Amudaryo orqali dronda narkotik modda olib oʻtishga urinish aniqlandi
Afgʻonistonlik nomaʼlum shaxslar daryo orqali giyohvandlik vositalarini dron yordamida Oʻzbekistonga oʻtkazmoqchi boʻlgan.

Amudaryo orqali dronda narkotik modda olib oʻtishga urinish bartaraf etildi
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va Chegara qoʻshinlari hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda narkotik moddalar kontrabandasiga chek qoʻyildi.
Aniqlanishicha, afgʻonistonlik nomaʼlum shaxslar Amudaryo orqali giyohvandlik vositalarini dron qurilmasi yordamida Oʻzbekiston hududiga oʻtkazishga urinishgan.
Koʻrilgan choralar natijasida ushbu noqonuniy harakat oʻz vaqtida fosh etilib, uchuvchisiz uchish apparatiga mahkamlangan 2 kg 32 gr “opiy” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
