Samarqand viloyati hokimi ogohlantirildi
Adiz Boboyevga pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador boʻlmagan ishlarga jalb etish qonunchilikka zid ekani hamda bunday holatlar uchun javobgarlik belgilanganligi bildirilgan.

Samarqand viloyati hokimi ogohlantirildi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati hokimining oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarini koʻchalardagi obodonlashtirish va monitoring ishlariga jalb etish tashabbusi keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Amaldagi qonunchilikka koʻra, pedagog xodimlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga majburiy tarzda jalb etish taqiqlanadi.
Agar mazkur tashabbus amaliyotga joriy etilib, pedagoglar faoliyatiga daxldor boʻlmagan ishlarga jalb etilsa, majburiy mehnat holatlarining yuzaga kelishiga sabab boʻladi.
Shu munosabat bilan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevga pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador boʻlmagan ishlarga jalb etish qonunchilikka zid ekani hamda bunday holatlar uchun javobgarlik belgilanganligi yuzasidan ogohlantirish yuborildi.
Har qanday tashabbusni amalga oshirishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etish, pedagoglarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash zarur, deyiladi xabarda.
