platina.uz
Jahon

Nega Eron Oliy rahbarining janozasi toʻrt oyga kechikdi?

Dafnni kechiktirishga faqat obʼektiv sabablar mavjud boʻlgan taqdirdagina ruxsat beriladi. Biroq toʻrt oylik kechiktirish islom tarixi uchun juda noodatiy holat hisoblanadi va diniy meʼyor sifatida qaralmaydi.

Nega Eron Oliy rahbarining janozasi toʻrt oyga kechikdi?

Eron Islom Respublikasining Oliy rahbari Ali Xominaiyning vafoti munosabati bilan 4-9 iyul kunlari dafn marosimi boʻlib oʻtadi. Eronning sobiq diniy rahnamosi joriy yilning 28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga bergan ilk zarbalari oqibatida vafot etgan edi.

Toʻrt oydan soʻng eʼlon qilingan motam marosimlari nafaqat musulmonlar, balki siyosatshunoslar va xalqaro tahlilchilar oʻrtasida ham koʻplab savollarni keltirib chiqarishi tabiiy. Eng asosiy savol shundan iborat: agar islomda marhumni imkon qadar tezroq yerga qoʻyish buyurilgan boʻlsa, nima uchun Xominaiyning rasmiy dafn marosimi uning vafotidan toʻrt oy oʻtgach oʻtkazilmoqda?

Bu diniy istisnomi, majburiy chorami yoki keng koʻlamli siyosiy kampaniyami?

Islom nimani buyuradi?

Islomning barcha asosiy mazhablarida deyarli bir ovozdan qabul qilingan qoida mavjud: musulmon kishi vafot etganidan keyin uni imkon qadar tezroq dafn etish lozim.

Musulmon inson vafot etgach, quyidagi amallar bajariladi:

• marhumni gʻusl qilish;

• kafanlash;

• janoza namozini oʻqish;

• dafn qilish.

Odatda ushbu amallar bir necha soat ichida, koʻpi bilan bir kun davomida bajariladi. Dafnni kechiktirishga faqat obʼektiv sabablar mavjud boʻlgan taqdirdagina ruxsat beriladi. Masalan, yaqin qarindoshlarni kutish, sud-tibbiy ekspertiza oʻtkazish, tabiiy ofatlar yoki xavfsiz tarzda dafn qilish imkoni boʻlmagan holatlar shular jumlasidandir. Biroq toʻrt oylik kechiktirish islom tarixi uchun juda noodatiy holat hisoblanadi va diniy meʼyor sifatida qaralmaydi.

Lekin Erondagi tuzum shia taʼlimotiga asoslangan boʻlib, ularda sunniylikda yoʻq koʻplab odatlar mavjud. Mutʼa (vaqtinchalik) nikoh, “shaxsiy-vaxsey” marosimlarida oʻzini-oʻzi azoblash, oyatullo instituti va boshqa jihatlar shular jumlasidandir.

Nega dafn marosimi kechiktirildi?

Eron rasmiylarining maʼlum qilishicha, kechiktirishning asosiy sababi millionlab fuqarolar hamda koʻplab xorijiy delegatsiyalarni qabul qilish uchun zarur sharoitlarni tayyorlash bilan bogʻliq.

Tehron Islom targʻibotini muvofiqlashtirish kengashi rahbari Mahmudiyning soʻzlariga koʻra, mamlakatning turli hududlaridan kelgan koʻp sonli murojaatlar tufayli marosim boshqa sanaga koʻchirilgan. Uning taʼkidlashicha, bunday ulkan tadbirni oʻtkazish uchun transport, xavfsizlik, tibbiy xizmat va boshqa infratuzilma masalalarini puxta tayyorlash talab etilgan. Biroq koʻplab siyosiy kuzatuvchilar bunday uzoq muddatli kechiktirishni faqat tashkiliy omillar bilan izohlash yetarli emasligini taʼkidlaydilar.

Siyosiy ramziylik

Oliy rahbarning vafoti Eronning zamonaviy tarixidagi eng muhim voqealardan biriga aylandi. Yangi siyosiy rahbariyat uchun davlatning birdamligi, xalqning ommaviy qoʻllab-quvvatlashi, Oyatullo rejimining barqarorligi, mamlakatning xalqaro maydondagi legitimligi kabi jihatlarni namoyon etish juda muhim boʻlishi mumkin. Shu bois motam tadbirlari bir kunlik dafn marosimi emas, balki bir necha oy davom etgan umummilliy siyosiy kampaniyaga aylantirildi.

Aslida, Xominaiyning vafoti Oyatullo hukumati tomonidan nafaqat diniy voqea, balki hokimiyat vorisligini va davlat tizimining barqarorligini namoyon qiluvchi muhim siyosiy ramz sifatida ham qoʻllanilmoqda.

Nega marosim bir nechta shaharda oʻtkazilmoqda?

Oddiy islomiy dafn marosimidan farqli oʻlaroq, Xominaiy bilan xayrlashuv tadbirlari bir vaqtning oʻzida bir nechta muqaddas shaharlarda tashkil etilmoqda.

Tehron (4–6 iyul)

Rasmiy xayrlashuv marosimlari poytaxtdagi «Musalla» majmuasida boshlanadi.

Bu yerda tobut bilan xayrlashish tashkil etiladi, davlat rahbarlarining nutqlari yangraydi, rasmiy marosimlar oʻtkaziladi, jamoaviy janoza namozi oʻqiladi, millionlab insonlar ishtirokida motam yurishi tashkil qilinadi.

Qum

Tehrondagi marosimlardan soʻng xayrlashuv tadbirlari Qum shahrida davom etadi. Qum shialarning eng yirik diniy va ilmiy markazlaridan biri hisoblanadi.

Bu yerda eng nufuzli diniy taʼlim muassasalari — havzalar faoliyat yuritadi. Shu bois Xominaiy tobutining Qumga olib kelinishi siyosiy hokimiyat bilan shialik ulamolari oʻrtasidagi maʼnaviy va mafkuraviy bogʻliqlikni ifodalovchi muhim ramz sifatida talqin qilinmoqda.

Mashhad

Yakuniy dafn marosimi 9 iyul kuni Mashhad shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Mashhad shialar uchun eng muqaddas shaharlardan biri boʻlib, bu yerda goʻyoki sakkizinchi shia imomi — Imom Rizo maqbarasi joylashgan. Xominaiyning aynan shu shaharda dafn etilishi uning Eron Islom Respublikasi mafkurasidagi alohida oʻrni va maqomini yanada taʼkidlashga qaratilgan ramziy ahamiyatga ega.

Iroq

Xotira va motam tadbirlarining bir qismi Iroqning Najaf va Karbalo shaharlarida ham oʻtkaziladi. Chunki bu ikki shahar butun shialar olami uchun muqaddas maskanlar hisoblanadi. Shu tariqa xayrlashuv marosimi nafaqat Eronning milliy tadbiri, balki butun shialar dunyosi uchun muhim siyosiy voqeaga aylantirilmoqda.

Marosimda kimlar ishtirok etadi?

Eron rasmiylarining maʼlum qilishicha, motam marosimlarida ishtirok etish uchun 30 dan ortiq davlatning rasmiy delegatsiyalari, qariyb 100 mamlakat vakillari, davlat rahbarlari va hukumat aʼzolari, tashqi ishlar vazirlari, parlament spikerlari, 90 dan ziyod mamlakatning diniy arboblari, Eronning barcha qoʻshni davlatlari rasmiylari tashrif buyurishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etadi. Delegatsiyaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchilik qiladi.

Qiziq jihati, musulmonlarni taʼqib qilishi va masjidlarni buzib tashlayotgani bilan mashhur siyosatchi - Hindiston Bosh vaziriga ham rasmiy taklif yuborilgan. Chunki ayrim ekspertlarning fikricha, Eron Hindistonni oʻzining ittifoqchisi deb biladi.

Bundan tashqari, Iroq, Livan, Pokiston, Ozarbayjon, Afgʻoniston, Bahrayn va boshqa mamlakatlardan koʻplab shia diniy jamoalari vakillari ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Marosimni oddiy islomiy janoza deb hisoblash mumkinmi?

Islom anʼanalariga muvofiq, marhum imkon qadar tezroq dafn etilishi lozim. Marhum uchun bu dunyoda oʻtkazilayotgan yigʻi-sigʻi, ulkan siyosiy shoulardan zigʻircha ham manfaat yoʻq. Qaytamga uning ruhi qiynalishi mumkin. Marhumning ruhi uchun faqat soʻroq-savoldan oson oʻtib olish muhim. Shu bois Homanaiyning jasadi 4 oydan beri dafn etilmayotgani bahsli savollar tugʻdiradi. Hatto oʻzbek xalqida “jasadini yer qabul qilmadi” degan tushuncha ham bor.

Marhumning jasadini bir necha kun yoki oy davomida saqlash, uni turli shaharlar va mamlakatlar boʻylab olib yurish hamda uzoq davom etadigan davlat marosimlarini tashkil qilish klassik islomiy janoza tartibidan farq qiladi. Shu bois ayrim islomshunoslar va ulamolar diniy janoza marosimi bilan davlat tomonidan tashkil etilgan rasmiy xotira tadbirlarini bir-biridan farqlash lozimligini taʼkidlaydi.

Nega Xomanaiyning jasadi Leninniki kabi balzamlanmaydi?

Ayrimlar shunday savolni oʻrtaga tashlamoqda: agar Eron rahbariyati Xominaiyning tarixiy ahamiyatini va unga taʼzim qilishini yanada kuchliroq namoyon etmoqchi boʻlsa, nega uning jasadi Sovet Ittifoqida “dohiy” Vladimir Leninning jasadi kabi moʻmiyolanib (balzamlanib), doimiy ravishda ommaga namoyish qilinmaydi?

Bu savolning javobi, avvalo, islom aqidasi va shariat qoidalari bilan bogʻliq. Islomda favqulodda tibbiy yoki huquqiy zaruratlardan tashqari hollarda marhumning jasadiga ortiqcha aralashish maʼqullanmaydi. Dafn insonning dunyoviy hayotining yakunlanishi hisoblanadi va uning jasadi yerga topshirilishi lozim. Balzamlash ayrim istisno holatlarda amalga oshirilishi mumkin, ammo jasadni uzoq yillar davomida ommaga namoyish qilish maqsadida saqlab turish islom dafn anʼanalariga mos kelmaydi.

Shuningdek, islomda ayrim boshqa din va madaniyatlar yoki siyosiy tuzumlarda uchraydigan «chirimas tanalar» yoki jasadlarga sigʻinish anʼanasi mavjud emas. Shu sababli Xominaiyning jasadini doimiy ravishda namoyish etiladigan maqbaraga joylashtirish yoki Lenin maqbarasiga oʻxshash inshoot barpo etish islom huquqining asosiy tamoyillariga zid hisoblanadi.

Moʻmiyolanmasdan ham marhumni hurmatlash mumkinmi?

Tarix shuni koʻrsatadiki, shaxsga sigʻinish madaniyati vujudga kelishi uchun jasadni saqlab qolish shart emas.

Koʻplab davlatlarda siyosiy xotirani ulugʻlash – muhim inson qabri ustida ulkan maqbaralar qurish, memorial majmualar barpo etish, muzeylar, haykallar yasab qoʻyish, har yili oʻtkaziladigan davlat xotira marosimlari, ommaviy diniy va siyosiy tadbirlar kabi vositalar orqali shakllantiriladi.

Qiziq jihati, sunniylikda shaxsga va oʻliklarga sigʻinish va kufrga ketishning oldini olish maqsadida odam suratini chizish va haykalini oʻrnatish taqiqlangan. Biroq shialikda amalda bunday taqiq yoʻq. Bundan tashqari, sunniylikda marhum qabri ustida sagʻana, hatto kattaroq qabr toshi ham qoʻyilishi nomaqbul. Qabr yerdan sal balandroq boʻlsa va avlodlari tanib olishi uchun kichikroq belgi oʻrnatilsa kifoya.

Qolaversa, Eronda marhumlarni ulugʻlashda avvaldan tajriba mavjud. Islom Respublikasining asoschisi Oyatulloh Ruhulloh Xumayniyning qabri bugun mamlakatning eng yirik ziyoratgoh va memorial majmualaridan biriga aylangan. Shuning uchun ham kuzatuvchilarning fikricha, Xominaiy xotirasini abadiylashtirishda ham xuddi shunday yoʻl tanlanishi mumkin.

Xulosa

Islom nuqtai nazaridan qaralganda, marhumni vafotidan toʻrt oy oʻtgach dafn etish anʼanaviy islomiy janoza qoidalariga mos kelmaydi. Chunki shariat musulmonni imkon qadar tezroq yerga qoʻyishni tavsiya qiladi. Eron rasmiylari esa bu kechiktirishni millionlab insonlarning xayrlashish imkoniyatini taʼminlash, xavfsizlik choralarini kuchaytirish va koʻplab xorijiy delegatsiyalarni qabul qilish uchun zarur tashkiliy tayyorgarlik bilan izohlamoqda.

Shu bilan birga, ushbu marosimning siyosiy jihatini ham inkor etib boʻlmaydi. Bir necha shahar va hatto ikki davlat hududida oʻtkazilayotgan koʻp kunlik motam tadbirlari, oʻnlab davlatlar va yuzga yaqin mamlakat vakillarining ishtiroki nafaqat diniy, balki muhim davlat va geosiyosiy vazifani ham bajarmoqda.

Bu orqali Eron rahbariyati davlat hokimiyatining uzluksizligini, jamiyat birligini, siyosiy tizimning barqarorligini hamda mamlakatning xalqaro maydondagi oʻrnini namoyon etishga intilayotganini koʻrish mumkin.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid