platina.uz
Jamiyat

Yoʻlovchining yuk sumkasidan 5 kgdan oshiq "gashish" topildi

Buxoroda uyida "kannabis" oʻstirayotgan fuqaro esa 7 kg "mariuxana"ni saqlab kelayotgani aniqlangan. 

Yoʻlovchining yuk sumkasidan 5 kgdan oshiq "gashish" topildi

Giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq holatlar aniqlandi.

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar oʻtkazildi.

Xususan, “Qarshi – Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina YPX maskanida toʻxtatilib tekshirilganda, unda Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida yashovchi 1966 y.t. fuqaro yoʻlovchi sifatida ketayotganligi maʼlum boʻldi.

Mazkur shaxsga tegishli qoʻl sumkasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning ichida sariq rangli skotch bilan oʻralgan 5 dona boʻlakda, jami 5 kg 32 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Boshqa holatda esa Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida istiqomat qiluvchi, 1974 y.t. shaxs oʻzining yashash xonadoni tomorqasida 33 tup “Kannabis” oʻsimligini yetishtirayotganligi fosh etildi. Shuningdek, ushbu manzildan 7 kg 79 gr “marixuana” giyohvandlik vositasi ham olindi.

Bu kabi holat Fargʻona viloyatida ham qayd etilib, “Andijon-Qoʻqon” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi Bogʻdod tumani hududida toʻxtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan – Qoʻqon shahrida yashovchi 2001 y.t va 1982 y.t. fuqarolarga tegishli qoplar ichida 1200 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi borligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, ayni shu vaqtda “Spark” rusumli avtomashinada ular bilan ketma-ket harakatlanayotgan sherigi - 1986 y.t. shaxs ham qoʻlga olindi.

Bundan tashqari, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu noqonuniy ishga aloqador boʻlgan, 1998 y.t. va 1980 y.t. 2 nafar fuqaro ham ushlandi hamda ulardan jami 345 dona “Tropikamid” va 15 dona “Regapen” dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Aniqlanishicha, mazkur shaxslar Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini olib kelib, sotish bilan shugʻullanishgan.

Hozirda uchala holat boʻyicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid