Prezident maxsus koʻrgazmada yoshlar bilan muloqot qildi
Koʻrgazmaning startaplar, yoshlarning xalqaro miqyosda raqobatlasha oladigan intellektual salohiyati namoyish etildi. Chikago universiteti talabasi Asilbek Ashurov oʻn sakkiz yoshida “Makon AI” startapini taʼsis etib, sunʼiy intellektga asoslangan SAT/AP testlariga tayyorgarlik platformasini yaratdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni Olimpiya shaharchasida Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan maxsus koʻrgazmada mamlakatimizning faol va izlanuvchan yoshlari bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari ularning mahalla hayoti, ekologiya, startaplar, muhandislik va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish kabi sohalardagi loyihalari bilan tanishdi, loyiha tashabbuskorlari bilan shaxsan muloqot qildi.

Fargʻona tumanidagi Obod mahallasi yoshlar yetakchisi Islombek Muhammadjonov oʻz mahallasida tashkil etgan “Obod taʼlim” oʻquv markazi orqali 600 nafar tengdoshini zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga oʻqitgan. U faoliyatini Germaniyaning nufuzli kompaniyalari bilan xalqaro shartnomalar asosida global bozorga olib chiqishga erishganini soʻzlab berdi. Ushbu amaliy harakat tufayli mahalla yoshlar ishsizligi va jinoyatchiligidan xoli hududga aylantirilgan.

Shuningdek, “Yashil tashabbuslar” jamgʻarmasi koordinatori, “Green University” magistranti Guliraʼno Mamirovaning tashabbuslari eʼtiborga molik. Uning ekologik-ijtimoiy va “yashil” innovatsiyalar startaplarini yoʻlga qoʻyish borasidagi ishlari davlatimiz rahbarining alohida eʼtiborini tortdi.

Rangtasvir tanlovida “Eng original gʻoya” nominatsiyasi gʻolibi Odinaxon Maʼmurjonovaning ijodiy intilishlari, jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramay, uyda taʼlim olayotgan bolalar uchun “Oʻqi va yuksal” loyihasini amalga oshirib kelayotgan Chinora Gʻulomovaning matonati Prezidentimiz tomonidan yuqori baholandi. Ularning jamiyatdagi inklyuziv muhitni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarini tizimli qoʻllab-quvvatlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Koʻrgazmaning startaplar, tadbirkorlik va kasb-hunar maydonida yoshlarimizning xalqaro miqyosda raqobatlasha oladigan intellektual salohiyati namoyish etildi.

Prezident maktabi bitiruvchisi, Chikago universiteti talabasi Asilbek Ashurov oʻn sakkiz yoshida “Makon AI” startapini taʼsis etib, sunʼiy intellektga asoslangan SAT/AP testlariga tayyorgarlik platformasini yaratdi.
Bugungi kunda startapi AQSh hamda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida 100 mingdan ortiq mijoz va investorlardan 380 ming dollar sarmoya jalb etgani, loyiha qiymati 3 million dollarga baholanganini maʼlum qildi.
Dunyoning yetakchi akseleratori sanalgan “Y Combinator” dasturining birinchi oʻzbek ishtirokchisi Sardorbek Rahmatulloyevning AQShda yillik daromadi koʻp ming dollarlik startapga asos solgani va “Meta Superintelligence” kompaniyasida orttirgan tajribasi ham milliy startap ekotizimimizning yutugʻi sifatida eʼtirof etildi.
Prezidentimiz bu kabi yuqori texnologiyali loyihalarni mamlakatimizda keng joriy etish va yosh tadbirkorlarga xorijiy bozorlarga chiqishda koʻmaklashish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib qolishini taʼkidladi.
Muhandislik va innovatsiya sohasidagi taqdimotlar doirasida talabalarning sunʼiy intellekt hamda robototexnika yoʻnalishidagi muvaffaqiyatlari koʻrib chiqildi.
Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabasi, dronlar poygasi boʻyicha mamlakat chempioni Biloliddin Ismoilov mahalliy antidron tizimlarini yaratish va takomillashtirishda ishtirok etayotganini maʼlum qildi.
Nukus davlat texnika universiteti talabasi, Nukus yoshlar texnoparki rezidenti Ayzada Asanovaning “Yangi avlod avtomobillari” yoʻnalishidagi muvaffaqiyatli loyihasi esa hududlarda ham muhandislik maktablari jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi. Davlatimiz rahbari ushbu innovatsion ishlanmalarni turli tarmoqlarda joriy etish zarurligini qayd etdi.
Navqiron avlodning madaniy-maʼrifiy sohadagi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yoʻnalishidagi yutuqlari ham uchrashuvning asosiy mavzularidan biri boʻldi.
Xalqaro goʻzallik va sanʼat tanlovlari sovrindori Nigina Faxriddinova hamda yosh musiqachi Amina Avazovaning yutuqlari milliy madaniyatimizning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgani aytib oʻtildi.
Shu bilan birga, aholi orasida kitobxonlikni keng yoyishga qaratilgan raqamli loyihalar namoyish etildi. “Mutolaa” loyihasi rahbari Sirojiddin Olimov yaratgan mobil ilova qariyb 5 million marta yuklab olingani va unda oʻqilayotgan kitoblar soni 18 milliondan oshganini taʼkidladi.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi Nilufar Ergasheva “Yashil soʻz” kitobi muallifi, “Soʻz” loyihasi ishtirokchisi.
U Oʻzbekistonning adabiy xaritasini yaratish orqali adabiy turizmni rivojlantirish hamda “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasida oʻzbek ijodkorlarining yirik nazm va navo kechasi, sheʼriy oqshomlar kabi ommaviy badiiy konsert dasturlarini tashkil etish taklifini bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan boʻlib oʻtgan samimiy muloqotda ular tomonidan ilgari surilgan istiqbolli loyiha va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatladi.
