Oʻzbekistonda yirik soliq toʻlovchilar roʻyxati yangilandi
Hududiy soliq organlarida hisobda turgan 7 ta yuridik shaxs Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi maʼmuriyatchiligiga oʻtkazildi. Ular orasida AKSA Enerji Talimarjan, CCI Samarkand Limited, TEZCOIN, “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ hamda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ bor.

Oʻzbekistonda 2026 yil 1 iyuldan boshlab yirik soliq toʻlovchilar roʻyxati yangilandi.
Soliq qoʻmitasi raisining 29 iyundagi 209-sonli buyrugʻi bilan yangi mezonlarga mos keladigan korxonalar roʻyxati tasdiqlanib, ayrim korxonalar ushbu toifaga kiritildi, yana bir qismi esa roʻyxatdan chiqarildi.
Yangi roʻyxatga koʻra, yirik soliq toʻlovchilar tarkibida bank, sugʻurta, telekommunikatsiya hamda strategik sanoat korxonalari asosiy oʻrinni egallagan.
Ular qatorida Hamkorbank, Ipotekabank, Asakabank, Agrobank, Kapitalbank, Anor Bank, TBC Bank, Uzum Bank, Oʻzbektelekom, Unitel (Beeline), COSCOM (Ucell), Universal Mobile Systems (Mobiuz), Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Navoiyazot, Dehqonobod kaliy zavodi va boshqa yirik korxonalar bor.

Shuningdek, hududiy soliq organlarida hisobda turgan 7 ta yuridik shaxs Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi maʼmuriyatchiligiga oʻtkazildi. Ular orasida AKSA Enerji Talimarjan, CCI Samarkand Limited, TEZCOIN, “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ hamda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ bor. Roʻyxatga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va uning davlat muassasasi ham kiritilgan.
Biroq yangi mezonlar joriy etilishi natijasida koʻplab korxonalar yirik soliq toʻlovchilar toifasidan chiqarildi. Ular endilikda hududiy soliq boshqarmalari yoki tuman (shahar) soliq inspeksiyalari tomonidan maʼmuriyatlashtiriladi. Roʻyxatdan chiqarilganlar orasida quyidagi yirik ishlab chiqarish korxonalari ham bor:
- Uz-Koram Kompani
- Uz-Dong Yang Kompani
- OʻzAuto-Austem
- Knauf Gips Buxoro
- Jizzax Akkumulyator Zavodi
- Huaxin Cement Jizzakh
- Qoʻngʻirot Soda Zavodi
- AKFA Extrusions
- Lactalis Central Asia
- Namangan Sement
- China Energy International Group Samarkand Cement.

Yana bir roʻyxat asosida Goodwill Capital, Air Tashkent, Kimyotrans-Logistik, Hayot Faktoring Tashkiloti, Anor Tech va boshqa qator korxonalar ham yirik soliq toʻlovchilar toifasidan chiqarilib, hududiy soliq inspeksiyalari tasarrufiga oʻtkazildi.
Mazkur oʻzgarishlar korxonalarning faoliyati toʻxtatilgani yoki moliyaviy holati yomonlashganini anglatmaydi. Soliq qoʻmitasining tushuntirishicha, bu Prezidentning PF–95-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan yangi mezonlar asosida soliq maʼmuriyatchiligini qayta tashkil etish bilan bogʻliq.
Endilikda faqat fiskal ahamiyati yuqori boʻlgan korxonalar Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi, qolganlari esa hududiy soliq organlari maʼmuriyatchiligiga oʻtkaziladi.
