Shavkat Mirziyoyev Jahon banki va XVJ vakillarini qabul qildi
Jahon banki bilan Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning eng asosiy yoʻnalishlarini qamrab oluvchi yangi uzoq muddatli Mamlakat dasturini ishlab chiqish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Jahon banki taʼsischi davlatlarining “Shveysariya guruhi” yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Antonella Bassani davlatimiz rahbariga Jahon banki prezidenti Ajay Banganing samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Jahon banki guruhi bilan strategik hamkorlikni Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha keng miqyosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan ikki tomonlama aloqalar va konstruktiv sheriklik misli koʻrilmagan darajaga koʻtarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻtgan yil sentabr oyida Nyu-York shahrida Jahon banki prezidenti bilan erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Qoʻshma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Toshkent shahrida Jahon bankining mintaqaviy ofisi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Moliyalashtirishning yangi mexanizmlari samarali joriy etilmoqda.
Joriy yilda boʻlib oʻtadigan Jahon banki oliy rahbariyatining tashriflari va qoʻshma tadbirlarga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligi taʼkidlandi.
Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning eng asosiy yoʻnalishlarini qamrab oluvchi yangi uzoq muddatli Mamlakat dasturini ishlab chiqish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish boʻyicha qoʻshma dasturlarni ilgari surish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishda Jahon banki guruhining moliyaviy vositalaridan foydalanishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Suv xoʻjaligi sohasini moliyalashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilashga koʻmaklashish masalalarida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Xalqaro valyuta jamgʻarmasi “Shveysariya guruhi”ning navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan jamgʻarma boshqaruvchi direktorining oʻrinbosari Bo Lini qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Bo Li davlatimiz rahbariga Xalqaro valyuta jamgʻarmasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevaning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Global moliya bozorlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Ushbu nufuzli xalqaro institut bilan amaliy hamkorlikni, eng avvalo, oʻtgan yil sentabr oyida Nyu-York shahrida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi rahbari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar doirasida yanada mustahkamlashning asosiy jihatlari koʻrib chiqildi.
Yurtimizda pul-kredit, valyuta va fiskal siyosatni takomillashtirish kabi yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda jamgʻarma muhim oʻrin tutishi qayd etildi.
Makroiqtisodiy siyosat strategiyasi va raqamli toʻlovlar tizimini rivojlantirish, kapital harakatini liberallashtirish, milliy statistika metodologiyasi va davlat daromadlarini boshqarishni takomillashtirish hamda erkin valyuta ayirboshlash kursini qoʻllab-quvvatlash masalalarida ekspertlik va texnik koʻmakni yanada kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Mamlakatimiz iqtisodiy idoralari uchun kadrlar tayyorlash dasturlarini rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
