Shavkat Mirziyoyev Toni Blerni qabul qildi
Toni Bler Yangi Oʻzbekistondagi izchil va keng koʻlamli transformatsiya jarayonlariga yuqori baho berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global oʻzgarishlar instituti raisi Toni Blerni qabul qildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni ekspertlik jihatidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Global oʻzgarishlar instituti bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Toni Bler Yangi Oʻzbekistondagi izchil va keng koʻlamli transformatsiya jarayonlariga yuksak baho berdi. Yaqinda boʻlib oʻtgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi yurtimiz investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali xalqaro maydon boʻlgani eʼtirof etildi.
Iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, yetakchi xalqaro texnologik kompaniyalar va yirik strategik investorlarni jalb etish hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, jumladan, ilgʻor innovatsion yechimlarni joriy qilish kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.
