Zarafshon daryosi yonidan oʻtgan temir yoʻl liniyasi oʻpirilib ketdi
Togʻli hududlarida kuzatilgan kuchli yogʻingarchiliklar natijasida Zarafshon daryosida suv oqimi keskin kuchaygan. Mazkur gidrologik holat soʻnggi 20 yil davomida kuzatilmagan, deyiladi rasmiy izohda.

Zarafshon daryosi yonidan oʻtgan temir yoʻl liniyasi oʻpirilib ketdi. "Oʻzbekiston temir yoʻllari" holatni izohladi.
Aytilishicha, joriy yilning 3 iyul kuni Samarqand viloyati Tayloq tumani hududidan oʻtuvchi “Samarqand – Urgut” temir yoʻl uchastkasining maʼlum qismiga shikast yetgan.
Soʻnggi kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasining togʻli hududlarida kuzatilgan kuchli yogʻingarchiliklar natijasida Zarafshon daryosida suv oqimi keskin kuchaydi. Buning oqibatida daryo qirgʻoqlarni yuvib ketib, ayrim hududlarda oʻzan yoʻnalishi oʻzgardi.
Hodisaga Zarafshon daryosida suv sarfining meʼyoriy 80–100 m³/s oʻrniga keskin oshib, 300 m³/s gacha yetgani sabab boʻldi. Natijada daryo oʻzani temir yoʻlga yaqin hududlarda 30–40 metrgacha kengayib, oʻzanga yaqin joylashgan temir yoʻlning maʼlum qismiga zarar yetdi. Mazkur gidrologik holat soʻnggi 20 yil davomida kuzatilmagan.
Ayni paytda harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida daryo qirgʻoqlarini xarsang toshlar bilan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Ishlarga 15 ta maxsus texnika jalb etilgan. 30 ta dumpkar vagon orqali xarsang toshlar yetkazib berildi. Shuningdek, zarur qurilish materiallari yuklangan yana 130 ta dumpkar vagon hududga yoʻnaltirildi.
Hozirda temir yoʻl qatnovini imkon qadar qisqa muddatda toʻliq tiklash hamda poyezdlar harakatining uzluksizligini taʼminlash boʻyicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deya taʼkidlanadi mmunosabatda.
