Suv havzalari ochiq auksionga chiqariladi, baliqchilik xoʻjaliklari davlat tomonidan tizimli ragʻbatlantiriladi — Prezident Farmoni
Baliqchilik sohasida boshqaruv, suv resurslaridan foydalanish va davlat qoʻllab-quvvatlash tizimi tubdan yangilanmoqda. Yangi mexanizmlar tarmoqqa investitsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarishni oshirish va ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlashga qaratilgan.

Oʻzbekistonda aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabi ortib borayotgan bir sharoitda, baliqchilik tarmogʻining samaradorligini oshirish va suv resurslaridan oqilona foydalangan holda ichki bozorni toʻldirish eng muhim vazifalardan biriga aylandi.
Ana shu strategik maqsad yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmogʻini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF—122-son Farmoni qabul qilindi. Farmon tarmoqda yagona davlat boshqaruvi tizimini yaratish, suv obʼektlaridan samarali foydalanish va tadbirkorlarni davlat tomonidan tizimli qoʻllab-quvvatlashni koʻzda tutadi.
Farmon bilan tasdiqlangan eng muhim chora-tadbirlar va yangiliklar:
- 2026–2027 yillar sohada ustuvor davr deb belgilanib, baliq yetishtirish hajmini 500 ming tonnaga, sovuq suv baliqchiligini esa 20 ming tonnaga yetkazish maqsad qilingan;
- 2027 yil 1 yanvardan boshlab suv omborlari, kollektor-drenaj tarmoqlari va tabiiy suv havzalari baliqchilik xoʻjaliklarini tashkil etish uchun faqat ochiq elektron onlayn auksionlar orqali shaffof ijaraga beriladi;
- Suv xoʻjaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Baliqchilikni rivojlantirish markazi hamda uning Jamgʻarmasi tashkil etilmoqda;
- gektaridan 10 tonnadan yuqori hosil olgan tadbirkorlarga quyosh panellari xarajatining 25 foizi, muqobil energiyali aeratorlar xaridining esa 50 foizi subsidiya sifatida qoplab beriladi;
- 1 dona naslli ona baliqni import qilish xarajatining 50 foizigacha (5 mln soʻmgacha) hamda yopiq suv aylanma tizimi (UZV) texnologiyasi umumiy xarajatining 10 foizi (5 mlrd soʻmgacha) miqdorida kompensatsiya ajratiladi;
- yillik quvvati 20 ming tonnadan kam boʻlmagan yangi omuxta yem loyihalari doirasida uskunalarni sotib olish xarajatlarining 20 foizi (2 mlrd soʻmgacha) davlat tomonidan qoplanadi;
- xorijdan jalb qilingan malakali ixtiolog va baliq kasalliklari mutaxassislari ish haqi xarajatlarining 50 foizi (oyiga 1 000 AQSh dollari ekvivalentigacha) davlat byudjetidan toʻlab beriladi;
- Toshkent davlat agrar universiteti va Xitoyning Daliyan universiteti hamkorligida qoʻshma fakultet tashkil etiladi hamda Ohangaron daryosi boʻyida ilmiy-tadqiqotlar uchun 10 gektar yer maydoni ajratiladi;
- hududlarda baliq kasalliklarini tezkor aniqlovchi zamonaviy mobil laboratoriyalar tashkil etilib, har yili noyabr oyida “Milliy baliqchilik koʻrgazma-yarmarkasi” oʻtkaziladi.
