platina.uz
Maqola

Isroilning siyosiy demarshiga Pashinyanning oqilona javobi

Gʻazodagi urush ortidan Turkiya Isroilning eng keskin tanqidchilaridan biriga aylandi. Anqara xalqaro maydonlarda Isroilni qattiq tanqid qilmoqda, uning harakatlarini keskin baholamoqda va diplomatik munosabatlar avvalgi darajadan ancha sovib ketdi. Aynan shunday vaziyatda Isroilning armanlar genotsidini tan olishi tasodifga oʻxshamaydi.

Isroilning siyosiy demarshiga Pashinyanning oqilona javobi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Isroilning Arman genotsidiga doir qaroriga munosabat bildirishdan bosh tortdi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Arman genotsidining “qurolga aylantirilishi”ni aytib, Isroilning 1915 yilgi voqealar boʻyicha yaqinda qabul qilgan qaroriga munosabat bildirmasligini maʼlum qildi.

"Arman genotsidini qurolga aylantirish masalasiga aralashmaslik Armaniston Respublikasi manfaatlariga mos keladi deb hisoblaymiz. Shu sababli, biz hech qanday munosabat bildirish zaruratini koʻrmayapmiz", — dedi Pashinyan.

Avvalroq esa Isroil hukumati gʻoyat munozarali masala - armanlarga qarshi genotsidni tan olgan edi. Ekspertlarning aytishicha, bu qadamni Tel-Avivning azbaroyi arman xalqiga nisbatan tӯsatdan uygʻongan mehri bilan emas, balki, armanlar va Ozarbayjon hamda Turkiya ӯrtasini buzish uchun navbatdagi provokatsiya sifatida baholash kerak.

Hechdan kӯra kech yaxshimi?

Nega Isroil bir asrdan ortiq vaqt oʻtgach, armanlar genotsidini tan oldi va nima uchun bu qarorga eng ehtiyotkorona munosabat bildirgan davlat aynan Armaniston boʻldi?

Avvalo, tarix oʻzgarmaydi. Ammo tarixga munosabat tez-tez oʻzgaradi. Kecha diplomatik manfaatlar tufayli tilga olinmagan voqealar bugun katta siyosatning quroliga aylanishi mumkin. Xalqaro munosabatlarda tarix endi faqat olimlar bahs qiladigan sohagina emas. U davlatlar oʻrtasida bosim oʻtkazish, raqibni noqulay ahvolga solish va geosiyosiy pozitsiyalarni mustahkamlash vositasiga ham aylanib bormoqda.

Isroil hukumatining 1915 yil voqealarini «armanlar genotsidi» sifatida tan olishi aynan shunday voqealardan biri boʻldi.

Bu qaror faqat Turkiya, Armaniston yoki Ozarbayjon uchun emas, balki butun Yaqin Sharq va Janubiy Kavkazdagi kuchlar muvozanati uchun ham muhim siyosiy signalga aylandi.

Biroq bir savolga javob topish kerak: Nega Isroil bu qarorni aynan hozir qabul qildi? Bir asrlik sukut nega bugun buzildi?

Tabiiyki, Isroil bugungacha arman xalqining boshiga tushgan fojia haqida bexabar emas edi. Aksincha, Isroil jamiyatida, tarixchilar orasida va ayrim siyosatchilar tomonidan bu masala yillar davomida muhokama qilinib kelingan. Hatto Xolokostni boshidan kechirgan xalq davlati sifatida Isroil ommaviy qirgʻinlarga huquqiy va axloqiy baho berishda alohida masʼuliyatga ega ekani haqida fikrlar ham koʻp bor aytilgan.

Ammo tashqi siyosat axloq qoidalariga emas, birinchi navbatda milliy manfaatlarga tayanadi. Uzoq yillar davomida Turkiya Isroilning musulmon dunyosidagi eng muhim sheriklaridan biri boʻlib keldi. Harbiy hamkorlik, razvedka aloqalari, savdo munosabatlari va mintaqaviy xavfsizlik masalalari ikki davlatni bir-biriga yaqinlashtirib turardi. Shu sababli Isroil hukumatlari tarixiy bahslarga aralashmaslikni afzal koʻrdi. Biroq siyosatda abadiy ittifoqlar boʻlmagani kabi, abadiy sukut ham boʻlmaydi.

Xӯsh, nega aynan bugun? Bu savolga javob izlash uchun soʻnggi ikki yilda Yaqin Sharqda sodir boʻlgan voqealarga nazar tashlash kifoya.

Jarlikning kengayishi

Gʻazodagi urush ortidan Turkiya Isroilning eng keskin tanqidchilaridan biriga aylandi. Anqara xalqaro maydonlarda Isroilni qattiq tanqid qilmoqda, uning harakatlarini keskin baholamoqda va diplomatik munosabatlar avvalgi darajadan ancha sovib ketdi.

Aynan shunday vaziyatda Isroilning armanlar genotsidini tan olishi tasodifga oʻxshamaydi. Bu qaror axloqiy bayonot boʻlish bilan birga, Turkiyaga yuborilgan siyosiy signal sifatida ham qabul qilinmoqda.

Goʻyoki Isroil Anqaraga shunday demoqchi boʻldi: «Siz bizni xalqaro maydonda tanqid qilar ekansiz, biz ham tarixning ogʻriqli sahifalarini eslatish imkoniyatiga egamiz.»

Albatta, Isroil hukumati rasman bunday maqsadni eʼlon qilgani yoʻq. Biroq qaror qabul qilingan vaqt va mavjud siyosiy muhit bu kabi talqinlarga asos bermoqda.

Tarix diplomatiya quroliga aylanmoqda

Zamonaviy dunyoda urushlar faqat front chizigʻida kechmaydi. Sanksiyalar, axborot urushi, propaganda va obrӯsizlantirish, iqtisodiy bosim, xalqaro sudlar, inson huquqlari va tarixiy xotira — bularning barchasi geosiyosiy raqobatning muhim vositalariga aylandi. Bir asr avval sodir boʻlgan voqealar bugun davlatlarning tashqi siyosiy kun tartibiga qaytishi bejiz emas. Chunki tarix ham baʼzan mina kabi ishlaydi. U yuz yil davomida jim yotishi mumkin. Ammo zarur payt kelganda, siyosiy taʼsir kuchi juda katta boʻladi. Isroil aynan shunday mexanizmdan foydalangani haqida fikr bildiruvchilar koʻpaymoqda.

Bu qaror Ozarbayjonga qarshi qaratilganmi?

Koʻpchilikni oʻylantirayotgan yana bir tushunmovchilik bor. Isroil Qorabogʻ urushi davomida Ozarbayjonning eng muhim harbiy hamkorlaridan biri edi. Isroil texnologiyalari, dronlari va yuqori aniqlikdagi qurollari Boku uchun katta ahamiyatga ega boʻlgani sir emas. Shunday ekan, nima uchun Isroil strategik sherigini noqulay ahvolga qoʻyadigan qaror qabul qildi?

Hozircha bu savolga qatʼiy javob yoʻq. Biroq mavjud faktlar shuni koʻrsatadiki, birgina tarixiy qaror Isroil va Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik munosabatlarni butunlay buzishi ehtimoli katta emas. Bu ikki davlatni energetika, harbiy-texnik hamkorlik, razvedka aloqalari va Eron omili kabi muhim manfaatlar bogʻlab turibdi. Demak, hozircha gap ittifoqning tugashi haqida emas, balki muayyan siyosiy kelishmovchilik haqida ketmoqda.

Hozircha Ozarbayjon Isroildan bu qarorni qayta kӯrib chiqishni sӯradi. Ertaga ritorika yanada qattiqlashuvi va oxir oqibat diplomatik munosabatlar sovuqlashib ketishi mumkinligini hech kim istisno qilmaydi. Biroq yana bir jihat bor - Isroilning mazkur qarori asosan Turkiyaga qarshi qaratilgan. Garchi Anqara Bokuning eng yaqin hamkori va homiysi bӯlsada, Boku Isroil bilan aloqalarda bu munozaradan biroz chetlanib turishi ham mumkin. Har holda Isroil tomoni Janubiy Kavkaz, qolaayersa musulmon dunyosidagi muhim hamkoridan ajralib qolmaslikning choralarini kӯrib qӯygan bӯlishi mumkin.

Isroil yangi mojaroni xohlayaptimi?

Ayrim kuzatuvchilar yanada keskinroq taxminlarni ilgari surmoqda. Ularning fikricha, bu qaror Janubiy Kavkazda yangi siyosiy taranglik keltirib chiqarishi, Armaniston bilan Ozarbayjon oʻrtasida ishonchsizlikni kuchaytirishi va qurollanish poygasini yana avj oldirishi mumkin. Keyin esa Isroil tomonlarga qurol sotib yana foyda kӯrishi mumkin.

Biroq bu yerda ehtiyotkorlik zarur. Bunday ssenariyni tasdiqlaydigan ishonchli dalillar hozircha mavjud emas. Aksincha, keng koʻlamli yangi urush Isroil uchun ham muayyan xavflarni keltirib chiqaradi. Janubiy Kavkazdagi beqarorlik transport yoʻlaklari, energetika xavfsizligi va Eron atrofidagi vaziyatga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shuning uchun Isroil aynan urush chiqishini istayapti, degan xulosaga kelib boʻlmaydi.

Davlatlarning doʻstlari boʻladimi?

Bu voqeadan keyin ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez bir fikr uchramoqda: «Isroilning doʻsti yoʻq. U hammadan oʻz manfaati uchun foydalanadi.»Bir qarashda bu gap ishonchli eshitiladi. Ammo xalqaro munosabatlar bundan ancha murakkab. Aslida, bu qoida faqat Isroilga tegishli emas. AQSh ham, Xitoy ham, Rossiya ham, Turkiya ham, Yevropa Ittifoqi ham birinchi navbatda oʻz milliy manfaatlarini himoya qiladi. Xalqaro siyosatda hissiyotdan koʻra manfaat ustun turadi.

Shu maʼnoda Isroil ham boshqa davlatlardan keskin farq qilmaydi. Farq shundaki, ayrim qarorlar juda keskin va koʻzga tashlanadi.

Eng aqlli qadamni kim tashladi?

Butun dunyo Isroilning qarorini muhokama qilayotgan bir paytda eng qiziq pozitsiyani Armaniston egalladi. Koʻpchilik Yerevan bu qarorni katta tantana bilan qarshi oladi, deb oʻylagan edi.

Biroq bosh vazir Nikol Pashinyan mutlaqo vazmin va oqilona yoʻlni tanladi. U Armaniston bu masalani siyosiy qurolga aylantirmasligini va Isroil qaroriga alohida munosabat bildirmasligini maʼlum qildi. Bir qarashda bu Isroilga nisbatan "noshukrlikdek" koʻrinishi mumkin. Ammo diplomatiya nuqtai nazaridan bu juda puxta hisoblangan qaror edi.

Agar Yerevan Isroilni ochiqchasiga olqishlaganda, Armaniston beixtiyor Isroil va Turkiya oʻrtasidagi siyosiy qarama-qarshilikning bir qismiga aylanib qolishi mumkin edi. Pashinyan aynan shu xavfdan qochdi. U armani xalqining tarixiy fojiasini boshqa davlatlar oʻrtasidagi geosiyosiy kurash vositasiga aylantirishni istamasligini anglatdi. Ayrim hollarda sukut eng kuchli siyosiy bayonot boʻlishi mumkin.

Qolaversa, Armaniston mintaqa davlatlari tinch va ӯzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish, tashqi siyosatda diversifikatsiya ӯtkazish yӯlini tanlagan. Kuni kecha raqibiga (Bokuga) yordam bergan Isroilning birgina bayonotiga uchib, yana avvalgi mojaro va urushlar holatiga qaytish siyosiy gʻӯrlik bӯlar edi.

Xulosa

Isroilning qarori, tarixiy adolatni tiklashga urinishdan kӯra, Turkiyaga yuborilgan kuchli siyosiy signal ekanligi haqiqatga yaqinroq . Ozarbayjon bilan munosabatlarda muayyan sovuqlik kuzatilishi mumkin. Ammo bu hozircha strategik hamkorlik tugaganini anglatmaydi.

Eng muhimi esa boshqa jihatda. Bu voqea yana bir bor xalqaro siyosatning eng asosiy qonunini tasdiqladi. Davlatlar abadiy doʻstlik yoki abadiy adovat asosida emas, balki milliy manfaatlar asosida qaror qabul qiladi.

Kecha Turkiya bilan munosabatlar muhim boʻlgani uchun Isroil sukut saqladi. Bugun vaziyat oʻzgardi va qaror ham oʻzgardi.

Shu bilan birga, butun bahslar orasida eng vazmin siyosiy qadamni, ehtimol, aynan Nikol Pashinyan tashladi. U tarixiy ogʻriqni siyosiy gʻalabaga aylantirishga shoshilmadi. Zero, baʼzan diplomatiyaning eng katta yutugʻi — qarshi tomon tayyorlab qoʻygan oʻyinga kirishmaslik va provokatsiyaga uchmaslikdir. Balki shuning uchun ham bu voqeada eng oqilona qadam - aynan sukut saqlashdir.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid