Prezident OAV xodimlariga tabrik yoʻlladi
Sohada xususiy sektor ulushi oshdi. Hozirgi kunda qariyb 2,7 mingta ommaviy axborot vositalarining 67 foizi, noshirlik subʼektlarining 90 foizdan ortigʻi, matbaa korxonalarining 83 foizi nodavlat sektor hissasiga toʻgʻri kelgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tabrik yoʻlladi.
Bu yil ushbu qutlugʻ ayyom milliy matbuotimiz asosi – jadid bobolarimiz tomonidan “Taraqqiy” gazetasi tashkil etilganiga 120 yil, yurtimizda radioeshittirishlar ilk bor tajriba tariqasida uzatilganiga 100 yil toʻlgan kunlarda nishonlanayotgani unga alohida shukuh bagʻishlamoqda.
Yaratilgan mustahkam huquqiy asos, berilgan imtiyoz va preferensiyalar natijasida sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, uning tarkibida xususiy sektorning ulushi yildan yilga oshib bormoqda. Hozirgi kunda qariyb 2 ming 700 ta ommaviy axborot vositalarining 67 foizi, noshirlik subʼektlarining 90 foizdan ortigʻi, matbaa korxonalarining 83 foizi nodavlat sektor hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Joriy yilda nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati oʻtgan yilga nisbatan ikki barobar ortib, oʻrtacha 15 ming nomdagi jami 60 milliondan ortiq nusxada kitoblar nashr etildi.
Axborot oqimi keskin ortib, dipfeyk texnologiyalari keng tarqalayotgan bugungi davrda manbalarning ishonchli ekaniga alohida eʼtibor qaratish mamlakatimizda ham muhim koʻnikmaga aylandi. Qisqa vaqtda turli media loyihalar orqali 10 ming yoshni qamrab oladigan zamonaviy taʼlim tizimi shakllantirildi.
Prezident Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, uning nufuzini oshirish va islohotlar jarayonidagi ishtirokini kengaytirish zarurligini maʼlum qildi.
"Men mamlakat rahbari sifatida milliy ommaviy axborot vositalarimiz davlat va jamiyat oʻrtasida mustahkam koʻprik vazifasini bajarish barobarida xalqimizni umummilliy manfaatlar asosida birlashtiradigan, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni ezgu maqsadlar sari yetaklaydigan qudratli maʼnaviy kuchga aylanishi uchun barcha yordam va koʻmakni koʻrsatishga doimo tayyorman", deya taʼkidlaydi prezident oʻz tabrigida.
