Hokimlarga Qamashi tajribasi asosidagi yangicha loyihalashni oʻrganish topshirildi
Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlab chiqqan yangicha loyihalash yondashuvi asosida Qamashi tumanida 4 ming xonadonli “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilishi boshlangan. Mazkur loyihada toʻliq energiya tejamkor mahalliy mahsulotlar ishlatiladi.

Yurtimizda har yili oʻrtacha 65 ming yakka tartibdagi uy-joylar qurilmoqda, yana 200-250 ming xonadon taʼmirlanyapti.
“Ochiq aytish kerak, hali koʻpchilik energiya tejamkor materiallarning afzalliklari haqida yetarlicha xabardor emas”, – dedi Prezidentimiz.
Xonadonlarni isitishning oʻziga iqtisodiyotdagi jami gaz isteʼmolining 20 foizi, elektr energiyasining esa 11 foizi sarflanmoqda. Agar uyning fasad va tom qismi issiqlik saqlovchi material bilan qoplansa, energiya tejamkor oyna qoʻyilsa, energiya sarfi 30 foizgacha kamayadi.
Bu borada Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlab chiqqan yangicha loyihalash yondashuvi asosida Qamashi tumanida 4 ming xonadonli “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilmoqda.
Eng muhimi, mazkur loyihada toʻliq energiya tejamkor mahalliy mahsulotlar ishlatilib, tannarx kamida 20 foizga arzon tushadi, uyni isitish-sovitish xarajatlari 30 foizga qisqaradi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga Qamashi tajribasi asosidagi yangicha loyihalash yondashuvini oʻrganish topshirildi. Joriy yil Yangi Oʻzbekiston qiyofasi olib kiriladigan 33 ta tuman va shahardagi koʻp qavatli uy-joylar qurilishi faqat shunday yondashuv asosida amalga oshirilishi belgilandi.
Xonadonlarni qurish va taʼmirlashda energiya tejamkor materiallarga oʻtish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqib, 19 mingta qurilish korxonasiga ushbu tavsiyalarni, “yashil taʼmir” loyihasi boʻyicha beriladigan imtiyozlar haqidagi maʼlumotlarni qurilish boʻlayotgan har bir mahalla, har bir xonadonga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
