Iyul oyidan boshlab kasallik nafaqalarini toʻlashning yangi tartibi joriy etiladi
Bir kalendar yilidagi kasallikning dastlabki 5 kuni uchun nafaqa ish beruvchi tomonidan toʻlanadi. Oltinchi kundan boshlab esa toʻlovlar Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi.

1 iyuldan boshlab kasallik nafaqalarini toʻlashning yangi tartibi joriy etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 noyabrdagi PF–206-son Farmoniga muvofiq davlat ijtimoiy sugʻurtasi tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab homiladorlik va tugʻish nafaqalarini Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan proaktiv tarzda tayinlash va toʻlash tizimi ishga tushirildi. Buning uchun Ijtimoiy sugʻurta axborot moduli yaratildi hamda 10 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari oʻzaro integratsiya qilindi.
Natijada tizim oʻz samaradorligini amalda koʻrsatmoqda. Joriy yilning dastlabki besh oyida 81 mingdan ortiq mehnatga layoqatsizlik varaqasi avtomatik tarzda koʻrib chiqildi. Shundan 58 ming holat boʻyicha qariyb 660 milliard soʻm miqdorida homiladorlik va tugʻish nafaqalari tayinlanib, toʻlab berildi.
Ayniqsa, xususiy sektorda mehnat qilayotgan ayollarning ijtimoiy himoyasi sezilarli darajada kuchaydi. Agar 2025 yilda ularga 13,5 milliard soʻm nafaqa toʻlangan boʻlsa, bugungi kunda ushbu koʻrsatkich 141,6 milliard soʻmga yetdi. Bir nafar ayolga toʻlanadigan oʻrtacha nafaqa miqdori esa 2,6 million soʻmdan 14,8 million soʻmgacha oshdi.
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi tizimini rivojlantirishning navbatdagi bosqichi 2026 yil 1 iyuldan boshlanadi.
Endilikda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, yaʼni kasallik nafaqalari ham Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Yangi tartibga koʻra, bir kalendar yilidagi kasallikning dastlabki 5 kuni uchun nafaqa ish beruvchi tomonidan toʻlanadi. Oltinchi kundan boshlab esa toʻlovlar Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi. Ilgari esa mazkur xarajatlar toʻliq ish beruvchi zimmasida edi.
Kasallik nafaqasi miqdori fuqaroning sugʻurta stajiga qarab belgilanadi. Sugʻurta staji 6 oydan 8 yilgacha boʻlganlarga oʻrtacha ish haqining 60 foizi, 8 yildan ortiq stajga ega boʻlganlarga esa 80 foizi miqdorida nafaqa toʻlanadi.
Shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, qaramogʻida 18 yoshgacha boʻlgan toʻrt nafar va undan ortiq farzandi bor fuqarolar hamda nogironligi boʻlgan farzandni tarbiyalayotgan oilalar uchun nafaqa miqdori qoʻshimcha 20 foizga oshiriladi.
Yangi tizimda bolalarni parvarish qilish boʻyicha ham qoʻshimcha ijtimoiy kafolatlar nazarda tutilgan. Xususan, 14 yoshgacha boʻlgan bolani parvarish qilish uchun qoʻshimcha 20 kalendar kun, 16 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolani parvarish qilish uchun esa qoʻshimcha 40 kalendar kungacha nafaqa toʻlanadi.
Toʻlovlar «Baraka» tizimi orqali amalga oshiriladi. Har bir fuqaro uchun virtual karta avtomatik ravishda ochiladi va mablagʻlar ushbu kartaga oʻtkaziladi.
Kasallik nafaqalarini moliyalashtirish muddatlari ham aniq belgilangan. Oyning 1–15 sanalarida tayinlangan nafaqalar shu oyning 25 sanasigacha, 16–31 sanalarida tayinlangan nafaqalar esa keyingi oyning 10 sanasigacha toʻlab beriladi.
Yangi tartib davlat va xususiy sektorda mehnat qilayotgan, majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasi bilan qamrab olingan barcha fuqarolarga tatbiq etiladi. Buning uchun kamida 6 oylik sugʻurta stajiga ega boʻlish talab etiladi.
