Prezident Gruziyada Mixail Kavelashvili bilan muzokaralar oʻtkazdi
Ushbu mamlakatga davlat tashrifi soʻnggi 23 yilda ilk bor amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlandi. Shavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy davlat mukofoti – “Oltin moʻyna” ordeni bilan taqdirlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Tbilisi shahriga keldi.
Shota Rustaveli nomidagi xalqaro aeroportda davlatimiz rahbarini Gruziya Bosh vazirining oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Maka Bochorishvili hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakatning davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Gruziyaga davlat tashrifi doirasida Tbilisi shahridagi Orbeliani saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston – Gruziya koʻp qirrali munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Gruziya Prezidentiga samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mamlakatga davlat tashrifi soʻnggi 23 yilda ilk bor amalga oshirilayotganini alohida taʼkidladi.
Parlamentlar, hukumatlar va ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarga yetdi, qoʻshma loyiha va korxonalar soni ortib bormoqda. Mamlakatimizda Gruziyaning birinchi raqamli banki – “TBC” muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Toshkent bilan Tbilisi va Batumi shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning mart oyida Oʻzbekiston poytaxtida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Oʻzaro savdo hajmini, jumladan, Poti va Batumi portlari salohiyatidan samarali foydalanish orqali yanada oshirish masalalariga ustuvor eʼtibor qaratildi.
Farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va turizm sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish uchun imkoniyatlar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.
Ishbilarmonlik, turistik va gumanitar almashinuvlarni yoʻlga qoʻyish uchun hududlar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Mixail Kavelashvilini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Tbilisi shahridagi tadbirlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Gruziyaning oliy davlat mukofoti – “Oltin moʻyna” ordeni bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston – Gruziya koʻp qirrali munosabatlarini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun davlatimiz rahbariga ushbu mukofotni Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili topshirdi.

Oʻzbekiston yetakchisi Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili, Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze hamda Parlament Raisi Shalva Papuashviliga yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirib, doʻst Gruziya xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
1998 yilda taʼsis etilgan “Oltin moʻyna” ordeni mamlakatning oliy davlat mukofotlaridan biri boʻlib, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda gruzin madaniyati, ilm-fani va sanʼatini targʻib etish borasidagi alohida xizmatlar uchun beriladi.
Ordenning nomi Oltin moʻyna haqidagi qadimgi yunon afsonasi hamda hozirgi Gruziya hududida joylashgan tarixiy oʻlka – Kolxida bilan bogʻliq.
Turli yillarda mazkur yuksak mukofot bilan Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II, Iordaniya Podshohi Abdulla II, Germaniya Kansleri Gerxard Shryoder, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Ozarbayjon Prezidenti Haydar Aliyev va boshqalar taqdirlangan.
Shuningdek, davlatimiz rahbari Orbeliani saroyining Faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.
