Shavkat Mirziyoyev Sergelidagi zamonaviy tibbiyot markazi va Oʻzgarish mahallasiga bordi
Prezident yoʻl-yoʻlakay Sergeli tumanidan oʻtuvchi yer usti metro yoʻnalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlari faoliyati bilan ham tanishdi. Tuman hokimligidagi vaziyatlar markazini poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida joylashgan “Global International Hospital” xususiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan. Shu maqsadda sohaga investitsiyalar jalb etilib, tibbiyotda xususiy sektor faoliyati ham qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Mazkur zamonaviy tibbiyot markazi bugungi kunda aholiga talab yuqori boʻlgan koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega.
Markazni barpo etish uchun 30 million dollar investitsiya yoʻnaltirilgan. Bu yerda yiliga 150 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Umumiy maydoni 0,5 gektar boʻlgan muassasada yillik xizmatlar hajmini 15 milliard soʻmga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbariga markaz faoliyati toʻgʻrisida taqdimot qilindi. Prezidentimiz jarrohlik, reanimatsiya va davolash boʻlimlari, situatsion markazda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Loyiha doirasida 250 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Jamoada xorijda malaka oshirgan 10 nafardan ziyod yuqori malakali mutaxassis va chet ellik shifokorlar ham bor.
Markaz Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan. Xususan, muassasaga PHILIPS kompaniyasining ilgʻor tibbiy texnologiyalari oʻrnatilgan.
Davlatimiz rahbari markazni ayrim yoʻnalishlar boʻyicha tayanch tibbiyot muassasasiga aylantirish muhimligini taʼkidladi. Bu yerda toʻplanadigan ilgʻor tajriba asosida shifokorlar malakasini oshirish va zamonaviy tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi.
Prezidentimiz markaz xodimlari bilan muloqot qildi. Sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash, xususiy tibbiyot tashkilotlari sonini koʻpaytirish hamda aholiga sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat koʻrsatish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
– Har bir bemorga sifatli va munosib xizmat koʻrsatish bilan birga, tibbiy va turizm xizmatlarini uygʻunlashtirish zarur. Bu yoʻnalishni keng targʻib qilish, xorij tajribasini oʻrganib, shifoxonalar huzurida mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Sergeli tumanidagi Oʻzgarish mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari hamda yer usti metro yoʻnalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlari faoliyati bilan tanishdi.
Inson qadrini ulugʻlash va aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan izchil islohotlar bugun mahallalar qiyofasida, odamlarning kundalik hayotida yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Oʻzgarish mahallasi bu boradagi yangilanishlarning yorqin namunasidir. Ushbu hududda 45 ta koʻp qavatli uy, 1 ming 620 ta xonadon mavjud. Ularda 6 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Mahallada yillar davomida toʻplanib qolgan muammolar bosqichma-bosqich hal etilib, zamonaviy infratuzilma va qulay ijtimoiy muhit yaratildi. Xususan, 10 ta bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni, 2 ta salomatlik hududi barpo etildi.
Davlatimiz rahbari mahallada tashkil etilgan zamonaviy kogeneratsiya markazi faoliyati bilan ham tanishdi.
Qayd etilganidek, ushbu markaz kuz-qish mavsumida mahallaning issiqlik va elektr energiyasi taʼminoti barqarorligiga xizmat qiladi. Kogeneratsiya texnologiyasi orqali tabiiy gazdan avval elektr energiyasi olinadi, soʻng ajralgan issiqlik suv va xonadonlarni isitishga yoʻnaltiriladi. Bu energiya samaradorligini oshirib, isrofgarchilikni kamaytiradi.
Loyihaning umumiy qiymati 5,8 million dollarni tashkil etadi. Bu yerga Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy gaz-porshenli qurilmalar va qozonlar oʻrnatilgan. Markaz yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 80 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega.
Loyiha doirasida 2 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr liniyasi qurilib, umumiy tarmoqqa ulandi. Natijada tuman markaziy elektr tarmogʻidagi yuklama 3 foizga kamaydi. Markaz ishga tushishi bilan 10 ta doimiy ish oʻrni yaratildi.
Shu bilan birga, mahallaning umumiy infratuzilmasi ham tubdan yangilandi. 1,4 kilometr piyodalar yoʻlaklari barpo etildi, 12 ta koʻp qavatli uyning fasad qismi taʼmirlandi, ichki yoʻllarga asfalt yotqizildi. Hududni koʻkalamzorlashtirish maqsadida 2 ming 720 tup manzarali daraxt va buta koʻchatlari ekildi.
Prezidentimiz “mahalla yettiligi” va hudud faollari bilan samimiy suhbatlashdi. Bu yerdagi oʻzgarishlar aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, mahallani obod va xavfsiz maskanga aylantirishga qaratilgan ishlar natijasi ekani taʼkidlandi.
– Keng koʻlamli bunyodkorlik ishlarimiz aynan mana shu Sergeli tumanidan boshlangan edi. Oʻz vaqtida bu hududga zamonaviy metro liniyasini olib kelish tashabbusini ilgari surganimizda, ushbu yirik loyihaning istiqboliga shubha bilan qaraganlar ham boʻlgani sir emas.
Biroq bugun mana shunday koʻrkam va obod maskanlarni, eng muhimi, siz kabi aziz yurtdoshlarimizning mamnun chehralarini koʻrib, tanlagan yoʻlimiz qanchalik toʻgʻri boʻlganiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz. Bugungi tashrifimizdan maqsad ham sizlar bilan bevosita muloqot qilish, taklif va tashabbuslaringizni tinglashdir, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari yoʻl-yoʻlakay Sergeli tumanidan oʻtuvchi yer usti metro yoʻnalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlari faoliyati bilan ham tanishdi.

Zamonaviy shaharsozlikda mavjud infratuzilmadan oqilona foydalanish, boʻsh maydonlarni aholi uchun qulay, iqtisodiyot uchun samarali maskanlarga aylantirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda yer usti metro yoʻli ostidagi 5,7 gektar maydon tubdan yangilandi.
Bu yerda 137 ta tadbirkorlik subʼekti tashkil etilib, 250 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Metro ostida 4 kilometr piyodalar va velosiped yoʻlagi, 2 ta bolalar maydonchasi va sport zonalari tashkil qilindi. Aholi hordiq chiqarishi uchun 100 ta oʻrindiq va 40 ta zamonaviy manzarali chiroq oʻrnatildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumani hokimligiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbariga dastlab hokimlik binosida tuman idoralarining “yagona darcha” tamoyili asosida tashkil etilgan faoliyati haqida maʼlumot berildi. Tuman hokimligi binosida hokimlikdan tashqari yana 5 ta tashkilot faoliyat yuritib, ular tomonidan aholi va tadbirkorlarga 30 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda.

Xususan, Ichki ishlar vazirligiga onlayn murojaat qilish qurilmasi aholi uchun ancha yengilliklar yaratadi. Ushbu tizimdan murojaat yoʻllanganda navbatchi inspektor videoaloqa orqali murojaat qiluvchi bilan bogʻlanadi. Murojaat avtomatik roʻyxatga olinadi. Murojaatchi ish natijasi, inspektor muomalasi, harakati haqida oʻzining bahosini qoʻyadi.
Davlatimiz rahbari bunday “aqlli” qurilmalarni aholi gavjum joylar, bozor va boshqa obʼektlarga koʻproq oʻrnatish boʻyicha topshiriq berdi.
Hokimlikda vaziyatlar markazi tashkil etilgan. Sunʼiy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish boʻyicha “Aqlli tuman” platformasi ishga tushirilgan. Vaziyatlar markazida 17 ta axborot tizimi oʻzaro bogʻlangani aholi bilan ishlashni yangi bosqichga olib chiqadi.
Bu yerda ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlarining ijrosi nazoratga olinadi, favqulodda holatlarda tegishli xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.
Vaziyatlar markazini ishga tushirish doirasida tumanning 46 mahallasi bilan videokonferensaloqa yoʻlga qoʻyilgan va markaz bilan integratsiya qilingan. Shuningdek, tumandagi 25 maktab vaziyatlar markaziga integratsiya qilinmoqda.
Platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi huquqbuzarliklarni monitoring qilish va jamoat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Tadbirkorlik subʼektlarining raqamli xaritasi sunʼiy intellekt tahlili asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yigʻiluvchanligini taʼminlashga qaratilgan. “AI Davomat” tizimi esa maktablarda sababsiz dars qoldirish holatlarini bartaraf etish, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi. Shu yerning oʻzida Toshkent shahrida taʼlim tizimi, qurilish sohasini raqamlashtirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliqlarning yigʻiluvchanligini oshirish, jamoat xavfsizligi taʼminlash boʻyicha mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.
