilmani shakllantirish maqsadida “Yangi katta halqa yoʻli” boʻylab uzunligi 102,7 kilometr, umumiy maydoni 3532 gektar boʻlgan “yashil belbogʻ” barpo etiladi. Ushbu belbogʻ chang va issiq havo oqimlarini kamaytirish, atmosfera havosi sifatini yaxshilash, shahar atrofida tabiiy himoya zonasini yaratish hamda iqlimga moslashuv choralarini kuchaytirishga qaratilgan.

Shaharsozlik yoʻnalishida 300 gektar maydonda “Green City Samarkand” hududini tashkil etish koʻzda tutilgan. Ushbu hududda turar joy, ofis, xizmat koʻrsatish, turizm va jamoat infratuzilmasi obʼektlari xalqaro “yashil shahar” standartlari asosida barpo etiladi.

Sanoat obʼektlarining ekologik taʼsirini kamaytirish uchun “yashil sanoat zonasi” hududida eng maqbul texnologiyalar, “Zero Visible Emission” va raqamli ekologik monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Mavjud sanoat zonalari atrofida “yashil belbogʻ”lar tashkil etiladi hamda aholi sogʻligʻiga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan I va II toifaga mansub 8 ta sanoat korxonasini shahar hududidan tashqariga koʻchirish choralari koʻriladi.

Chiqindilarni boshqarish sohasida “Zero Waste Samarkand” tamoyili asosida chiqindilarni saralash, qayta ishlash va poligonlarga yuboriladigan hajmini kamaytirish tizimi joriy etiladi. Noqonuniy chiqindi tashlash holatlarini raqamli xaritalash va foto-videofiksatsiya qilish boʻyicha axborot tizimi ishga tushiriladi.

Iqlim siyosati yoʻnalishida Samarqand shahri uchun 2030 va 2035 yillarga moʻljallangan uglerod chiqindilarini qisqartirish maqsadli koʻrsatkichlari hamda “Carbon Neutral Samarkand” “yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi. Shuningdek, yashil va iqlim loyihalarini moliyalashtirish uchun “Green Samarkand Climate Finance Facility” platformasi, natijalarni ochiq eʼlon qilish va monitoringini yuritish uchun “Green Samarkand Dashboard” raqamli platformasi ishga tushiriladi.

Turizm va bioxilma-xillik yoʻnalishida “Yashil Samarqand” brendi, “Green Hotels Samarkand” reyting tizimi, “Samarkand City Biodiversity Index” metodologiyasi, “Urban Biodiversity Samarkand” pilot loyihasi va “Bioxilma-xillikni asraymiz” koʻngillilar dasturi amalga oshiriladi. Shu orqali Samarqand shahri ekologik turizm, yashil investitsiyalar va barqaror shaharsozlik yechimlari markaziga aylantiriladi.

Umuman, loyiha doirasida Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti” sifatida shakllantirish uchun tashkiliy, moliyaviy va amaliy asoslar yaratiladi.

Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, choʻllanishga qarshi kurashish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, shaharsozlikda ekologik talablarni kuchaytirish va aholi uchun sogʻlom muhit yaratish masalalari yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid