Hududlar yashirin iqtisodiyot boʻyicha “yashil”, “sariq” hamda “qizil” toifalarga ajratiladi
Oʻzbekistonda 2030 yilgacha yashirin iqtisodiyot hajmini ikki barobar qisqartirish, rasmiy band aholi sonini 14 million nafarga, naqdsiz toʻlovlar ulushini 75 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va sohada prokuror nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Keyingi yillarda bu borada tizimli ishlar amalga oshirildi, xususan, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish boʻyicha maxsus va hududiy komissiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi, soliq va bojxona organlarida xavf tahlili hamda segmentlash tizimlari joriy etilib, qonunchilikdagi yashirin aylanmalarga yoʻl ochayotgan bir qator “tuynuk”lar yopildi, qonunga itoatkor tadbirkorlarni ragʻbatlantirish choralari esa kuchaytirildi.
Amalga oshirilgan choralar natijasida soʻnggi ikki yilda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 35 foizdan 23 foizgacha kamaydi, byudjetga qoʻshimcha 38 trillion soʻm undirildi, rasmiy band aholi soni 8,5 million nafardan oshdi, rasmiy oʻrtacha ish haqi esa 6,5 million soʻmga yaqinlashdi.
Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyot ulushi hali ham yuqoriligicha qolmoqda. Statistik baholashlarga koʻra, joriy yilning birinchi choragida kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi qishloq xoʻjaligida 81,1 trillion soʻmni, savdo va xizmat koʻrsatish sohasida 24,5 trillion soʻmni, qurilishda 23,9 trillion soʻmni, sanoatda esa 6,7 trillion soʻmni tashkil qilmoqda.
Yashirin iqtisodiyot byudjet daromadlarini kamaytirish bilan bir qatorda mamlakatdagi sogʻlom raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatish, norasmiy bandlik tufayli fuqarolarning ijtimoiy himoyalanganlik darajasini pasaytirish, aholi (isteʼmolchilar) hamda tadbirkorlik subʼektlarining qonun bilan belgilangan kafolat va qoʻllab-quvvatlash mexanizmlaridan toʻliq foydalana olmaslik kabi oqibatlarga olib keladi.
Mamlakatimizda 2030 yilgacha yashirin iqtisodiyot hajmini ikki barobar qisqartirish, rasmiy band aholi sonini 14 million nafarga, naqdsiz toʻlovlar ulushini 75 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari tomonidan sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda sohalar va hududlar kesimida yashirin iqtisodiyot xavfi, ehtimoliy byudjet yoʻqotishlari va qoʻshimcha daromad manbalarini aks ettiradigan yagona raqamli platformani yaratish, ushbu platforma yordamida xufiyona aylanmalarni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash hamda bartaraf etish zarurligi boʻyicha koʻrsatmalar berilgan edi.
Taqdimotda aynan shu maqsadda Bosh prokuratura tomonidan yaratilgan va sinov tariqasida ishga tushirilgan “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” platformasining imkoniyatlari haqida axborot berildi.
Platforma iqtisodiyotning 22 ta asosiy tarmogʻi, 85 ta soha, 14 ta maʼmuriy hudud va 208 ta tuman-shahar kesimida yashirin aylanmalar xavfini aniqlash va masʼullar tomonidan ularning bartaraf etilishini nazorat qilish orqali byudjet daromadlarini oshirish hamda sogʻlom raqobatni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Platformani ishlab chiqishda soliq, bojxona, moliya, iqtisodiyot, statistika, ekonometrika va ehtimollar nazariyasi yoʻnalishlari boʻyicha bir qator malakali mutaxassislar jalb qilinib, yuzdan ortiq xavf mezonlari ishlab chiqilgan hamda ularga hudud va tarmoqlarning oʻziga xos xususiyatlari, soliq rejimi, tovar aylanmasi, byudjet uchun ahamiyati va boshqa omillarni inobatga olgan holda individual koeffitsiyentlar belgilangan.
Soha va hududlar kesimida yashirin iqtisodiyot xavfi va ehtimoliy byudjet yoʻqotishlarini aniqlash maqsadida platformaga 16 ta masʼul vazirlik va idoraning axborot tizimlari integratsiya qilingan va barcha maʼlumotlarni real vaqt rejimida qayta ishlash imkoniyati yaratilgan.
Platforma tahlillari asosida yashirin iqtisodiyot xavfi va ehtimoliy byudjet yoʻqotishi miqdoridan kelib chiqib, soha va hududlar avtomatik tarzda “yashil”, “sariq” hamda “qizil” toifalarga ajratiladi.
Mazkur platforma orqali litsenziyasiz faoliyat yuritish, haqiqiy aylanma, ish oʻrinlari va mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasini yashirish, rentabellik va foydani kamaytirish kabi xavflar avtomatik aniqlanadi.
Taqdimotda platformaning imkoniyatlaridan foydalangan holda sohada prokuror nazoratini raqamlashtirish orqali uni yangi bosqichga olib chiqish taklif etildi.
Mazkur jarayonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga masʼul vazirlik va idoralarning kuch va vositalari platforma tahlillari asosida manzilli yoʻnaltiriladi, ularni nazorat qilishda esa inson omili yanada kamaytiriladi. Yashirin iqtisodiyot xavfi yuqori boʻlgan soha va hududlar avtomatik tarzda aniqlanadi, sabablar tahlil qilinadi, masʼul idoralarga manzilli topshiriqlar beriladi, ijro nazorat qilinadi va natijalar baholab boriladi.
Agar tuman yoki shahar darajasida muammo hal etilmasa, masala viloyat bosqichiga, zarur hollarda respublika darajasiga olib chiqiladi. Tizim orqali muammoning ildiz sabablari aniqlanib, uni bartaraf etish, qonunchilikni takomillashtirish va byudjet daromadlarini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
Davlatimiz rahbari yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda asosiy eʼtibor raqamlashtirish, maʼlumotlar almashinuvini kuchaytirish, inson omilini kamaytirish va nazoratni manzilli tashkil etishga qaratilishi zarurligini yana bir bor taʼkidladi.
Masʼullarga 1 oktabrga qadar 70 dan ortiq axborot tizimini platformaga integratsiya qilish, 1 yanvarga qadar barcha hududlar va sohalarni ushbu platforma bilan qamrab olib, toʻliq ishga tushirish topshirildi.
Shuningdek, barcha tadbirkorlik subʼektlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda mutasaddilarning masʼuliyatini oshirishda prokuror nazoratini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.
