platina.uz
JCh-2026

“Kvota oshgani uchun chiqdik” deb vaysayotganlar diqqatiga: eplagan pishiradi, eplay olmagan – kuydiradi!

Goʻyoki bu muvaffaqiyat jamoamizning maydondagi mehnati evaziga emas, shunchaki qogʻozdagi oʻzgarishlar sababli oʻz-oʻzidan kelib qolgandek talqin etilyapti. Keling, bunday yuzaki qarashlarni chetga surib, aniq faktlar va raqamlarga yuzlanamiz

“Kvota oshgani uchun chiqdik” deb vaysayotganlar diqqatiga: eplagan pishiradi, eplay olmagan – kuydiradi!

Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga yoʻllanma olganini shunchaki “kvotalar soni oshgani” bilan bogʻlab, futbolchilarimiz va murabbiylar shtabining mehnatini qadrsizlantirishga urinishlar koʻzga tashlanmoqda. Goʻyoki bu muvaffaqiyat jamoamizning maydondagi mehnati evaziga emas, shunchaki qogʻozdagi oʻzgarishlar sababli oʻz-oʻzidan kelib qolgandek talqin etilyapti. Keling, bunday yuzaki qarashlarni chetga surib, aniq faktlar va raqamlarga yuzlanamiz.

Osiyo qitʼasi uchun kvotalar soni 8,5 taga yetkazilgani ayni haqiqat. Biroq hal qiluvchi uchinchi saralash bosqichi reglamentiga koʻra, faqat oʻz guruhida dastlabki ikki oʻrinni egallagan jamoalargagina toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanma taqdim etilardi. Qolgan barcha oʻrinlar (3 va 4-pogʻonalar) esa toʻrtinchi bosqichning murakkab pley-off “elagidan” oʻtishga mahkum edi.

Oʻzbekiston terma jamoasi qoʻshimcha ajratilgan 5, 6 yoki 8-oʻrinlar uchun kurashgan yordamchi pley-off bosqichlari orqali emas, balki oʻz guruhida dastlabki soniyadanoq peshqadamlikni qoʻlga kiritib, marraga 2-oʻrin bilan yetib keldi. Bu — qitʼaning eng kuchli elita jamoalari safida toʻgʻridan-toʻgʻri chiptaga ega boʻlish deganidir. Jamoamiz masalani hech qanday pley-offlarsiz, muddatidan oldin hal qildi.

Agar ushbu muvaffaqiyat faqatgina kvota kengayishi natijasi boʻlganida, guruhimizdagi ulkan moliyaviy resurslarga va qitʼada oʻz mavqeiga ega boʻlgan BAA kabi jamoalar nega toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmadan qolib ketdi? Ular uchun ham imkoniyatlar va kvotalar teng edi.

Oʻzbekiston oʻz tarixida ilk bor ushbu dovonni barqaror oʻyin, maydondagi yuksak xarakter va eng muhimi — ochko yoʻqotishlari minimallashtirilgan tizimli futbol evaziga zabt etdi. Biz birovning inʼomini emas, yillar davomida haqli boʻlganimiz, ammo omadsizlik ortidan boy berilgan tarixiy haqiqatimizni qaytarib oldik.

Kvota kengayishi — bu shunchaki Osiyo futbolining global integratsiyasi uchun FIFA tomonidan yaratilgan umumiy imkoniyat xolos. Undan munosiblar foydalandi, tayyor boʻlmaganlar esa ortda qoldi. Oʻzbekiston bu zafarli yoʻlni kabinetlardagi hisob-kitoblar evaziga emas, yashil maydondagi halol kurash, peshona teri va mantiqiy gʻalabalar bilan bosib oʻtdi.

Muvaffaqiyatni koʻra bilish, oʻzgalar mehnatini va milliy gʻururni qadrlash — yuksak madaniyat belgisidir. Yigitlarimiz Jahon chempionatiga oʻz kuchi bilan chiqdi va eng nufuzli maydonda ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir.

Mayli, masalaga oʻsha tanqidchilar aytganidek oʻta joʻn va sayoz qarab, “kvota koʻpaygani hisobiga chiqdik” deb hisoblaylik. Ammo bu vaziyatda ham bitta oddiy haqiqat yuzaga chiqadi: shunday keng imkoniyatni ham eplagan pishiradi, eplay olmagan esa kuydiradi.FIFA eshiklarni barcha uchun baravar ochib qoʻydi, ammo qitʼaning qanchadan-qancha yetakchi, oʻyin amaliyoti va moliyaviy qudrati yuqori boʻlgan terma jamoalari ushbu tayyor imkoniyatdan ham foydalana olmay, JCh poyezdidanoq qolib ketishdi. Demak, hatto eng sodda mantiq bilan qaraganda ham, bu yerda omad emas, oʻsha berilgan imkoniyatni qabul qila olish va uni gʻalabaga aylantira olish salohiyati — yaʼni sof mahorat birinchi oʻringa chiqqanini tan olish shart.

Vatanimiz shaʼnini koʻtargan oʻgʻlonlarimizga boʻlajak Jahon chempionatida ulkan zafarlar yor boʻlsin!

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid