platina.uz
Maqola

AQShning "qora byudjeti": superqudratning moliyaviy soyasi

Ushbu tizim rasmiy davlat xarajatlari ichiga yashiringan maxfiy moliyalashtirish mexanizmi hisoblanadi. Bu mablagʻlar ochiq hisobotlarda koʻrinmaydi, ularning tafsilotlari esa faqat Kongress va maxsus tuzilmalardagi cheklangan doiradagina maʼlum. 

AQShning "qora byudjeti": superqudratning moliyaviy soyasi

Dunyoda davlat byudjetlari odatda ochiq muhokama qilinadi, ammo shunday bir sohalar borki, ular haqida faqat shivirlab gapiriladi. AQShning «qora byudjeti» (Black Budget) aynan shunday tizimdir — rasmiy davlat xarajatlari ichiga yashiringan maxfiy moliyalashtirish mexanizmi hisoblanadi.

Bu mablagʻlar ochiq hisobotlarda koʻrinmaydi, ularning tafsilotlari esa faqat Kongress va maxsus tuzilmalardagi cheklangan doiradagina maʼlum. Shu orqali har yili oʻnlab milliard dollarlar razvedka, maxsus operatsiyalar va ilgʻor qurol-yarogʻlar ishlab chiqishga yoʻnaltiriladi.

Ekspertlar bahosiga koʻra va 2010 yillarda Edvard Snouden sizdirgan maʼlumotlarga asosan, AQShning «qora byudjeti» yiliga 50–60 milliard dollardan oshadi, bu esa umumiy harbiy byudjetning taxminan 5–7 foizini tashkil qiladi.

Yashirin milliardlarni boshqaradi?

Bu mablagʻlar asosan AQSh razvedka tizimining yetakchi tuzilmalari Markaziy Razvedka boshqarmasi, Milliy xavfsizlik agentligihamda AQSh Mudofaa vazirligining Razvedka boshqarmasiga oʻtkaziladi. Mablagʻlar ikki asosiy dastur - Milliy razvedka dasturi (NIP) va Harbiy razvedka dasturi (MIP) orqali taqsimlanadi. Ushbu tizim AQShning global razvedka infratuzilmasini shakllantiradi.

«Qora byudjet» maqsadalarini asosan uch yoʻnalishga boʻlish mumkin:

1. Razvedka va global kuzatuv

Sputniklar, kiber-shpigunlik, aloqa signallarini tinglash va katta maʼlumotlarni tahlil qilish tizimlari.

2. Maxfiy harbiy texnologiyalar

Kelajak qurollari: stels texnologiyalar, gipertovushli raketalar, yangi avlod dronlar va kosmik harbiy dasturlar elementlari.

3. Maxsus operatsiyalar

Maxfiy kiberhujumlar, radioelektron kurash va xorijdagi yashirin operatsiyalar.

Mablagʻlar qanday yashiriladi?

Rasman bu xarajatlar Kongress tomonidan tasdiqlanadi, ammo batafsil shaklda emas, balki umumiy blok sifatida koʻrsatiladi. Keyin esa ular Mudofaa vazirligining oddiy byudjet moddalariga yashirin tarzda qoʻshib yuboriladi. «Havo kuchlarining maxsus dasturlari», «Ilgʻor texnologiyalarni baholash» va «Maxfiy tadqiqot loyihalari» shular jumlasidandir. Shu tariqa haqiqiy maqsadlarni jamoatchilikdan sir tutishga muvaffaq boʻlishadi.

Sirlar oshkor boʻlganida

2013 yilda Edvard Snouden tomonidan amalga oshirilgan “sizdirish”lar ushbu tizim haqidagi maʼlumotlarni keng ommaga oshkor qildi. Sobiq agentning maʼlumotlariga ishonadigan boʻlsak, «qora byudjet» hajmi taxminan 52,8 milliard dollar ekanligi maʼlum boʻladi.

Biroq keyinchalik yana oshkor boʻlgan maʼlumotlar mazkur byudjet koʻlami yanada kattaroq ekanini koʻrsatadi. Agar avval ekspertlar 50–60 milliard dollar haqida gapirgan boʻlsa, zamonaviy rasmiy maʼlumotlar ancha yuqori darajani koʻrsatmoqda. Xususan, AQSh razvedka hamjamiyatining oshkor qilingan maʼlumotlariga koʻra:

2024-moliyaviy yilda “Milliy razvedka dasturi” (NIP): 76,5 mlrd dollar, “Harbiy razvedka dasturi” (MIP) - 29,8 mlrd dollar olgan boʻlib, umumiy hajm 106,3 mlrd dollarni tashkil etgan.

2025-moliyaviy yilda: razvedka hamjamiyatining umumiy byudjeti taxminan 101,1 mlrd dollarga teng boʻlgan.

2026 yilda esa soʻrovlar yanada oshgan va umumiy hisobda taxminan 110 mlrd dollardan koʻproq miqdorga aylangan. Anigʻrogʻi shu miqdordagi byudjet satrlari oshkor qilingan.

Shu tariqa, «qora byudjet»ning haqiqiy miqyosi bugungi kunda yillik 100+ milliard dollar atrofida, ilgarigi 50–60 milliard degan baholardan ancha yuqori ekani koʻrinib turibdi.

Bunday sharoitda byudjetni sir saqlashni ham tushunsak boʻladi. Chunki biror loyiha uchun ajratilayotgan mablagʻ hamda tafsilotlarni oshkor qilish, ushbu loyiha va uning koʻlami haqida xulosa chiqarish imkonini berishi mumkin.

Yashirin kuch arxitekturasi

«Qora byudjet» — bu oddiy moliyaviy kategoriya emas. Bu AQShning strategik ustunligini taʼminlovchi tizim boʻlib, global razvedka imkoniyatlari va maxfiy operatsiyalarning asosini tashkil qiladi. U formal jihatdan Kongress nazorati ostida boʻlsa-da, maxfiylik tufayli bu nazorat cheklangan.

Lekin taʼkidlash lozim, bu tizim ancha oldin shakllangan. Bunday yashirin moliyalashtirish orqali «Manxetten loyihasi» (atom bombasi yaratilishi), U-2 razvedka samolyotlari, SR-71 Blackbird strategik samolyoti kabi avval-boshda maxfiy saqlangan loyihalar amalga oshirilgan. Bu dasturlar mutlaq maxfiylik sharoitida texnologik ustunlik yaratgan.

Xulosa

AQShning «qora byudjeti» — bu dunyodagi eng yirik iqtisodiyot ichidagi parallel moliyaviy tizimdir. U siyosat, texnologiya va xavfsizlik chegarasida ishlab, jamoatchilikka koʻrinmaydi, ammo global siyosiy jarayonlarning katta qismini belgilab beradi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid