platina.uz
Jamiyat

Toshkent shahri aholisi shikoyat qilayotgan asosiy masalalar maʼlum qilindi

Poytaxt aholisidan Prezident virtual va Xalq qabulxonalariga rahbarlar shaxsiy qabuliga yozilish boʻyicha 1 343 ta murojaat kelib tushgan. 

Toshkent shahri aholisi shikoyat qilayotgan asosiy masalalar maʼlum qilindi

Toshkent shahrida 2026 yilning yanvar–may oylari davomida aholi murojaatlari bilan ishlash holati tahliliy oʻrganildi.

Oʻrganishlarga koʻra, 2026 yil 1 iyun holatiga Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga Toshkent shahri aholisidan jami 48,3 mingta murojaat kelib tushgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 12,7 foizga koʻp.

Mazkur davrda eng koʻp murojaatlar quyidagi yoʻnalishlarga toʻgʻri kelgan:

- aliment, qarz undirish va ijro ishi yuritishga oid masalalar — 5,4 mingta;

-huquqbuzarlik, firibgarlik hamda surishtiruv-tergov harakatlari boʻyicha — 5,2 mingta;

- xizmatchilar faoliyati va xatti-harakatlari bilan bogʻliq masalalar — 3,2 mingta;

- nafaqa tayinlash, moddiy yordam ajratish va pensiyaga oid masalalar — 2,7 mingta;

- boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatiga oid masalalar — 2 mingta;

- kreditlar, bank plastik kartalari, bankomatlar va toʻlov tizimlari boʻyicha — 1,9 mingta;

- yoʻl harakati qoidalari buzilganini rasmiylashtirish, haydovchilik guvohnomasi olish hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga oid masalalar — 1,3 mingta.

Tahlillar shahar tashkilotlari tomonidan murojaatlar bilan ishlashda ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganini koʻrsatdi. Xususan, yanvar–may oylarida Toshkent shahri aholisidan 5282 ta takroriy murojaat kelib tushgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 142 foizga koʻp.

Fuqarolar bilan yetarli darajada manzilli ishlanmagani oqibatida 2779 nafar fuqaro 3 martadan 10 martagacha, 265 nafar fuqaro 10 martadan 25 martagacha, 65 nafar fuqaro esa 25 martadan ortiq murojaat qilishga majbur boʻlgan.

Bundan tashqari, 42 ta murojaat qonunchilikda belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilmagani aniqlandi.

Jumladan:

- Toshkent shahar uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi — 13 ta;

- Toshkent shahar hokimligi — 12 ta;

- Davlat kadastrlari palatasining Toshkent shahar boshqarmasi — 4 ta;

- Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi — 4 ta;

- Toshkent shahar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi — 3 ta;

- Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi — 2 ta;

- Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi — 2 ta;

- Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi — 1 ta;

- Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi Toshkent shahar boshqarmasi — 1 ta.

Aniqlangan holatlar yuzasidan Toshkent shahar hokimligiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilmagan murojaatlar boʻyicha tegishli choralar koʻrish topshirigʻi berildi.

Toshkent shahri aholisidan Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga rahbarlar shaxsiy qabuliga yozilish boʻyicha 1 343 ta murojaat kelib tushgan.

Shundan:

Bosh prokuror qabuli – 175 ta

Toshkent shahar hokimi (oʻrinbosari) qabuli – 92 ta

Oliy sud rahbariyati qabuli – 76 ta

Murojaatlar sonining ortishi joylarda hal etilishi mumkin boʻlgan masalalar oʻz vaqtida koʻrib chiqilmayotgani, fuqarolar bilan manzilli muloqot yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagani hamda murojaatlar ijrosi yuzasidan aniq va toʻliq maʼlumot berilmayotgani bilan izohlanadi.

Natijada, joylarda yechim topmagan muammolar sabab Toshkent shahrida yashovchi 1 772 nafar fuqaro Prezident Xalq qabulxonasiga kelib 3 364 ta masala yuzasidan murojaat qilgan.

Tuman hokimlari qabullari qanday oʻtdi?

Joriy yilning 1–22 iyun kunlari Toshkent shahridagi tuman hokimlari (oʻrinbosarlari) tomonidan Xalq qabulxonalarida 196 ta shaxsiy qabul oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Biroq ulardan 118 tasi oʻtkazilmagan.

Tumanlar kesimida:

- Bektemir — 14 tadan 11 tasi

- Mirzo Ulugʻbek — 22 tadan 17 tasi

- Mirobod — 15 tadan 10 tasi

- Olmazor — 16 tadan 14 tasi

- Sergeli — 16 tadan 14 tasi

- Uchtepa — 15 tadan 7 tasi

-Yunusobod — 16 tadan 6 tasi - Yakkasaroy — 18 tadan 9 tasi

- Yangihayot — 18 tadan 2 tasi oʻtkazilmagan.

Chilonzor (15 ta) va Yashnobod (13 ta) tumanlarida rejalashtirilgan birorta ham shaxsiy qabul oʻtkazilmagan.

Faqatgina Shayxontohur tumani rejalashtirilgan 17 ta shaxsiy qabulning barchasini toʻliq oʻtkazgan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid