Oktabr oyida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon rahbarlarining maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Oktabr oyida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon rahbarlarining maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat, qardosh Turkmaniston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Oʻz navbatida Xalq Maslahati Raisi Oʻzbekiston yetakchisiga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomini yetkazdi.
Tomonlar strategik sheriklikning bugungi holatini yuksak baholadilar. Barcha darajalarda yaqin va samarali aloqalar davom ettirilmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror surʼatda oʻsmoqda, sanoat, energetika, transport va boshqa ustuvor tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. “Shovot-Toshovuz” savdo zonasi unumli faoliyat yuritmoqda.
Hududlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Yaqinda Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlarining yakunlari yuksak baholandi.
Joriy yil oktabr oyida Turkmanistonda boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish doirasida mintaqaviy kun tartibini muvofiqlashtirish va ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
