platina.uz
Iqtisod

Soliq qoʻmitasi P2P oʻtkazmalar va omonatlarga oid maʼlumotlarni banklardan olishi mumkin

Loyihaga koʻra, jismoniy shaxsning bank kartasiga bir kalendar oy davomida boshqa fuqarolarning bir yoki bir nechta bank kartasi yoxud elektron hamyonidan jami 500 BHM va undan koʻp mablagʻ kelib tushsa, bank bu haqdagi maʼlumotlarni soliq organiga taqdim etadi.

Soliq qoʻmitasi P2P oʻtkazmalar va omonatlarga oid maʼlumotlarni banklardan olishi mumkin

Soliq qoʻmitasi P2P oʻtkazmalar va omonatlarga oid maʼlumotlarni banklardan olishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqdi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari hamda omonatlariga oid maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibini belgilovchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Loyihaga koʻra, jismoniy shaxsning bank kartasiga bir kalendar oy davomida boshqa fuqarolarning bir yoki bir nechta bank kartasi yoxud elektron hamyonidan jami 500 BHM va undan koʻp mablagʻ kelib tushsa, bank bu haqdagi maʼlumotlarni soliq organiga taqdim etadi.

Bunda yaqin qarindoshlar tomonidan oʻtkazilgan mablagʻlar, shuningdek, fuqaroning oʻziga tegishli kartalar oʻrtasidagi pul oʻtkazmalari hisobga olinmaydi.

Amaldagi 412 ming soʻmlik BHM boʻyicha 500 BHM 206 mln soʻmga teng. BHM 2026 yil 1 sentabrdan 440 ming soʻmga oshirilgach, mazkur chegara 220 mln soʻmni tashkil etadi.

Banklar soliq organiga pulni qabul qilgan shaxsning F.I.Sh. va JShShIRi, kartasi ochilgan bank va filial kodi, oy davomida kelib tushgan jami summa, pul yuborilgan kartalar yoki elektron hamyonlar rekvizitlari hamda ularning egalariga oid maʼlumotlarni taqdim etishi koʻzda tutilgan.

Mazkur maʼlumotlar operatsiya aniqlangan kundan boshlab bir ish kuni ichida yuboriladi.

Omonat va hisobvaraqlar boʻyicha ham maʼlumot soʻralishi mumkin

Loyiha faqat P2P oʻtkazmalarni emas, balki jismoniy va yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlari hamda omonatlarini ham qamrab oladi.

Soliq organi rasmiy soʻrov yuborgan taqdirda, bank uch kun ichida mijozning hisobvaraqlaridagi operatsiyalar va omonatlariga doir koʻchirmalarni taqdim etishi kerak boʻladi.

Soliq organining soʻrovida bank mijozining F.I.Sh., STIR yoki JShShIRi hamda maʼlumot soʻralayotgan davr koʻrsatiladi. Soʻrov bir yoki bir nechta mijoz boʻyicha yuborilishi mumkin.

Biroq 500 BHMlik mezon omonatlardagi mablagʻ miqdoriga emas, aynan boshqa jismoniy shaxslarning kartalari yoki elektron hamyonlaridan kartaga kelib tushadigan oʻtkazmalarga nisbatan qoʻllanadi.

Yirik operatsiyalar haqida ham maʼlumot beriladi

Loyihada yuridik shaxslarning bir operatsion kun davomida 1 000 BHMdan oshgan operatsiyalari haqida Soliq qoʻmitasiga maʼlumot berish taklif etilgan. Amaldagi BHM boʻyicha bu 412 mln soʻmdan ortiq mablagʻni anglatadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning 500 BHMdan oshgan operatsiyalari, shuningdek, mijozlarning 500 BHMdan koʻp naqd pul olishi ham yirik operatsiya sifatida qayd etiladi.

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar, valyuta konvertatsiyasi bilan bogʻliq ayrim operatsiyalar hamda byudjet tashkilotlarining ish haqi toʻlovlari bundan mustasno qilinadi.

Yuridik shaxslarning yirik operatsiyalariga oid maʼlumotlar har oyning 10, 20 va oxirgi kunida, jismoniy shaxslarga oid maʼlumotlar esa bir ish kuni ichida Soliq qoʻmitasiga yuboriladi.

Jamoatchilik muhokamasi portalidagi izohlarda deyarli barcha foydalanuvchilar mazkur tartib Konstitutsiyaga zid boʻlishi mumkinligini bildirgan.

Ularning fikricha, fuqarolarning bank kartalaridagi operatsiyalar haqida maʼlumotlarning soliq organlariga avtomatik uzatilishi bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar sir tutilishi kafolatlariga daxl qilishi mumkin.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid