Uchinchi Reyxning yoʻqolgan oltini. 1945 yilda natsistlar Germaniyasining milliardlab dollarlik oltin va qimmatbaho buyumlari qayerga gʻoyib boʻldi?
Germaniya urush yillari davomida koʻplab mamlakatlarni bosib oldi. Davlat va aholiga tegishli boyliklar Germaniya hududiga olib chiqib ketildi. Ammo urush yakuniga yetgach, bu boyliklar sirli ravishda gʻoyib boʻldi.

1941 yilning 22 iyun kuni tong saharda fashistlar Germaniyasi armiyasi sobiq SSSRga bostirib kirgan edi. Ana shu mashhum sana arafasida urush davriga oid turli voqealarga oydinlik kritishi istagi tugʻiladi.
Maʼlumki, koʻplab qurbonlar va resurslar evaziga hamda ittifoqchilarning yordami bilan nihoyat fashistlar 5 yildan soʻng mavh etildi. Germaniya urush yillari davomida koʻplab mamlakatlarni bosib oldi. Davlat va aholiga tegishli boyliklarni Germaniya hududiga olib chiqib ketdi. Ulkan osori atiqalar, oltin, olmos va boshqa qimmatbaho sanʼat asarlari toʻplami vujudga keldi. Ammo urush yakuniga yetgach, bu boyliklar sirli ravishda gʻoyib boʻldi.

Yoʻqolgan boyliklar izidan
1945 yil bahorida Uchinchi Reyx oʻzining soʻnggi kunlarini yashar edi. Sovet qoʻshinlari Berlinni shiddat bilan egallab borardi. Gʻarb ittifoqchilari ham tez ilgarilab kelardi. Germaniya shaharlari vayrona holatga kelgan edi. Biroq, shunday ogʻir sharoitda ham natsistlar rahbariyati faqat harbiy magʻlubiyat haqida emas, balki boshqa bir nozik masala ustida bosh qotirayotgan edi. Urushu yillarida toʻplangan xazinani qayerga yashirish haqida tortishuvlar yuzaga keldi...

Bu voqeadan buyon sakson yildan ortiq vaqt oʻtdi. Arxivlarning katta qismi ochildi, minglab hujjatlar oʻrganildi, yuzlab ekspeditsiyalar shaxtalar, koʻllar, tunnellar va bunkerlarni tekshirdi. Lekin Toʻrtinchi Reyx oltining sirli yoʻqolishi hanuzgacha XX asrning eng katta sirlaridan biri boʻlib qolmoqda.

Talon-taroj asosiga qurilgan imperiya
Natsist Germaniya iqtisodiyoti asosan Yevropa mamlakatlarini tizimli ravishda talon-taroj qilish hisobidan moliyalashtirilgan. 1938 yilda Avstriya anshlyusi orqali Berlin Avstriyaning oltin zaxiralarini qoʻlga kiritdi. Keyin Chexoslovakiya, Polsha, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Yugoslaviya va boshqa mamlakatlar navbati keldi. Davlat oltini, markaziy bank zaxiralari, muzeylar va shaxsiy kolleksiyalardan olingan qimmatbaho buyumlar Germaniyaga olib ketildi.
Tarixchilar natsist oltinini bir necha toifaga ajratishadi. Bular - Germaniyaning rasmiy oltin zaxirasi, bosib olingan davlatlardan olib ketilgan oltin rezervlari, fuqarolardan musodara qilingan qimmatbaho buyumlar hamda “qurbonlar oltini” — konsentratsion lagerlarda tortib olingan taqinchoqlar va boshqa qimmatliklardir.
Umumiy hisob-kitoblarga koʻra, bu boyliklarning hozirgi qiymati yuzlab milliard dollarga yetishi mumkin.
1944 yil. Borman rejasi
1944 yil yozida, Normandiyaga ittifoqchilar desant tushirganidan soʻng, koʻplab natsist rahbarlari urushda yutqazishganini nihoyat anglab yetishdi. 1944 yil 10 avgustda Strasburgda yirik nemis sanoatchilari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, u yerda urushdan keyingi moliyaviy tizim va kapitalni yashirin ravishda koʻchirish masalalari muhokama qilingan.
Asosiy shaxs sifatida Martin Borman tilga olinadi, chunki u fyurer Adolf Gitler atrofidagi eng taʼsirli odamlardan biri hisoblangan. Ayrim talqinlarga koʻra, aynan shu paytdan boshlab oltinni yashirish, taqsimlash va yashirin yoʻllar orqali olib chiqish operatsiyasi boshlangan.

Yer ostidagi xazinalar
1945 yilga kelib Germaniya ulkan yashirin omborga aylangan edi. Oltin va qimmatbaho buyumlar tuz shaxtalari, togʻ tunnellari, tashlab ketilgan konlar, “SS” maxsus bunkerlari va yer osti zavodlariga yashirilgan edi.
Eng mashhur topilma Merkers tuz shaxtasi boʻldi. 1945 yil aprelida amerikalik qoʻshinlar u yerdan minglab oltin quymalarini, valyuta va sanʼat asarlarini topishdi. Bu topilma natsistlar haqiqatan ham boyliklarini yer ostiga yashirganini isbotladi. Biroq bu faqat umumiy yoʻqolgan boyliklarning kichik qismi edi.

“Oltin poyezd” afsonasi
Eng mashhur sir “oltin poyezd” afsonasi bilan bogʻliq. Ayrim guvohliklarga koʻra, 1945 yil boshida Quyi Sileziyadan oltin, qimmatbaho qogʻozlar va sanʼat asarlari bilan toʻldirilgan maxsus poyezd yoʻlga chiqqan. U Valbjix shahri tomon yoʻnalgan va keyin izsiz yoʻqolgan. Baʼzilar uni yashirin tunnelga kiritilgan deyishsa, boshqalar u yoʻq qilingan deb hisoblaydi. Hozirgacha hech bir taxmin oʻz isbotini topmagan.

Toplits koʻli — eng sirli versiya
Avstriyadagi Toplits koʻli bu sirning ramziga aylangan. Koʻl Alp togʻlari orasida joylashgan boʻlib, u yerda urush davrida yashirin harbiy tadqiqotlar oʻtkazilgan. Keyinchalik u yerda SS tomonidan qimmatliklar yashirilgani haqida gaplar paydo boʻldi.
Bu sirni ochiqlash maqsadida koʻplab marta ekspeditsiyalar oʻtkazilgan, ammo oltin topilmagan. Faqat “Bernxard operatsiyasi” doirasida tayyorlangan qalbaki funt sterlinglar topilgan xolos.
Shveysariya yoʻli
Yana bir taxminga koʻra, oltinning katta qismi allaqachon bank tizimlari orqali “toza” pullarga aylantirib yuborilgan. Maʼlumki neytral Shveysariya urush davrida ulkan moliyaviy markaz hisoblangan. Natsistlar oltinining bir qismi bank tizimi orqali aylantirilgan boʻlishi mumkinligi haqiqatga yaqin keladi.
Keyinchalik oʻtkazilgan surishtiruvlar shuni koʻrsatdiki, natsistlar tomonidan talon-taroj qilingan boyliklarning bir qismi haqiqatan ham Shveysariya bank tizimiga kirib borgan. Agar bu talqin toʻgʻri boʻlsa, u holda “yoʻqolgan oltin”ning katta qismi umuman yoʻqolib ketmagan — u pulga, moliyaviy aktivlarga va xorijiy investitsiyalarga aylantirilgan boʻlishi mumkin.
Argentina va suv osti kemalari
Urushdan keyin yana bir nazariya paydo boʻldi. Maʼlumki, koʻplab yuqori lavozimli natsistlar Janubiy Amerikaga qochib ketishga muvaffaq boʻlgan. Ayniqsa Argentina koʻp tilga olinadi.
Shu xabarlar fonida nemis suvosti kemalari Atlantika orqali oltin tashigani haqidagi hikoyalar paydo boʻldi. Ayrim tadqiqotchilar fikricha, bu boyliklarning bir qismi Germaniya kapitulyatsiyasidan keyin natsistlarning qochish tarmoqlarini moliyalashtirish uchun asos boʻlib xizmat qilgan boʻlishi mumkin.
Bu versiyani tasdiqlovchi toʻgʻridan-toʻgʻri dalillar kam, biroq u urushdan keyin Janubiy Amerikada sobiq natsistlarning koʻp uchrashi haqidagi koʻplab guvohliklar tufayli hanuz saqlanib qolmoqda.
Hamon ochilmagan jumboq
Natsistlarning yoʻqolgan oltini haqidagi tarix — bu shunchaki xazinalar haqidagi hikoya emas. Bu ulkan jinoiy tizim oʻzining harbiy magʻlubiyati muqarrar boʻlib qolgan paytda ham talon-taroj qilingan boyliklarni saqlab qolishga urinib koʻrgani haqidagi tarixdir.

Bugungi kunda aksariyat tarixchilar bir toʻxtamga kelgan: ehtimol, Uchinchi Reyxning yagona “super-xazinasi” mavjud boʻlmagandir. Katta ehtimolga koʻra, oltin yuzlab yashirin joylarga, bank hisoblariga va yashirin evakuatsiya yoʻllariga tarqatib tashlangan. Ittifoqchilar ularning bir qismini topgan, bir qismini qaytargan. Lekin uning bir qismi ehtimol hali ham unutilgan shaxtalarda, suv bosgan tunnellarda yoki Alp koʻllarining tubida yotgan boʻlishi mumkin.
Aynan shuning uchun Uchinchi Reyx oltini XX asrning eng barqaror sirlaridan biri boʻlib qolmoqda va tarix hali uni toʻliq ochib berishga tayyor emas.
Abulfayz Sayidasqarov
