Sergeli tumanida jami 236 mingga yaqin kishi yashayotgani maʼlum boʻldi
Sergeli va Yangihayot tumanlarining aholisini qiynab kelayotgan yana bir masala – suv tozalash inshooti atrofidagi badboʻy hiddir. Mutasaddilarga 1 sentabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalarini oʻrnatib, bu muammoni bartaraf etish topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Aholini xatlovdan oʻtkazish boʻyicha dastlabki natijalar Sergeli tumanida real vaziyatni aniq koʻrsatdi. Ilgari tuman aholisi 181 ming nafar deb yuritilgan boʻlsa, xatlov natijasiga koʻra, hududda aslida 236 mingga yaqin aholi yashayotgani maʼlum boʻldi.
Yaqin yillarda Sergeli aholisi 300 ming nafardan ortishi kutilmoqda. Shu bois, rahbarlarda uy-joy, bogʻcha, maktab, poliklinika va ish oʻrinlarini aholi oʻsishiga mos ravishda koʻpaytirish boʻyicha hozirdan aniq reja va dastur boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.
Bu yil Sergelini rivojlantirish uchun budjetdan 173 milliard soʻm, banklar orqali 2 trillion 200 milliard soʻm resurs ajratilgan. Tuman hokimi va mutasaddilarga ushbu mablagʻlarni samarali ishlatib, qoʻshilgan qiymatni 2-3 karra oshirish boʻyicha rejalarni amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.
Joriy yil tuman hokimlari jami 9 milliard dollarlik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishi belgilangan. Sergelining oʻziga oʻtgan besh oyda 236 million dollar investitsiya kiritildi. Yil yakunigacha 60 ta loyihani boshlash hisobidan yana 750 million dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
Poytaxt sharoitida sanoat loyihalarini joylashtirishda yer masalasi eng katta muammo ekani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, “Yangi avlod” sanoat zonasidan poytaxtning 12 ta tumaniga joy ajratish va investitsiya, sanoat, ish oʻrni, eksport hamda budjet tushumi koʻrsatkichlarini loyiha qilgan tumanning oʻziga yoziladigan tizimni joriy etish topshirildi.
Sergeli va Yangihayot tumanlarining aholisini qiynab kelayotgan yana bir masala – suv tozalash inshooti atrofidagi badboʻy hiddir. Mutasaddilarga 1 sentabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalarini oʻrnatib, bu muammoni bartaraf etish topshirildi.
Kelasi yildan Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan Quyi Chirchiq tumanida quvvati 300 ming kub metr boʻlgan zamonaviy suv tozalash inshooti qurilishi boshlanadi. Buning hisobidan Sergelidagi suv tozalash inshootiga yuklama keskin kamayadi.
Joriy yil aholiga qulaylik yaratish maqsadida Sergelining asosiy 23 kilometr yoʻlida harakat xavfsizligi qayta koʻrib chiqilmoqda. Chorrahalarga 455 ta “aqlli” svetofor oʻrnatiladi, 150 ta avtobus bekati yangilanadi, 10 ming oʻrinli avtoturargoh tashkil etiladi.
Kelasi yil Yangi Sergeli koʻchasida avtobus uchun 5,5 kilometrlik BRT yoʻlak qurish rejalashtirilgan. Bu yoʻlak Shota Rustaveli koʻchasi bilan bogʻlanadi.
Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlarini poytaxtning boshqa hududlari bilan bogʻlaydigan Toshkent halqa yoʻlidagi yangi koʻprik qurilishini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.
