Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuniga bagʻishlangan konferensiya tashkil etildi
BMTning 2025 yildagi global narkovaziyat yuzasidan hisoboti taqdim etilib, giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashda faol ishtirok etgan bir guruh xodimlar taqdirlandi.

Xalqaro giyohvandlik va narkotiklarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Unda Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha Davlat va hududiy komissiyalar aʼzolari, mutasaddi davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Ichki ishlar vazirligi, Bojxona qoʻmitasi, Chegara qoʻshinlari, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Mudofaa sanoati agentligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda boshqa hamkor tashkilotlar ishtirokida sohada amalga oshirilayotgan ishlarni aks ettiruvchi koʻrgazma tashkil etildi.
.jpg)
Shuningdek, BMTning 2025 yildagi global narkovaziyat yuzasidan hisoboti taqdim etilib giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashda faol ishtirok etgan bir guruh xodimlar taqdirlandi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan noqonuniy muomaladan musodara qilingan 2 tonna 963 kg 610 gramm giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hamda prekursorlarni yoʻq qilish marosimi onlayn namoyish etildi.
Tadbir yakunida sanʼatkorlar ishtirokidagi badiiy konsert dasturi namoyish etildi.
