platina.uz
Jamiyat

Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganlarga yangi huquqlar beriladi

Jabrlangan shaxs reabilitatsiya markaziga joylashtirilganda uning ish joyi (lavozimi) saqlab qolinadi. 

Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganlarga yangi huquqlar beriladi

Bola huquqlari va zoʻravonlikdan jabrlanganlarni himoya qilishga qaratilgan qonunchilik takomillashtirilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga hamda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi. Unga koʻra, Qonun bilan 2 ta kodeks va 4 ta qonunga muhim oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar kiritildi.

Bolaning eng ustun manfaatlari tamoyili mustahkamlanmoqda

Oila kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, "Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida"gi hamda "Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida"gi qonunlarga "bolaning eng ustun manfaatlari" tushunchasi kiritildi.

Mazkur tamoyil BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasiga muvofiq boʻlib, Gruziya, Turkiya, Rossiya, Ruminiya, Ozarbayjon, Malayziya va Moldova kabi davlatlar qonunchiligida ham oʻz aksini topgan.

Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganlarning huquqiy himoyasi kuchaytirilmoqda

"Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonunga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga muvofiq:

Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga jabrlangan shaxslar manfaatlarini koʻzlab sudga davlat bojini toʻlamasdan murojaat qilish va ularning manfaatlarini sudda vakolatli vakil orqali himoya qilish huquqi beriladi.

Bu amaliyot Turkiya, Gruziya va Buyuk Britaniya tajribasiga ham mos keladi.

- Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxs reabilitatsiya markaziga joylashtirilganda:

- uning ish joyi (lavozimi) saqlab qolinadi;

- bir oydan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirish uchun huquqiy asos yaratiladi.

Natijada tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollarga davlat ijtimoiy sugʻurtasi orqali tegishli nafaqalar tayinlanib, ularning ogʻir hayotiy vaziyatda daromadsiz qolishining oldi olinadi.

Davlat boji boʻyicha imtiyozlar kengaytirildi

"Davlat boji toʻgʻrisida"gi Qonunga kiritilayotgan oʻzgartirishlarga koʻra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tashkilotlar ham fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga murojaat qilganda davlat bojini toʻlashdan ozod etiladi.

Maʼlumot uchun: 2024–2025 yillar hamda 2026 yilning dastlabki 4 oyida reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida "Inson" markazlari tomonidan sudlarga 1 413 ta ariza kiritilgan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid