Qozogʻistonning yangi siyosiy voqeligi: islohot va tizim barqarorligi oʻrtasida
Qozogʻiston bugun postsovet hududida kam uchraydigan holatni boshdan kechirmoqda — siyosiy tizim bir vaqtning oʻzida ham oʻzgarmoqda, ham oʻz yadrosini deyarli oʻzgarishsiz saqlab qolmoqda. Bu na inqilob, na oʻtmishdan uzilish, balki yangi qoidalarning mavjud hokimiyat karkasi ichida sekin qayta yozilishiga oʻxshaydi.

Qozogʻiston Parlamenti palatalarining qoʻshma masjilisida mamlakat prezidenti Qosim-Joʻmart Toqayev Qozogʻiston boshqaruvidagi muhim yangiliklarni ochiqladi.
Prezidentning aytishicha, davlat boshqaruvi tizimi keng koʻlamda isloh qilinadi. Toqayevning soʻzlariga koʻra, bu oʻzgarishlar davlat institutlari ish samaradorligini oshirishga qaratilgan boʻlib, mamlakat mustaqilligi va suverenitetini saqlab qolishni ham nazarda tutadi.
Islohotlardan soʻng Qozogʻistonda boshqaruvning yangi modeli shakllanadi. U «kuchli prezident — nufuzli qurultoy — hisobdor hukumat» tamoyilga asoslanadi. Shu bilan birga, prezidentlik boshqaruv shakli saqlanib qoladi, davlat rahbari esa Konstitutsiya, davlat birligi va mustaqilligining kafili sifatida asosiy rolni bajarishda davom etadi. Shuningdek, islohotlar parlament tizimini yanada modernizatsiya qilishni ham nazarda tutadi.
Buzilishga aylanmagan burilish
Qozogʻiston bugun postsovet hududida kam uchraydigan holatni boshdan kechirmoqda — siyosiy tizim bir vaqtning oʻzida ham oʻzgarmoqda, ham oʻz yadrosini deyarli oʻzgarishsiz saqlab qolmoqda. Bu na inqilob, na oʻtmishdan uzilish, balki yangi qoidalarning mavjud hokimiyat karkasi ichida sekin qayta yozilishiga oʻxshaydi.
«Yangi Qozogʻiston» shiori shu maʼnoda dasturdan koʻra koʻproq oʻtish davri belgisi boʻlib xizmat qildi: mamlakat prezidentlik tizimidan voz kechmayapti, ammo uni kamroq shaxsiylashgan, koʻproq institutsional va oldindan bashorat qilinadigan shaklga keltirishga harakat qilmoqda.
Qayd etish joiz, 2022 yil yanvar voqealari tizimni nuqta-oʻzgarishga majbur qilgan siyosiy lahza boʻldi. Bu vaziyatni kadrlar almashinuvi bilan «xaspoʻshlash» mumkin boʻlmagan inqiroz edi. Aynan shu voqealardan keyin asosiy jarayon - prezidentlik vertikali ichida hokimiyatning sekin-asta qayta taqsimlanishi boshlandi.
Avvalo «Elboshi» konstitutsiyaviy maqomi bekor qilindi — u uzoq yillar mobaynida formal chekinish bilan birga amaldagi taʼsirni saqlab turgan model ramzi edi. Davlat kadrlar siyosati oʻzgardi, kuch ishlatish tizimi yangilandi, qaror qabul qilish markazlari qayta shakllantirildi. Biroq muhim jihat shundaki, tizim buzilmadi. U oʻzini saqlab qolish uchun, yangi ichki va tashqi geosiyosiy voqelikka mos ravishda qayta qurildi.
Konstitutsiya — davlatni qayta dasturlash urinishi
2022 yilgi referendum siyosiy oʻzgarishlarga huquqiy shakl berdi. Bu jarayonni oddiy tuzatishlar emas, balki davlat ishlash prinsipini oʻzgartirishga urinish sifatida baholash mumkin.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy sudning qayta tiklanishi, fuqarolarning unga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish imkoniyati, parlament rolining kengayishi, prezidentning partiya tizimida ishtirok etishining cheklanishi — bularning barchasi institutsionallashuv yoʻlidagi qadamlar sifatida koʻrildi. Ayniqsa, prezidentning partiya aʼzosi boʻlishini taqiqlash - muhim siyosiy ishora boʻldi. Davlat rahbari institutiga partiyaviy siyosatdan ustun turuvchi hakam sifatida qarash kuchaytirildi.
Keyinchalik yanada muhim qadam qoʻyildi — qayta saylanish huquqisiz yetti yillik yagona prezidentlik muddati joriy etildi. Bu nazariy jihatdan hokimiyatni uzoq muddatga bir shaxs qoʻlida jamlanishi ehtimolini kamaytirishga xizmat qiladi.
«Kuchli prezident» — tizim muvozanati nuqtasi
Barcha islohotlarga qaramasdan, Qozogʻiston siyosiy tizimining asosiy tamoyili - kuchli prezidentlik hokimiyatini saqlab qoldi.
Qosimjoʻmart Toqayev taklif qilgan «Kuchli prezident — nufuzli qurultoy — hisobdor hukumat» formulasi yangi muvozanatni tasvirlashga urinish hisoblanadi. Biroq markaziy ogʻirlik baribir prezident qoʻlida qolmoqda. Prezident strategik yoʻnalishni belgilaydi, asosiy tayinlovlarga taʼsir qiladi, kuch ishlatish tizimini nazorat qiladi va davlat barqarorligining kafolati hisoblanadi. Farqi shundaki, hokimiyat atrofida endi koʻproq institutsional konturlar paydo boʻldi.
Sodda qilib tushuntirganda, prezident hali ham mamlakatdagi eng asosiy shaxs boʻlib qolmoqda. U davlatning umumiy rivojlanish yoʻnalishini belgilaydi, asosiy amaldorlarni tayinlaydi, kuch ishlatish tizimini (armiya, politsiya, maxsus xizmatlar) nazorat qiladi va davlat barqarorligi uchun javob beradi.
Biroq farq shundaki, avval qarorlar koʻproq bitta markaz va bitta shaxs atrofida jamlangan boʻlsa, endilikda prezident atrofida koʻproq «qoidalar va institutlar» paydo boʻldi va ular ham boshqaruv jarayonida ishtirok etmoqda.
Yaʼni qarorlar hali ham koʻp jihatdan prezidentga bogʻliq, lekin ular endi parlament, hukumat va boshqa yangi organlar hamda rasmiy tartib-taomillar orqali qabul qilinadi. Bu tizimni shaxsiy emas, balki koʻproq qoidalar asosida ishlaydigan, yaʼni «institutsional» shaklga soladi.
Siyosat: keskin qadamlarsiz kengayish
Qozogʻistonda endi siyosiy ishtirok shaklan kengayadi: partiyalarni roʻyxatdan oʻtkazish osonlashdi, saylov toʻsigʻi pasaytirildi, bir mandatli okruglar qaytarildi, mustaqil nomzodlarga yoʻl ochildi. 2023 yil saylovlaridan keyin parlamentda olti partiya va mustaqil deputatlar paydo boʻldi.
Biroq bu raqobat keskin siyosiy kurash degani emas. Bu koʻproq tizim ichiga kirish kanallarining kengayishi, yaʼni elitalarni integratsiya qilish mexanizmlarining mukammallashuvi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Iqtisodiyot: oʻsish va qaramlik oʻrtasidagi muvozanat qayerda?
Nazarboyev davri iqtisodiyoti neft va gazga, shuningdek, xorijiy investitsiya va qarzlarga tayangan resurs modeliga asoslangan edi. Bu tez oʻsish koʻrsatkichlarini berdi, lekin kuchli tashqi qaramlikni ham shakllantirdi.
Toqayev davrida esa diversifikatsiyalashga urinish kuchaymoqda. Qayta ishlash sanoati, raqamlashtirish, logistika, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash borasida muqobil variantlarga ham imkon berilmoqda.
Raqamlarga murojaat qilsak, 2019–2024 yillar oraligʻida Qozogʻistonda YaIM sezilarli darajada oshdi: taxminan 180 milliard dollardan 288 milliard dollargacha koʻtarildi. Aholi jon boshiga daromad ham oʻsdi. Biroq iqtisodiyotning asosiy tuzilishi hali ham resurslarga bogʻliq. Iqtisodiyotda davlat sektorining roli hamon kattaligicha qolmoqda.
Tashqi siyosat: muvozanat sanʼati
Qozogʻiston tashqi siyosati uzoq vaqtdan beri koʻpvektorli yondashuvga tayanadi. Ammo 2022 yildan keyin bu yondashuv yanada murakkablashdi.
Yangi voqelikka koʻra, Rossiya — xavfsizlik va mintaqaviy hamkorlikda hamon muhim hamkor. Xitoy — investitsiya va infratuzilma manbai. Yevropa Ittifoqi va AQSh — texnologiya va iqtisodiy hamkorlardir. Markaziy Osiyo — mintaqaviy integratsiya maydoni hisoblanadi. Transkaspiy yoʻli esa global logistikada yangi strategik yoʻnalishga aylanmoqda.
Nimalar oʻzgardi?
Qisqa qilib aytilsa, Qozogʻitsonda tizimning oʻzi emas, uning ishlash mexanizmi oʻzgardi. Yaʼni, shaxsiylashgan hokimiyatning rolini kamaytirish urinish, institutsional qoidalarning kuchayishi, siyosiy ishtirok kanallarining kengayishi, iqtisodiy siyosatda diversifikatsiyaga intilish kuzatilmoqda..
Biroq asosiy elementlar - kuchli prezidentlik markazi, cheklangan siyosiy raqobat hamda davlatning iqtisodiyotdagi roli saqlanib qolmoqda.
Boshqa davlatlar qanday saboq chiqarishi mumkin?
Qozogʻiston tajribasi mintaqada koʻpincha yetarlicha baholanmaydigan muhim bir haqiqatni koʻrsatadi: siyosiy barqarorlik har doim ham keskin uzilishlar yoki tizimni buzib tashlash orqali emas, balki mavjud hokimiyat arxitekturasi ichida qoidalarni asta-sekin qayta qurish orqali ham taʼminlanishi mumkin. Bu institutsionallashuv, vakolatlarni qayta taqsimlash va oldindan bashorat qilinadigan tartib-qoidalarni shakllantirish orqali amalga oshadi.
Bu yerda asosiy jihat - «Qozogʻiston yoʻli»ni aynan model sifatida koʻchirish emas, balki bir nechta amaliy xulosalarni anglash foydali boʻlishi mumkin.
Birinchidan — islohotlar faqat siyosiy bayonot emas, balki barqaror institutlarga aylangandagina samara beradi.
Ikkinchidan — siyosiy ishtirok va raqobatni kengaytirishning ahamiyati uning oʻzida emas, balki tizimga tushadigan bosimni kamaytirish va uning moslashuvchanligini oshirishda namoyon boʻladi.
Uchinchidan — asosiy muvozanat doimo davlatni modernizatsiya qilish va uni boshqaruvchan holda saqlab qolish oʻrtasida boʻladi: juda tez oʻzgarishlar barqarorlikni izdan chiqarishi mumkin, juda sekin oʻzgarishlar esa ichki toʻplanib borayotgan zoʻriqishlarni kuchaytirishi ehtimol.
Shu maʼnoda, asosiy saboq - koʻchirishda emas, balki noyob moslashuvda: institutlar va jamoat ishtirokini qanday qilib kengaytirish, bir vaqtning oʻzida davlat boshqaruv qobiliyatini yoʻqotmaslik. Qozogʻiston tajribasi shu muvozanatning mumkinligini koʻrsatadi, lekin u har doim tayyor formula emas, balki uzluksiz jarayon ekanini ham eslatadi.
Xulosa
Taʼkidlash kerak, «Yangi Qozogʻiston» — bu tayyor model emas, balki jarayondir. Uni bir davlatning ichida sodir boʻlayotgan sekin, ammo chuqur siljish deb atash mumkin. Bunda tashqi shakllar oʻzgarishi va qonunlar qayta yozilishi hamda institutlar yangilanishi mumkin — ammo haqiqiy siyosiy maʼno har doim hokimiyatning qanday taqsimlanganida namoyon boʻladi.
Qozogʻiston tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, siyosiy boshqaruv tizimlari odatda bir kunda oʻzgarmaydi — ular oʻzini saqlab qolish uchun asta-sekin oʻzgarishni oʻrganadi. Va aynan shu paradoks ichida zamonaviy davlatning eng murakkab haqiqati yashiringan: hamma narsa oʻzgarayotgandek koʻrinsada, asosiy quvvat markazi oʻz joyida qolaveradi.
Abulfayz Sayidasqarov
