Toshkent shahri boʻylab 29 nafar hokimlik xodimi jinoyat sodir etgani maʼlum qilindi
Hokimlik xodimlariga nisbatan 1 353 ta maʼmuriy huquqbuzarlik rasmiylashtirilganligi aniqlangan.

Toshkent shahri boʻylab 29 nafar hokimlik xodimm jinoyat sodir etgani maʼlum qilindi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha qarorida aytiladi.
Hokimlik xodimlariga nisbatan 1 353 ta maʼmuriy huquqbuzarlik rasmiylashtirilganligi aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Mirobod, Chilonzor, Yunusobod va Yashnobod tumanlarida tuman hokimining 4 nafar yordamchisi hamda Yakkasaroy tumani hokimining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari – Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar oʻtkazilgan.
Suhbatlar davomida ular tomonidan korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etish boʻyicha ogohlantirilgan.
Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi oʻrganilganda, 167 nafar xodimning tijorat tashkilotlarida ishtiroki mavjudligi aniqlangan.
Ushbu holatlarini bartaraf etish maqsadida, 6 nafar xodimning 20 ta tadbirkorlik subʼektidagi taʼsischilik asosidagi faoliyati tugatilgan, 13 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, 7 nafar xodim ishtirokidagi 7 ta tijorat tashkiloti tugatish jarayoniga oʻtkazilgan, 2 nafar xodim ishtirokidagi 2 ta tijorat va notijorat tashkilotlari davlat reyestridan chiqarilgan, shuningdek, 4 nafar xodimning tijorat tashkilotidagi rahbarlik asosidagi faoliyati tugatilgan.
Shu bilan birga, qonunchilik talablari buzilishiga yoʻl qoʻygan 49 nafar hokimlik xodimlari bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar oʻtkazilgan va 55 nafar xodimlar masalasi Odob-axloq komissiyalarida muhokama qilinib, ularga nisbatan “ogohlantirish” axloqiy taʼsir chorasi qoʻllanilgan.
Bundan tashqari, Toshkent shahar va tuman hokimliklari xodimlaridan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar olingan.
Davlat boshqaruvida ochiqlikka oid qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida Toshkent shahar va tuman hokimliklari tomonidan joriy yilning yanvar – aprel oylari davomida “E-qaror” yagona elektron tizimi orqali qabul qilingan qaror va farmoyishlarning yopiq shaklda joylashtirilishi tahlil qilingan.
Tahlil natijalariga koʻra, 2026 yil yanvar oyida qabul qilingan qaror va farmoyishlarning 50,4 foizi “yashirilgan” holda joylashtirilganligi aniqlangan. Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning aprel oyiga kelib, “E-qaror” yagona elektron tizimida qabul qilingan qaror va farmoyishlarning 67 foizi “ochiq” shaklda eʼlon qilinishiga erishilgan.
Shuningdek, Toshkent shahri va tuman hokimliklarida 350 ta qaror va farmoyishlar loyihalari Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tomonidan koʻrib chiqilgan, koʻrib chiqish natijasida 7 ta qaror va farmoyish loyihalari rad etilgan, 153 ta qaror va farmoyishlar xizmat tomonidan muvofiqlashtirilgan.
Oʻrganish natijalarida Toshkent shahar hokimligining zaxira jamgʻarmasidan oʻtkazilayotgan mablagʻlardan 2 mlrd soʻm tejalishiga erishilgan.
Bundan tashqari, Xizmat tomonidan Toshkent shahri va tuman hokimliklariga ishga qabul qilinuvchi 83 nafar nomzod oʻrganilib, natijada 75 nafar nomzodga ijobiy, 8 nafar nomzodga salbiy xulosalar berilgan.
