Malayziyada 3 nafar oʻzbekistonlik oʻlim jazosiga hukm etilgani maʼlum boʻldi
Safar oldidan ularga nomaʼlum shaxs tomonidan boʻsh chemodanlar berilgan. Kuala-Lumpurga yetib borgach, chemodanlar tekshirilganda har birida 4 kilogrammdan metamfetamin tabletkalari borligi aniqlangan.

Malayziyaga sayohatga borgan 3 nafar oʻzbekistonlik oʻlim jazosiga hukm qilingani maʼlum boʻldi. Bu haqda isteʼfodagi DXX xodimi Oʻktam Suvonov giyohvandlikka qarshi videosuhbat davomida maʼlum qilgan.
Oʻktam Suvonovga koʻra, bu voqea 10 yil avval sodir boʻlgan.
Uch nafar oʻzbekistonlik ayol Malayziyaga “bepul sayohat” deb chaqirilgan. Ulardan birining qizi mahalliy fuqarolardan biriga turmushga chiqqan boʻlgan.
Safar oldidan esa kimligi nomaʼlum shaxs tomonidan boʻsh chemodanlar berilgan. Kuala-Lumpurga yetib borgach, chemodanlar tekshirilganda har birida 4 kilogrammdan metamfetamin tabletkalari borligi aniqlangan.
Eng achinarlisi, ular chemodanlarni kim berganini, nima uchun berilganini bilmagan. Natijada oʻzlari anglamagan holda xalqaro giyohvandlik jinoyati ishtirokchisiga aylanib qolishgan.
Oʻktam Suvonov mazkur voqeani oʻrganish uchun Malayziyaga borgani va gumonlanuvchilardan biri bilan suhbatlashganini aytib oʻtdi. Malayziya qonunlariga koʻra, giyohvand moddalarning asl egasi aniqlanmasa, qoʻlga olinganlar jazolanishi koʻzda tutilgan. Shu sababli Oʻzbekistonning uch fuqarosiga nisbatan jazo ijro etilgan.
