platina.uz
Jamiyat

Fargʻonada ekologiya boʻlimi xodimi 9,5 ming dollar bilan ushlandi

Ushbu xodim 2025 yil Buvayda tumani hokimining qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sayidjon Xizirov bilan tortishgani videosi tarqalgan va unga kuch ishlatilgandi. 

Fargʻonada ekologiya boʻlimi xodimi 9,5 ming dollar bilan ushlandi

Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida ekologiya boʻlimi xodimi 9500 AQSh dollari miqdoridagi porani olayotgan vaqtida qoʻlga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Tergovga qadar tekshiruv materiallariga koʻra, mansabdor shaxs tumanning “Arab” mahallasi hududidagi 4 gektar yer maydonida yovvoyi daraxtlarning kesilishi va hududning qumdan tozalanishiga bir yil davomida chora koʻrmaslik evaziga fuqarodan 10 ming dollar talab qilgan.

Viloyat IIB hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida pora olishda vositachilik qilgan shaxs va pulni qabul qilgan ekologiya xodimi ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, vositachi boshqaruvidagi avtomobil koʻzdan kechirilganda, giyohvandlik vositasiga oʻxshash moddalar ham aniqlanib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Taʼkidlash joizki, ushbu voqea qahramoni jamoatchilikka yaxshi tanish.

Gap shundaki, 2025-yil noyabr oyida Buvayda tumani Nayman qishlogʻidagi zovur hududida daraxtlarning noqonuniy kesilgani aniqlangan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda oʻsha paytdagi Buvayda tumani hokimining qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sayidjon Xizirovning ekologiya inspektori Ahror Niyazov bilan tortishgani, unga nisbatan kuch ishlatilgani va inspektorning hududdan olib chiqib ketilgani aks etgandi. Ushbu holat jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab boʻlgan edi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid