platina.uz
Maqola

Isroil “armanlar genotsidi”ni tan oldi: asosiy maqsad nima?

Turkiya arman xalqining qirgʻin qilinishi, qamoqqa olinishi va majburiy deportatsiyasi genotsid sifatida baholanishini rad etadi va Isroil uzoq vaqt davomida diplomatik sezgirliklar sababli uni tan olishdan qochib kelgan. 

Isroil “armanlar genotsidi”ni tan oldi: asosiy maqsad nima?

Isroil hukumati tashqi ishlar vaziri Saarning Usmoniylar imperiyasi tomonidan amalga oshirilgan “arman genotsidi”ni tan olish haqidagi taklifini qoʻllab-quvvatladi. Qaror Vazirlar Mahkamasi yigʻilishida qabul qilindi.

Isroilning The Jerusalem Post gazetasining yozishicha, Turkiya arman xalqining qirgʻin qilinishi, qamoqqa olinishi va majburiy deportatsiyasi genotsid sifatida baholanishini rad etadi. Isroil esa diplomatik ehtiyotkorlik va hushyorlik bois uzoq vaqtdan beri uni tan olishdan bosh tortib kelayotgan edi.

Kutilmagan qadam

Isroil hukumati 28 iyun kuni tashqi ishlar vaziri Gideon Saar tomonidan oʻtgan hafta oxirida taqdim etilgan rezolyutsiya taklifi ortidan arman genotsidini rasman tan olishga ovoz berdi.

“Isroil hukumati biroz oldin men taqdim etgan arman genotsidini tan olish haqidagi rezolyutsiyani maʼqulladi,” dedi Saar ovoz berishdan soʻng.

“Bu dahshatli genotsid 100 yildan koʻproq vaqt oldin sodir boʻlgan boʻlib, uning tarixiy faktlari boʻyicha gumon yoʻq. U 1,5 million odamning oʻldirilishi va qadimiy madaniy hamda tarixiy merosning yoʻq qilinishiga olib kelgan. Mening fikrimcha, bu qarorni bugun qabul qilganimiz biz yahudiylar sifatida va, albatta, yahudiy xalqi davlati sifatidagi axloqiy burchimizdir,” deb qoʻshimcha qildi u.

Taklif endilikda ovoz berish uchun Knesset plenumiga olib chiqilishi rejalashtirilgan. “Usmoniylar imperiyasi hukmronligining soʻnggi yillarida arman xalqiga qarshi sodir etgan genotsidni tan olish — bu ham axloqiy, ham tarixiy burchdir,” dedi Saar 25 iyun kuni X/Twitter’dagi postida rezolyutsiyani eʼlon qilib. “Biz shuningdek, har qanday inkor qilish, kamsitish yoki tarixiy haqiqatni buzib koʻrsatishni qatʼiy qoralashimiz kerak.”

Tashqi ishlar vazirligi oʻz bayonotida taʼkidlashicha, keng hujjatlashtirilgan boʻlishiga qaramay, bu genotsid asosan Turkiya tomonidan boshqarilayotgan “institutsional inkor va kamsitish kampaniyasi”ga duch kelgan.

Maʼlumot uchun, BMTga aʼzo 32 davlat Arman genotsidini rasman tan olgan.

Turkiya arman xalqining qirgʻin qilinishi, qamoqqa olinishi va majburiy deportatsiyasi genotsid sifatida baholanishini rad etadi va Isroil uzoq vaqt davomida diplomatik sezgirliklar sababli uni tan olishdan qochib kelgan. 2026 yil holatiga koʻra, BMTga aʼzo 32 davlat, jumladan AQSh, Kanada, Rossiya va Germaniya, ushbu genotsidni rasman tan olgan.

Katolik cherkovining boshqaruv organi — Vatikan - Muqaddas Taxt va Yevropa parlamenti ham bu genotsidni rasman tan olgan, deyiladi maqolada.

Turkiyaning javobi

Turkiya TIVi Isroilning «arman genotsidini» tan olish qaroriga munosabat bildirdi.

“Isroil hukumati, dunyo koʻz oʻngida tizimli ravishda falastin xalqini ezib kelayotgan va BMT Xalqaro sudida Gʻazo sektori aholisiga nisbatan genotsid amalga oshirganlikda ayblanib sud jarayoni olib borilayotgan davlat, 1915 yil voqealariga doir qabul qilingan siyosiy qaror orqali oʻz jinoyatlarini yashirishga urinayotir,” — deyiladi Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Vazirlikning taʼkidlashicha, Turkiya mintaqa boʻyicha Isroilning «ekspansionist va beqarorlik keltirib chiqaruvchi siyosati»ga chek qoʻyish, shuningdek, Netanyahu hukumatining «fuqarolik aholiga, ayniqsa falastin xalqiga qarshi sodir etgan jinoyatlari uchun qonuniy javobgarlikka tortilishi» yoʻlida qatʼiy harakat qilishni davom ettiradi.

Ozarbayjonning javobi

Isroilning qarorini Boku ham tanqid qildi Qiziq jihat shundaki, Ozarbayjon — Isroilning yaqin hamkori boʻlishiga qaramay, u ayni vaqtda Turkiyaning ham strategik sherigi hisoblanadi. Shuningdek, arman genotsidini tan olish haqidagi qaror Ozarbayjonning milliy manfaatlariga ham toʻgʻri kelmaydi.

Umuman olganda, Ozarbayjon Isroilni «arman genotsidi» deb ataluvchi masala boʻyicha oʻz qarorini qayta koʻrib chiqishga chaqirdi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytiladi. Unda qayd etilishicha, 1915 yil voqealari bilan bogʻliq tarixiy faktlarni buzib koʻrsatish, murakkab tarixiy jarayonlarni huquqiy va ilmiy asoslardan uzoq siyosiy qarorlar predmetiga aylantirish qabul qilib boʻlmaydigan holatdir.

“Bunday qadamlar yarashish va oʻzaro tushunishga xizmat qilmaydi, aksincha mavjud ziddiyatlarni chuqurlashtiradi hamda mintaqada barqaror tinchlik va yarashuvga erishish boʻyicha saʼy-harakatlarga toʻsqinlik qiladi. Biz Isroil hukumatini qabul qilingan qarorni qayta koʻrib chiqishga chaqiramiz. Ozarbayjon bundan keyin ham tarixiy haqiqatni himoya qilish, xalqaro huquq tamoyillariga hurmat va mintaqada barqaror tinchlikni taʼminlash maqsadida oʻz pozitsiyasiga sodiq qoladi,” — deyiladi bayonotda.

Isroil «arman genotsidi»ni tan olinishining sabablari va ehtimoliy siyosiy maqsadlari

Goʻyoki Usmoniylar imperiyasi davrida sodir etilgan arman genotsidini Isroil hukumati tomonidan tan olish qarori nafaqat tarixiy-axloqiy bayonot, balki yaqqol geosiyosiy oʻlchamga ega qadam hisoblanadi. Bu qaror Turkiyaning keskin reaksiyasini, shuningdek, Isroilning mintaqadagi asosiy hamkorlaridan biri boʻlgan Ozarbayjonning ehtiyotkor tanqidini keltirib chiqardi. Ozarbayjon ayni vaqtda Anqaraning ham ittifoqchisi hisoblanadi.

Bir qarashda vaziyat ziddiyatli koʻrinadi: arman diasporasi va ayrim arman tuzilmalari turli davrlarda Falastinni tan olishni qoʻllab-quvvatlagan, shu bilan birga Quddusda turli jamoalar oʻrtasida baʼzan keskin toʻqnashuvlar qayd etiladi. Biroq Isroilning bu qarori mahalliy ziddiyatlar nuqtai nazaridan emas, balki kengroq strategik tizim kontekstida koʻrib chiqilishi kerak.

1. Turkiya bilan uzilish – asosiy omil

Qarorning asosiy siyosiy fonni Isroil va Turkiya oʻrtasidagi uzoq muddatli munosabatlar yomonlashuvi tashkil etadi.

Turkiya TIVi Isroilning bu qarori Gʻazo sektoridagi vaziyatdan va Isroil rahbariyatiga nisbatan BMT Xalqaro sudidagi ayblovlardan eʼtiborni chalgʻitishga urinish sifatida baholanganini ochiq bildirdi.

Isroil nuqtai nazaridan arman genotsidini tan olish - Anqaraga diplomatik bosimni kuchaytiradi, Turkiyaning xalqaro maydondagi tarixiy-siyosiy pozitsiyasini zaiflashtiradi, Sharqiy Oʻrtayer dengizi va Yaqin Sharqda manfaatlar toʻqnashuvida qoʻshimcha bosim vositasini yaratadi. Shu tarzda bu qadam Turkiyani uzoq muddatli strategik tiyib turish siyosati elementi sifatida baholanishi mumkin.

2. Axloqiy muammoni tashqi siyosat vositasiga aylantirish

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar tomonidan ilgari surilgan rasmiy asos ikki tezisga tayanadi: «Yahudiy davlatining axloqiy burchi»ga va «genotsid faktlarini tan olishning tarixiy majburiyati»ga.

Biroq xalqaro amaliyotda bunday qarorlar odatda axloqiy va siyosiy tabiatga ega boʻladi. Ushbu holatda axloqiy diskurs tashqi siyosiy qadamni legitimlashtirish vazifasini bajaradi. Shuningdek, Isroilning «tarixiy adolat» tamoyili asosida harakat qiluvchi davlat sifatidagi imijini mustahkamlash, Turkiya va uning ittifoqchilariga diplomatik bosimni shakllantirish, Turkiyaning tarixiy siyosatini tanqid qiluvchi davlatlar koalitsiyasini kengaytirish kabi jarayonlarga xizmat qiladi.

3. Mintaqaviy ittifoqlar tizimi: Isroil – Ozarbayjon – Turkiya

Bu vaziyatda Ozarbayjonning oʻrni alohida murakkablik tugʻdiradi. Chunki u bir vaqtning oʻzida Isroilning strategik hamkori (energetika, mudofaa sohasi) hamda Turkiyaning yaqin ittifoqchisi hisoblanadi. Bokudan bildirilgan «qarorni qayta koʻrib chiqish» chaqirigʻi Isroil qadami uch tomonlama tizimda (Isroil–Turkiya–Ozarbayjon) potensial beqarorlik omil sifatida qabul qilinayotganini koʻrsatadi.

Natijada Isroil qarori Turkiya bilan keskinlikni kuchaytiradi, Ozarbayjon uchun diplomatik dilemma yaratadi, Bokuni ikki strategik hamkor oʻrtasida muvozanat saqlashga majbur qiladi.

4. Falastin omili va axborot-huquqiy kontekst

Turkiya oʻz reaksiyasida ushbu qarorni Gʻazodagi vaziyat va Isroilga nisbatan Xalqaro suddagi jarayon bilan bevosita bogʻladi.

Isroil nuqtai nazaridan bu ikki parallel jarayonni - xalqaro huquq maydonida bosim (Falastin, Gʻazo) hamda Turkiyani inson huquqlari boʻyicha tarixiy bahsli pozitsiyaga ega davlat sifatida koʻrsatuvchi muqobil narrativ shakllantirish jarayonlarini keltirib chiqaradi. Shu maʼnoda arman genotsidini tan olish axborot-diplomatik muvozanat vositasiga aylanadi.

5. Isroilning ehtimoliy maqsadlari

Umumlashtirib aytganda, quyidagi oʻzaro bogʻliq maqsadlar ajratib koʻrsatilishi mumkin:

1. Turkiyaga geosiyosiy bosim. Anqaraning xalqaro mavqeini zaiflashtirish va diplomatik xarajatlarni oshirish.

2. Yangi taʼsir koalitsiyalarini shakllantirish. Arman genotsidini allaqachon tan olgan davlatlar va institutlar (YeI, Vatikan, BMTning ayrim davlatlari) bilan aloqalarni mustahkamlash.

3. Mintaqaviy muvozanatni nazorat qilish. Tarixiy masalalardan Sharqiy Oʻrtayer dengizi va Yaqin Sharqda taʼsir uchun vosita sifatida foydalanish.

4. Ichki siyosiy legitimlash. Falastin yoʻnalishidagi tashqi bosim va tanqid sharoitida hukumatning axloqiy pozitsiyasini koʻrsatish.

Xulosa

Isroil tomonidan arman genotsidining tan olinishi alohida tarixiy akt emas. Bu tarixiy xotira geosiyosiy taʼsir vositasi sifatida qoʻllaniladigan kompleks tashqi siyosat strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

Ushbu qaror bir vaqtning oʻzida Turkiyaga bosimni kuchaytiradi, Ozarbayjon muvozanatini murakkablashtiradi hamda Yaqin Sharqda xalqaro huquq va tarixiy javobgarlik talqinlari boʻyicha kengroq qarama-qarshilikka kirib boradi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid