platina.uz
Jamiyat

Prezident Yangi Sergeli koʻchasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi

Yangi Sergeli koʻchasida 24/7 rejimida ishlaydigan turizm, savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlari tashkil etilgan. Loyihaning umumiy qiymati 18,7 milliard soʻmni tashkil etadi. Koʻchaning 2,1 kilometr qismining infratuzilmasi toʻliq yaxshilanib, savdo, umumiy ovqatlanish va koʻngilochar xizmatlarni oʻz ichiga oladi. 

Prezident Yangi Sergeli koʻchasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni Sergeli tumanining Ittifoq mahallasidagi Yangi Sergeli koʻchasida amalga oshirilgan ishlar hamda savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlari faoliyati bilan tanishdi.

Turizm va xizmat koʻrsatish sohasi kam xarajat bilan koʻp ish oʻrni yaratish, aholi daromadini oshirish va hududlar qiyofasini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega. Toshkent shahrida bu borada katta imkoniyatlar bor.

Yangi Sergeli koʻchasida tashkil etilgan 24/7 rejimida ishlaydigan turizm, savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlari aholiga qulay sharoit yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlari ochishga xizmat qilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 18,7 milliard soʻmni tashkil etadi. Koʻchaning 2,1 kilometr qismining infratuzilmasi toʻliq yaxshilanib, savdo, umumiy ovqatlanish va koʻngilochar xizmatlarni oʻz ichiga olgan kunu tun faoliyat yuritadigan hududga aylantirildi.

Aholi dam olishi va sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 10 dan ortiq bolalar maydonchasi, 8 ta vorkaut zonasi, kitob doʻkoni hamda nuroniylar maskani tashkil etildi.

Hudud atrofidagi 4 ta mahallada 21 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Yangi Sergeli koʻchasidan kuniga oʻrtacha 15-20 mingta avtotransport vositasi harakatlanadi. Loyiha toʻliq ishga tushgach, yiliga 1,2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.

Loyiha doirasida 250 dan ortiq yangi ish oʻrni ochildi. 95 ta mavjud tadbirkorlik subʼektining faoliyati kengaytirilib, 22 ta yangi tadbirkorlik subʼekti tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari mahalla boʻylab yurib, milliy meʼmoriy uslubda taʼmirlangan xonadonlar, obodonlashtirilgan koʻchalar va aholi uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Mahalla faollari va fuqarolar bilan samimiy muloqot qildi.

Prezidentimiz amalga oshirilayotgan ishlar aholi turmush darajasi va farovonligiga qanday taʼsir koʻrsatayotgani bilan qiziqdi. Mahalla faollari bu oʻzgarishlar aholi kayfiyatiga, turmush tarzi va daromadiga ijobiy taʼsir koʻrsatayotganini, hududning qiyofasi ham, odamlarning ertangi kunga ishonchi ham oʻzgarayotganini taʼkidladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid