Poytaxtda yilning eng yirik media forumi boshlandi
Unda mamlakatning yetakchi jurnalistlari, blogerlari, vazirlik va idoralar matbuot kotiblari, media ekspertlar hamda kontent yaratuvchilar jam boʻlib, sohaning bugungi holati, dolzarb vazifalari va kelgusi rivojlanish yoʻnalishlarini muhokama qiladi.

27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan poytaxtda milliy media sohasi uchun muhim tadbirlar boshlandi. Bu sana soha vakillari uchun nafaqat kasb bayrami, balki bir yil davomida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar sarhisobi hamdir.
Bugun Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan eng yirik media forum oʻz ishini boshladi. Unda mamlakatning yetakchi jurnalistlari, blogerlari, vazirlik va idoralar matbuot kotiblari, media ekspertlar hamda kontent yaratuvchilar jam boʻlib, sohaning bugungi holati, dolzarb vazifalari va kelgusi rivojlanish yoʻnalishlarini muhokama qiladi.
Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov soʻzga chiqib, media sohasini rivojlantirish, milliy kontent sifatini oshirish hamda zamonaviy axborot makonida raqobatbardosh mediani shakllantirish masalalariga toʻxtalib oʻtishi kutilmoqda.
Shuningdek, forum doirasida joriy yilning 30 martdan 26 iyunga qadar respublika boʻylab ilk bor oʻtkazilgan “Media haftalik” loyihasi yakunlari sarhisob qilinib, eng faol ishtirokchilar taqdirlanadi.
Kun davomidagi dasturdan soha rivojiga munosib hissa qoʻshgan ijodkorlarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi hamda jurnalistika sohasidagi eng nufuzli tanlovlardan biri — “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofoti gʻoliblarini eʼlon qilish tantanalari ham oʻrin olgan.
Shu tariqa 27 iyun mamlakat media sohasi uchun nafaqat kasb bayrami, balki professional muloqot, tajriba almashish va yil davomida erishilgan natijalarni sarhisob qilish maydoniga aylanmoqda.
