Ikki davlat - bir millat: Moldova va Ruminiya birlashuvining ijtimoiy-siyosiy omillari
Birlashuv gʻoyasini qoʻllab-quvvatlash bir xil darajada emas. Eng yuqori darajada qoʻllab-quvvatlovchilar, asosan, yoshlar, yirik shaharlar aholisi, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi moldova diasporasi, yevrointegratsiya tarafdorlaridan tashkil topgan.

Shu kunlarda Moldova va Ruminiyaning birlashuvi mavzusi yana siyosiy kuzatuvchilar eʼtiborini tortdi. Joriy yilning 25 iyun kuni Ruminiyada Moldova bilan birlashish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi parlamentning Deputatlar palatasi (quyi palata) tomonidan maʼqullandi. Bu haqdagi maʼlumot Ruminiya parlamentining Deputatlar palatasi hamda Senati (yuqori palata) rasmiy saytlarida eʼlon qilingan.
Ruminiya OAVlarining xabar berishicha, qonun loyihasi «jim qabul qilish» deb ataluvchi tartib asosida maʼqullangan. Ushbu tartibga koʻra, 45 kun ichida plenar majlisda koʻrib chiqilmagan va rad etilmagan tashabbuslar avtomatik ravishda maʼqullangan deb hisoblanadi.
Ruminiya va Moldovani birlashtirish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi «SOS Romania» partiyasi tomonidan muhokama uchun taqdim etilgan. Hujjatning 2-moddasida, jumladan, «Ruminiya parlamenti Moldova Respublikasi bilan birlashish haqida qaror qabul qiladi», deb belgilangan. 3-moddada esa «Ruminiya parlamenti mamlakat hukumatini Moldova Respublikasi bilan birlashishni yakuniy rasmiylashtirish maqsadida Kishinyov hokimiyati bilan zudlik bilan, shoshilinch tartibda muzokaralarni boshlashga vakolatli qiladi», deyilgan.
Endi qonun loyihasi Ruminiya parlamenti Senati tomonidan koʻrib chiqilishi lozim. Avvalroq Moldova prezidenti Mayya Sandu ikki mamlakatning birlashuvini qoʻllab-quvvatlashini bildirgan edi.
Garchi bu tashabbus hozircha amalga oshishdan ancha yiroq boʻlsa-da, masalaning qoʻyilishining oʻzi muhim tendensiyani koʻrsatadi: yaqin-yaqingacha fantastika hisoblangan birlashuv gʻoyasi asta-sekin jiddiy siyosiy muhokamaning bir qismiga aylanmoqda.
Ammo bunday ssenariy qay darajada real? Nega ikki mamlakat siyosatchilari va fuqarolarining bir qismi birlashuvni qoʻllab-quvvatlaydi? Kimlar bunga qarshi? Va agar xaritada yagona rumin-moldova davlati paydo boʻlsa, Yevropa uchun nimalar oʻzgaradi?
Bӯlingan xalq tarixi
Zamonaviy vaziyatni tushunish uchun XIX asrga nazar solish kerak.
Hozirgi Moldova hududi tarixan Moldova knyazligi tarkibiga kirgan. 1812 yilda rus-turk urushi yakunlanganidan keyin knyazlikning sharqiy qismi — Bessarabiya — Rossiya imperiyasi tarkibiga qoʻshib olindi.
Imperiya parchalanganidan soʻng, 1918 yilda mahalliy parlament — Sfatul Seriy — Ruminiya bilan birlashish uchun ovoz berdi. Biroq Sovet Rossiyasi bu qarorni tan olmadi. 1940 yilda Molotov — Ribbentrop paktidan keyin SSSR Ruminiyaga ultimatum qoʻydi va Bessarabiyani yana bosib oldi. Uning negizida Moldova SSR tashkil etildi.
Aynan sovet davrida alohida moldova milliy oʻzligi shakllantirila boshlandi. Aholining aksar qismi Ruminiya aholisi bilan bir xil tilda soʻzlashgan boʻlishiga qaramay, sovet siyosati izchil ravishda alohida «moldova xalqi» va «moldova tili» mavjudligini taʼkidlab keldi.
1991 yilda SSSR parchalangach, mustaqil Moldova Respublikasi ikki xil milliy oʻzlik — ruminlik va postsovet meros ӯrtasida qoldi.
Ikki davlat, bitta millat gʻoyasi ustuvormi?
Bu savol hamon asosiy siyosiy ajralish chizigʻi boʻlib qolmoqda. Zamonaviy tilshunoslik nuqtai nazaridan olsak, Moldova va Ruminiyaning davlat tili — rumin tilidir. Aynan shu nom Moldova qonunchiligida ham mustahkamlangan. Biroq Moldova aholisining sezilarli qismi sovet madaniy merosi taʼsiridv oʻzini alohida millat sifatida qabul qilishda davom etmoqda. Buning sabablari tildan koʻra koʻproq tarixiy tajriba, sovet oʻtmishi haqidagi xotira va 1991 yildan keyin davlatchilik shakllanishining oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq. Shuning uchun bahs madaniyat yoki til haqida emas, balki siyosiy oʻzlik haqida ketmoqda. Baʼzilar uchun birlashuv tarixiy adolatni tiklashni anglatadi. Boshqalar uchun esa — oʻz davlatining yoʻqolishini bildiradi.
Nega birlashuv gʻoyasi yana dolzarb boʻlib qoldi?
1990 va 2000-yillar davomida birlashuv masalasi koʻproq mafkuraviy loyiha sifatida qaralar edi. Vaziyat 2014 yildan keyin keskin oʻzgara boshladi.
Rossiya tomonidan Qrimning anneksiya qilinishi, Ukrainaning sharqidagi urush va keyinchalik 2022 yilda boshlangan keng koʻlamli Rossiya — Ukraina mojarosi butun Sharqiy Yevropada xavfsizlik haqidagi tasavvurlarni tubdan oʻzgartirdi. Koʻplab moldovalik siyosatchilar uchun mamlakat tashqi bosimlar oldida hamon zaif ekani ayon boʻldi. Bunday sharoitda Ruminiya bilan birlashuv nafaqat milliy loyiha, balki xavfsizlik vositasi sifatida ham koʻrila boshladi. Aslida, gap Yevropa Ittifoqi va NATOning siyosiy makoniga avtomatik ravishda kirish imkoniyati haqida bormoqda.
Mayya Sandu va Yevropa tanlovi
Moldova prezidenti Mayya Sandu anʼanaviy ravishda mamlakatning gʻarbparast yoʻnalishi bilan bogʻlanadi. Biroq muhim bir jihatni tushunish lozim.
Sandu birinchi navbatda Moldovaning Yevropa Ittifoqiga kirishiga intiladi, Ruminiya bilan darhol birlashishga emas. Sanduning siyosiy strategiyasi mustaqil Moldova davlatining Yevropa integratsiyasi gʻoyasi atrofida qurilgan. Shu bilan birga, u bir necha bor taʼkidlaganidek, agar fuqarolarning koʻpchiligi birlashuvni qoʻllab-quvvatlasa, xalqning demokratik tanlovi hurmat qilinishi zarur. Amalda Kishinyovdagi hozirgi hokimiyat birlashuvni bugungi siyosatning rasmiy maqsadi sifatida emas, balki kelajakdagi ehtimoliy ssenariy sifatida koʻradi,
Kimlar birlashuvni qoʻllab-quvvatlaydi?
Tan olish kerak birlashuv gʻoyasini qoʻllab-quvvatlash bir xil darajada emas. Eng yuqori darajada qoʻllab-quvvatlovchilar, asosan, yoshlar, yirik shaharlar aholisi, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi moldova diasporasi, yevrointegratsiya tarafdorlaridan tashkil topgan.
Soʻnggi yillarda birlashuv gʻoyasini qoʻllab-quvvatlash darajasi sezilarli ravishda oshdi. Ӯtkazilgan turli tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Moldovada birlashuv tarafdorlari ulushi savolning qoʻyilishi va hisoblash usuliga qarab taxminan 35 foizdan 50 foizgacha oʻzgarib turadi.
Ayniqsa bir barqaror natija diqqatga sazovor: fuqarolardan daromadlar va ijtimoiy standartlar Ruminiya darajasigacha koʻtarilishi sharti bilan birlashuvga rozi boʻlish-boʻlmasliklari soʻralganda, qoʻllab-quvvatlash darajasi ancha yuqori boʻlgan. Bu esa iqtisodiy omil tarixiy omildan kam ahamiyatga ega emasligini koʻrsatadi.
Nega koʻplab moldovaliklar birlashishga qarshi?
Buning kamida toʻrtta sabab mavjud.
Birinchi sabab — davlatchilikni saqlab qolish.Koʻplab fuqarolar uchun mustaqil Moldova oʻziga xos qadriyat hisoblanadi.
Ikkinchi sabab — sovetcha milliy oʻzlik (identifikatsiya). Bu ayniqsa katta avlod va rus tilida soʻzlashuvchi aholining bir qismi orasida kuchli saqlanib qolgan.
Uchinchi sabab — Buxarestning siyosiy ustunlik qilishi haqidagi xavotirlar bilan bogʻliq. Jamiyatning bir qismi birlashuvdan keyin Moldova yirikroq davlatning chekka hududiga aylanib qolishidan qoʻrqadi.
Toʻrtinchi sabab — mintaqaviy omil. Ayniqsa, Rossiya amalda bosib olgan Pridnestrove va Gagauziya bilan bogʻliq masalalar murakkabligicha qolmoqda.
Pridnestrove tӯsigʻi
Har qanday birlashuv yoʻlidagi asosiy toʻsiq - Pridnestrove boʻlib qolmoqda. Bu hudud 1990-yillar boshidan beri amalda Kishinyov nazoratida emas. Uning hududida hanuz Rossiya harbiylari joylashgan. Aholisiga Rossiya pasportlari tarqatilgan. Moskva uchun Pridnestrove Moldovadagi vaziyatga taʼsir koʻrsatishning yaʼni Ruminiya bilan birlashmasligini taʼminlashning muhim vositasi boʻlib qolmoqda.
Shu bois, birlashuvning har qanday ssenariysi avtomatik ravishda quyidagi savolni qoʻyadi: Kishinyov hokimiyatini ham, Ruminiya tarkibiga kirish istiqbolini ham tan olmaydigan hudud bilan nima qilish kerak? Hozircha bu savolga aniq va samarali javob yoʻq.
Nega Rossiya birlashuvga qarshi?
Moskva nuqtai nazaridan qaraganda, birlashuv Moldovadagi Rossiya taʼsirining batamom yoʻqolishini anglatadi. Aslida, Yevropa Ittifoqi bilan postsovet makoni oʻrtasida joylashgan bir neytral, bufer davlat yoʻqolgan boʻlar edi. Bundan tashqari, Rossiya rahbariyati postsovet davlatlarini oʻz strategik manfaatlari hududining bir qismi sifatida koʻradi. Shuning uchun Kreml anʼanaviy ravishda rumin-moldova birlashuvi haqidagi har qanday muhokamalarni oʻta yomon qabul qiladi.
Yevropa Ittifoqi nima fikrda?
Paradoks shundaki, Bryussel birlashuvning asosiy harakatlantiruvchi kuchi emas. Yevropa Ittifoqining rasmiy pozitsiyasi fuqarolarning suveren tanlovini qoʻllab-quvvatlashdan iborat. Bugun Yevroittifoq Moldovaning tashkilotga mustaqil aʼzo boʻlishiga tayanmoqda.
2022 yilda Moldova Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini olgan edi. 2023 yil dekabrida Yevropa Ittifoqi yetakchilari aʼzolik boʻyicha muzokaralarni ochish haqida qaror qabul qildi, 2024 yil iyunida esa aʼzolik muzokaralari rasman boshlandi. Yevropa integratsiyasi jarayoni bir necha yil avval kutilganidan ancha tez surʼatlarda kechmoqda. Shuning uchun Bryussel uchun birlashuv endi Moldovani Yevropa makoniga kiritishning yagona usuli sifatida koʻrinmaydi. Yaʼni, Moldovvani Yevropa oilasiga qabul qilishlari uchun uning Rruminiya bilan birlashuvi shart emas. Birlashuv - avtomatik ravishda Yevroittifoqqa ӯtishni anglatadi xoloos.
Iqtisodiyot maslasi: kim kӯproq foyda kӯradi?
Moldova uchun iqtisodiy afzalliklar yaqqol kӯrinib turibdi. Mamlakat Ruminiyaga qӯshilsa, ulkan iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi.
Masalan, Ruminiyada oʻrtacha ish haqi Moldovadagidan ancha yuqori. Shuningdek, infratuzilma va boshqa sohalar ham tezroq rivojlangan bӯlar edi. Investitsiyalar va Yevropa fondlaridan foydalanish imkoniyatlari osonlashardi.
Biroq xarajatlar ham mavjud. Ruminiya ijtimoiy standartlarni tenglashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va davlat institutlarini integratsiya qilish uchun katta mablagʻ sarflashiga toʻgʻri keladi. Shu maʼnoda Moldova-Ruminiya birlashuvini koʻpincha Germaniyaning birlashuvi bilan taqqoslashadi.
Oʻsha paytda Sharqiy Germaniya integratsiyasi yuzlab milliard yevro talab qilgan va bu jarayon amalda hozirgacha davom etmoqda. Sovetlar taʼsirida qolgan Sharqiy Germaniya hamon qoloq hudud sifatida qolmoqda.
Yevropa Ittifoqi uchun nimalar oʻzgaradi?
Agar birlashuv amalga oshsa, Yevropa Ittifoqi avtomatik ravishda hozirgi Moldova hududiga kengayadi. Bu Xorvatiya qoʻshilganidan keyingi YeI chegaralaridagi eng yirik oʻzgarish boʻladi. Birlashgan davlat aholisi soni taxminan 22 million kishiga yaqinlashadi. Ruminiya Yevropa institutlari ichidagi siyosiy taʼsirini kuchaytiradi. Yevropa Ittifoqining sharqiy chegarasi yanada Qora dengiz mintaqasi va Ukraina yoʻnalishiga suriladi. NATO uchun esa bu sharqiy qanotda strategik ishtirokning kuchayishini anglatadi.
Birlashuv ssenariysi qay darajada real?
Bugun siyosiy ritorika bilan amaliy siyosat oʻrtasida katta tafovut mavjud. Hatto Ruminiyadagi qonun loyihasi parlamentdagi barcha bosqichlardan oʻtgan taqdirda ham, bu birlashuv jarayoni darhol boshlanishini anglatmaydi.
Bunday loyihani amalga oshirish uchun quyidagilar talab etiladi:
— Moldova fuqarolarining koʻpchilik qoʻllab-quvvatlovi;
— Ruminiya fuqarolarining koʻpchilik qoʻllab-quvvatlovi;
— Pridnestrove masalasining hal qilinishi;
— oʻta murakkab huquqiy tartib-taomillarni muvofiqlashtirish;
— qulay xalqaro vaziyat.
Afsuski, hozircha ushbu shartlarning hech biri toʻliq bajarilgan emas.
Shuning uchun yaqin istiqbolda eng ehtimoliy ssenariy - rasmiy birlashuv emas, balki iqtisodiyot, infratuzilma, taʼlim va Yevropa institutlari orqali Moldovaning rumin va umumevropa makoniga bosqichma-bosqich integratsiyalashuvi boʻlib koʻrinmoqda.
Xulosa
Moldova va Ruminiyaning birlashuvi masalasi allaqachon millatchilarning romantik gʻoyasi boʻlishdan toʻxtagan. Bugun u tarix, geosiyosat va iqtisodiyot kesishgan nuqtada turibdi. Baʼzilar uchun bu tarixiy adolatni tiklash va umumiy ildizlarga qaytishdir. Boshqalar uchun esa davlatchilikni yoʻqotish va yangi mojarolar paydo boʻlishi xavfidir.
Biroq asosiy xulosa biroz boshqacha. Hatto rasmiy birlashuv yuz bermagan taqdirda ham, ikki mamlakatning yaqinlashuv jarayoni allaqachon boshlangan. Umumiy til, yagona madaniy makon, Moldovaning yuz minglab aholisi uchun Ruminiya fuqaroligi, transport va energetika tizimlarining integratsiyasi, shuningdek Kishinyovning Yevropa Ittifoqi tomon harakati Prut daryosining ikki sohili oʻrtasidagi chegaralarni asta-sekin yoʻqotmoqda.
Shuning uchun bugun «Moldova va Ruminiya birlashadimi?» deb emas, «Oʻn yoki yigirma yildan keyin ular oʻrtasidagi chegara qay darajada yӯqolib ketadi» deb sӯrash mantiqqa muvofiqroq bӯladi.
Abulfayz Sayidasqarov
