platina.uz
Iqtisod

Prezident investitsiya sifati va samaradorligi boʻyicha yondashuvlarni oʻzgartirish kerakligini taʼkidladi

Hokimlar qaysi tumanda qaysi tarmoqni qanday rivojlantirish, nima loyihaga investitsiya olib kelsa, eng yuqori samaradorlikka erishishini aniq hisob-kitob qilishi kerakligi qayd etildi. 

Prezident investitsiya sifati va samaradorligi boʻyicha yondashuvlarni oʻzgartirish kerakligini taʼkidladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi.

Davlatimiz rahbari asosiy masalaga oʻtishdan avval oʻtgan hafta yuksak saviyada oʻtkazilgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga toʻxtaldi. Forum doirasida xorijiy hamkorlar bilan 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilganini taʼkidladi.

"Har bir kelishuv loyihaga, ish oʻrniga, yuqori qoʻshilgan qiymatga aylanishi shart", — dedi Prezidentimiz. Mutasaddilarga xorijiy investorlar koʻtargan 120 ta taklifning yechimi boʻyicha qaror kiritish topshirildi.

Umuman, tarmoq rahbarlari va hokimlar investitsiya sifati va samaradorligi boʻyicha yondashuvlarini oʻzgartirishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Soʻnggi besh yilda yurtimizga kiritilgan jami investitsiyaning yarmi 4 ta hududga toʻgʻri kelgan. Lekin jalb qilingan sarmoyaning iqtisodiyotga qaytimi boʻyicha hududlar oʻrtasidagi tafovut katta.

Masalan, 1 million soʻmlik investitsiya Fargʻonaning yalpi hududiy mahsulotiga qoʻshimcha 273 ming soʻmlik, Samarqandda 262 ming soʻmlik qoʻshilgan qiymat beryapti. Lekin Buxoroda bu atigi 117 ming soʻm. Yaʼni hududga olib kelinayotgan investitsiya samarasi boshqa hududlardan 2 karra past.

Hokimlar qaysi tumanida qaysi tarmoqni qanday rivojlantirish, nima loyihaga investitsiya olib kelsa, eng yuqori samaradorlikka erishishini aniq hisob-kitob qilishi kerakligi qayd etildi.

Buning uchun iqtisodiyotdagi 12 ta tarmoqqa 14 ta “aql markazi” hamda 37 ta sohaviy ilmiy institut va oliygohlar nomma-nom biriktirildi.

Misol uchun, qurilish materiallari tarmogʻiga “aql markazi” sifatida Makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Raqobat siyosati va isteʼmolchilar huquqlari markazi hamda Materialshunoslik instituti va Toshkent arxitektura-qurilish universiteti biriktirildi.

Ular yangi turdagi materiallarga talab, buni qoplash uchun qaysi tumanda nima loyiha qilish, qanday texnologiyadan foydalanish, qaysi yoʻnalishlarda kadr tayyorlash kerakligini tahlil qiladi.

Barcha tarmoq rahbarlariga “aql markazi”, sohaviy ilmiy institut va oliygohlar bilan har bir tuman imkoniyatini shu yondashuv asosida tahlil qilib, yalpi hududiy mahsulot oʻsishiga katta turtki beradigan loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid