platina.uz
Maqola

AQSh Kubaga hujum qiladimi: bosim strategiyasi va nazorat illyuziyasi

Donald Tramp Kubaga nisbatan Venesuelada qoʻllangan ssenariyga oʻxshash operatsiya oʻtkazilishi mumkinligini maʼlum qildi. Trampning aytishicha, Kubada ehtimoliy harbiy operatsiya yaqinda Venesuelada yuz bergan voqealar ssenariysi boʻyicha rivojlanishi mumkin. 

AQSh Kubaga hujum qiladimi: bosim strategiyasi va nazorat illyuziyasi

AQSh prezidenti Donald Tramp dunyoda 8 ta urushga barham berdi. Endi navbat Kubaga kelyapti. Biroq Kubada qanday urushni toʻxtatishi hozircha nomaʼlum.

Albatta bu kinoya. Ammo haqiqat shuki, AQSh butun Amerika qitʼasida yana Vashington taʼsirini tiklash, Xitoy va Rossiyani siqib chiqarish uchun bel bogʻlagan. Ayniqsa Venesueladagi muvaffaqiyatidan soʻng Tramp rahbariyati ancha ruhlanib ketdi.

Tramp Kubaga koʻz tikmoqda

Yaqinda – 20 iyun kuni Donald Tramp Kubaga nisbatan Venesuelada qoʻllangan ssenariyga oʻxshash operatsiya oʻtkazilishi mumkinligini maʼlum qildi. Trampning aytishicha, Kubada ehtimoliy harbiy operatsiya yaqinda Venesuelada yuz bergan voqealar ssenariysi boʻyicha rivojlanishi mumkin. Shu bilan birga, u Kubaning AQShga geografik jihatdan yaqin joylashgani har qanday ehtimoliy harakatlarni uzoq hududlardagi operatsiyalarga nisbatan «ancha osonlashtirishi»ni taʼkidladi.

Shuningdek, Tramp mintaqa davlatlarining resurslarini taqqoslab, Venesuela katta neft zaxiralariga ega ekanini, Kuba esa qulay geografik joylashuvi va sohil hududlari bilan ahamiyatli ekanini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, joriy yil yanvar oyida Venesuelada oʻtkazilgan operatsiya chogʻida amerikalik kuchlar vaziyat ustidan tezda nazorat oʻrnatishga muvaffaq boʻlgan.

Axios nashri maʼlumotlariga koʻra, AQSh maʼmuriyatida Kubada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan inqirozga javob qaytarish boʻyicha rejalar allaqachon ishlab chiqilgan boʻlib, ularni tayyorlashda davlat kotibi Marko Rubio ham ishtirok etgan. Shu bilan birga, Tramp hokimiyat almashinuvining tinch yoʻl bilan amalga oshishini afzal koʻrishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, ehtimoliy harakatlarning muddati hozircha «moslashuvchan» boʻlib qolmoqda.

Aslini olganda Kuba ustidan nazorat oʻrnatishga urinish faqat bugunning gapi emas. Hammasi uzoq 1950-yillarda boshlangan edi.

AQSh uchun qulay va daromadli “banan” respublikasi

Siyosatshunoslikda “banan respublikasi” degan atama keng qoʻllanilgan. Banan respublikasi (inglizcha banana republic, ispancha república bananera) — Lotin Amerikasi davlatlarini ifodalash uchun qoʻllanilgan atama boʻlib, u siyosiy beqarorlik hamda iqtisodiyotning cheklangan turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishiga kuchli bogʻliqligi bilan tavsiflanadigan mamlakatlarga nisbatan ishlatilgan.

Banan respublikasining bir necha belgilari bor. Milliy daromadning juda noteng taqsimlanishi, infratuzilmaning rivojlanmaganligi, taʼlim va iqtisodiyotning ortda qolganligi, xorijiy kapitalga kuchli qaramlik, nisbatan yuqori inflyatsiya, byudjet taqchilligi, milliy valyuta qadrining pasayishi, diktatura, korrupsiya va davlat boshqaruvidagi suiisteʼmol shular jumlasidandir.

«Banan respublikasi» atamasi ilk bor amerikalik yozuvchi O. Genri tomonidan 1904 yilda yozilgan «Karam va qirollar» (Cabbages and Kings) qissasida qoʻllangan. Zamonaviy siyosiy va iqtisodiy lugʻatda «banan respublikasi» atamasi iqtisodiyoti yaxshi rivojlanmagan, aholining katta qismi kambagʻallikda yashaydigan, milliy boyliklar taqsimotida keskin tengsizlik mavjud boʻlgan, korrupsiya keng tarqalgan va mansabdorlar orasida poraxoʻrlik avj olgan davlatlarni tavsiflash uchun ishlatiladi.

1950-yillar boshida Kubaga ham “banan respublikasi” degan tamgʻani bemalol yopishtirish mumkin edi.

Bu davrda Kuba, koʻplab tahlilchilar taʼbiri bilan aytganda, AQShga «odatiy mustamlakachilikka xos qaramlik» holatida edi. Amerika kapitali orol davlat iqtisodiyotining qariyb 70 foizini nazorat qilardi. Kuba iqtisodiyoti deyarli bitta mahsulot — shakar qamishiga bogʻlanib qolgan edi. Uning Kuba eksportidagi ulushi 80,1 foizni tashkil etar, bu esa mamlakatni iqtisodiy inqirozlar va jahon bozoridagi oʻzgarishlarga nihoyatda zaif qilib qoʻyardi.

Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi uchun juda qulay iqlimga ega boʻlishiga qaramay, Kuba Amerika oziq-ovqat mahsulotlarining eng yirik importchilaridan biri hisoblanardi. Mamlakatning umumiy import xarajatlarining 20–25 foizi aynan oziq-ovqat sotib olishga sarflanardi.

Eng ogʻir ahvolda shakar plantatsiyalari va shakar zavodlarida mehnat qiluvchi ishchilar boʻlgan. Ular faqat shakar qamishini yigʻib olish mavsumida — yilning 3–4 oyidagina ish topa olardi. Shuningdek, yerni ijaraga olib ishlovchi dehqonlar va ulush asosida mehnat qiluvchi qishloq aholisining daromadi na toʻyib ovqatlanishga, na munosib turar joyga yetardi.

1952 yil 10 martdagi davlat toʻntarishi natijasida Kubada hokimiyat tepasiga professional harbiy Fulxensio Batista keldi. U mamlakatni avval ham 1933–1944 yillarda boshqargan boʻlib, bu safar harbiy-politsiya diktaturasini oʻrnatdi.

Batistaning iqtisodiy siyosati allaqachon qashshoq ahvoldagi dehqonlarning yanada yersizlanishiga, yerlarning amerikalik kompaniyalar qoʻlida toʻplanishiga, iqtisodiyotning barcha sohalarida ish haqining pasayishiga va ishsizlikning keskin oshib, taxminan 40 foizga yetishiga olib keldi.

Aholining keng qatlamlari qashshoqlashib borishi, mamlakatning xorijiy kapital va manfaatlarga qaramligining kuchayishi hamda ishsizlikning oʻta yuqori darajasi keyinchalik ijtimoiy portlash uchun zamin yaratdi.

Batistaning davlat toʻntarishi taraqqiyparvar kayfiyatdagi yoshlar orasida kuchli norozilik uygʻotdi. Ularning eng radikal qismiga yosh advokat va siyosiy faoliyatni endi boshlayotgan Fidel Kastro boshchilik qildi. Hukumatga qarshi bir nechta muvaffaqiyatli hujumlardan keyin Kastro tarafdorlari soni tez surʼatlarda koʻpaydi.

Sotsialistik inqilobdan keyingi davr

1958 yil 31 dekabrda Kuba qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni general Fransisko Tabernilya Fulxensio Batistaga armiya jangovor qobiliyatini butunlay yoʻqotganini va isyonchilarning Gavanaga yurishini toʻxtata olmasligini maʼlum qildi. Shu kuni Batista va yana 124 nafar yuqori lavozimli amaldor orolni tark etdi. 1959 yil 1 yanvarda isyonchilar qoʻshinlari Santyago-de-Kuba va Gavana shaharlariga kirib keldi. 8 yanvar kuni esa Fidel Kastro tantanali ravishda poytaxtga yetib keldi. Va Batista rejimi agʻdarildi.

Shu tariqa Kubada yangi siyosiy davr – kommunistparast tuzum davri boshlandi. Inqilobchilar hokimiyatni qoʻlga oldi va mamlakat sotsialistik taraqqiyot yoʻlini tanladi. Bu voqealar natijasida AQSh Kubadagi siyosiy taʼsirining katta qismini va muhim iqtisodiy imtiyozlarini deyarli yarim asrga yoʻqotdi.

Keyingi yillarda Vashington Fidel Kastro hukumatini agʻdarish yoki uning rahbarlariga qarshi turli maxfiy operatsiyalar oʻtkazishga bir necha bor urindi. Ammo bu harakatlarning barchasi muvaffaqiyatsiz tugadi. Buning asosiy sabablaridan biri - Kubaning Sovet Ittifoqi tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlangani edi.

1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalangach, bu yordam sezilarli darajada qisqardi. Keyinchalik Rossiya Kuba bilan munosabatlarni saqlab qolgan boʻlsa-da, uning iqtisodiy va geosiyosiy imkoniyatlari sovet davridagidek keng emas edi. Ayniqsa 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, ulkan sanksiyalar ostida qoldi. Moskva Ukraina bilan ovora boʻlib qolib, tashqi siyosatda kuchsizlana boshladi va dunyo boʻylab taʼsirini yoʻqota boshladi.

Tramp maʼmuriyatining urinishi

2026 yil yozida Kuba masalasi yana xalqaro tahlilchilar diqqat markaziga chiqdi. Donald Trampning Oq uyga qaytishi AQShning orolga nisbatan siyosatida yangi bosqichni boshlab berdi. Yangi sanksiyalar, neft yetkazib berishga qoʻyilgan cheklovlar, moliyaviy bosimning kuchaytirilishi va huquqiy taʼsir mexanizmlarining kengaytirilishi Vashington yana “maksimal bosim” strategiyasiga tayanayotganini koʻrsatmoqda.

Rossiya esa Kuba bilan bogʻliq jarayonga jimgina qarab turishdan boshqa narsaga qodir emas. Masalan, Venesuela yetakchisi Maduro Amerikaga olib kelinganida ham Moskva yordam bera olmadi. Natijada Kuba Venesuela nefti va qoʻllab quvvatlashidan mahrum boʻldi. Buning ustiga AQSh orolni neft blokadasiga soldi – neft olib keluvchi tankerlarni orolga oʻtkazmay qoʻydi. Natijada orolda yogʻilgʻi yetishmovchiligi va inflyatsiya, eng asosiysi – aholining hukumatdan noroziligi kuchaydi. Hatto 13 may kuni xalq norozi boʻlib, koʻcha namoyishlariga chiqdi.

Tramp maʼmuriyati esa izchil rejalar bilan Kubani siqib kelmoqda. 21 may kuni AQSh Kubaning sobiq prezidenti Raul Kastroga qarshi ayblovlar ilgari surdi. U AQSh fuqarolarini oʻldirish maqsadida til biriktirganlikda gumon qilinib, sirtdan ayblandi. Agar bu ish sudda isbotlansa, unga umrbod qamoq jazosi yoki oʻlim jazosi tayinlanishi mumkinligi aytildi.

Shu bilan bir vaqtda Kubaga harbiy bostirib kirish ehtimoli haqida ham tahdidli bayonotlar yangradi. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Vashington ushbu ayblovlarni orolga nisbatan harbiy harakatlar uchun siyosiy va huquqiy asos sifatida qoʻllashi mumkin.

AQShning Kubaga bostirib kirishi qanchalik ehtimolli?

Gavanada Raul Kastroga qarshi ayblovlar ehtimoliy intervensiyaga tayyorgarlik belgisi sifatida qabul qilindi. Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel buni «huquqiy asosga ega boʻlmagan siyosiy harakat» deb atadi. Uning fikricha, bunday qadamning maqsadi harbiy tajovuzni oqlash uchun navbatdagi bahonalar roʻyxatini kengaytirishdan iborat.

Ispaniyaning El Debate nashrining yozishicha, Kastroga qarshi ayblovlar, avvalo, AQSh va Kuba oʻrtasidagi muzokaralar bosi berk koʻchaga kirib qolganini hamda Tramp maʼmuriyati Venesuelada qoʻllangan ssenariyga oʻxshash ehtimoliy intervensiya uchun zamin hozirlayotganini koʻrsatadi.

Neft blokadasi oqibatida jiddiy energetik inqirozga duch kelgan Kuba hukumati esa aholini AQSh bilan ehtimoliy qarama-qarshilikka tayyorlashda davom etmoqda. Xususan, 19 may kuni Dias-Kanel har qanday harbiy bostirib kirish «qonli qirgʻin»ga aylanishi va har ikki tomon uchun hisoblab boʻlmas oqibatlarga olib kelishi mumkinligini taʼkidladi. U shu bilan birga Kubaning oʻzini himoya qilish boʻyicha qonuniy huquqi borligini ham qayd etdi.

Biroq Rossiyadagi «Lotin Amerikasi» ilmiy jurnali bosh muharriri Viktor Xeyfets Kastroga qarshi ayblovlar AQShning yaqin orada Kubaga qarshi harbiy operatsiya boshlashini anglatadi, degan fikrga qoʻshilmaydi. Uning taʼkidlashicha, muzokaralar jarayonida tomonlarning baʼzan oldinga siljishi, baʼzan esa ortga chekinishi - odatiy holat. Masalan, 2014 yildagi AQSh–Kuba muzokaralari qariyb bir yil davom etgan, ammo ularning natijasi haqida kelishuvga erishilgandan keyingina maʼlum boʻlgan. Ha, Amerika harbiy operatsiyasi xavfi maʼlum darajada oshgan, lekin tomonlar hali qaytish mumkin boʻlmagan nuqtadan oʻtgani yoʻq. Ekspertning baholashicha, Kastroga qarshi ishni hozircha Vashingtonning Kuba rahbariyatiga bosim oʻtkazish usullaridan biri sifatida qabul qilish kerak.

«Bejizga emas, Markaziy razvedka boshqarmasi rahbarining Gavanaga tashrifidan bir necha kun oʻtib, AQSh Kuba razvedka xizmati rahbariyatining barcha aʼzolariga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Yaʼni, aynan uchrashuv oʻtkazilgan shaxslarga qarshi chora koʻrildi. Bu Vashington hali ham “qamchi va shakar” taktikasidan foydalanayotganini koʻrsatadi. Garchi hozircha qamchi ustun boʻlsa-da, Tramp harbiy operatsiyadan qochishni istaydi. AQSh armiyasi Kubani yengishi mumkin, ammo amerikaliklar ham muayyan yoʻqotishlarga duch keladi», — deydi Xeyfets.

Xeyfetsning fikricha, hozircha iqtisodiy bosim strategiyasi ancha samarali ishlamoqda. «Kuba iqtisodiyoti shunchaki ogʻir ahvolda emas, balki haqiqiy halokatli holatga tushib qolgan. Chunki blokada oʻtgan yillardagi iqtisodiy xatolarning barcha salbiy oqibatlarini yanada kuchaytirdi. Inqilob odamlar yaxshiroq yashashi uchun qilingan, inqilobning oʻzi uchun yashash uchun emas. Shu sababli mamlakatda norozilik salohiyati ham oshib bormoqda», — deya xulosa qildi ekspert.

Ammo ayrim ekspertlar maʼlum sharoitlarda AQSh Kuba masalasini kuch ishlatish yoʻli bilan hal qilishga urinishi mumkinligini istisno qilmaydi.

Kubani tashqi bosim bilan oʻzgartirish mumkinmi?

Amerika strategiyasining asosiy muammosi shundaki, u tashqi bosim orqali ichki siyosiy jarayonlarni boshqarish mumkin degan tasavvurga tayanadi.

Ammo xalqaro munosabatlar amaliyoti siyosiy tizimlar koʻpincha tashqaridan koʻringanidan ancha barqaror boʻlishini koʻrsatadi.

Davlat jiddiy iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelganda, uning javobi oldindan aniq boʻlmaydi. Jamiyat islohot talab qilishi mumkin. Yangi sharoitlarga moslashishi mumkin. Hokimiyat atrofida jipslashishi mumkin. Yoki bularning barchasi bir vaqtning oʻzida sodir boʻlishi mumkin.

Bugun Kubada aynan shunday jarayon kuzatilmoqda. Bir tomondan, mamlakat ogʻir iqtisodiy davrni boshdan kechirmoqda. Ikkinchi tomondan esa hukumat xususiy tashabbuslar uchun imkoniyatlarni kengaytirmoqda, xorijiy sarmoyalarni jalb qilishga harakat qilmoqda va yangi moslashuv mexanizmlarini izlamoqda.

Jumladan, 20 iyun kuni Kuba parlamenti 175 banddan iborat tarixiy islohotlar paketini maʼqulladi. Kuba Milliy assambleyasi mamlakat sotsialistik iqtisodiyotining salmoqli qismini xususiylashtirishni nazarda tutuvchi islohotlar paketini bir ovozdan qabul qildi.

Qayd etilishicha, hujjatni hukmron Kommunistik partiya va mamlakatning sobiq yetakchisi Raul Kastro ham qoʻllab-quvvatlagan. Agar ushbu chora-tadbirlar eʼlon qilingan shaklda amalga oshirilsa, bu Kuba modelining 1959 yilgi inqilobdan keyingi eng yirik oʻzgarishi va bozor iqtisodiyotiga burilish boʻladi. Boshqacha qilib aytganda, Kuba kommunizmdan – kapitalizm sari yuz burishga urinmoqda.

Kuba iqtisodiyotini liberallashtirish boʻyicha taklif etilgan ushbu choralarning aksariyati mamlakat ichida va tashqarisida uzoq yillar davomida muhokama qilib kelingan, biroq aynan Vashingtonning qattiq bosimi ularni yana birinchi planga olib chiqqan.

Bu Kuba bosimga shunchaki qarshi turmayotganini, balki uning taʼsiri ostida oʻzgarib borayotganini koʻrsatadi. Biroq bu jarayon siyosiy tizimning asoslarini saqlab qolgan holda kechmoqda.

Xulosa oʻrnida

Yaqin yillarda eng ehtimoliy ssenariy — bu uzoq davom etuvchi qarama-qarshilikdir. Tramp maʼmuriyati sanksion bosim siyosatini saqlab qolishi mumkin. Kuba rahbariyati tashqi yordam manbalarini izlashda va ehtiyotkor iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda davom etadi. Vaqti-vaqti bilan muloqotga urinishlar boʻladi, ammo ularning munosabatlarni tubdan oʻzgartirishi ehtimoli katta emas.

Amerika–Kuba munosabatlari tarixi xalqaro siyosat uchun muhim saboqni namoyon etadi. Davlat ulkan iqtisodiy qudrat va bosim oʻtkazish vositalariga ega boʻlishi mumkin. Ammo bu boshqa mamlakatlarning siyosiy taqdirini toʻliq belgilash imkoniyatini anglatmaydi.

Qariyb yetti oʻn yillik qarama-qarshilikdan keyin ham Kuba tashqi boshqaruv obʼekti emas, balki jahon siyosatining mustaqil ishtirokchisi boʻlib qolmoqda. Shuning uchun ham bosim strategiyasi tobora nazorat siyosatiga emas, balki nazorat illyuziyasiga oʻxshab bormoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid