Orden, xotira va siyosat: Ukraina va Polsha oʻrtasidan oʻtgan “ola mushuk”
Bir qarashda bu voqea ramziy qadam yoki navbatdagi diplomatik mojaro boʻlib koʻrinishi mumkin. Ammo ushbu ziddiyat ortida ikki davlatning tarixiy xotirasi, milliy oʻzligi va siyosiy manfaatlari toʻqnashuvi yotibdi. Holbuki, yaqin vaqtgacha aynan shu ikki mamlakat Sharqiy Yevropadagi strategik hamkorlikning namunasi sifatida koʻrilar edi.

Iyun oyida Polsha va Ukraina munosabatlari Rossiya–Ukraina urushi boshlanganidan buyongi eng jiddiy inqirozlardan birini boshdan kechirmoqda.
Polsha prezidenti Karol Navrotskiy Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni mamlakatning eng oliy davlat mukofoti — “Oq Burgut” ordenidan (pol. Order Orła Białego) mahrum qilish haqida qaror qabul qildi. Bunga Kiyevning Ukraina Qurolli kuchlari boʻlinmalaridan biriga Ukraina Qoʻzgʻolonchilar Armiyasi (UQA) faxriy nomini berish toʻgʻrisidagi qarori sabab boʻldi.
Bir qarashda bu voqea ramziy qadam yoki navbatdagi diplomatik mojaro boʻlib koʻrinishi mumkin. Ammo ushbu ziddiyat ortida ikki davlatning tarixiy xotirasi, milliy oʻzligi va siyosiy manfaatlari toʻqnashuvi yotibdi. Holbuki, yaqin vaqtgacha aynan shu ikki mamlakat Sharqiy Yevropadagi strategik hamkorlikning namunasi sifatida koʻrilar edi.
_-_Tallinn_Museum_of_Orders.jpg)
Tarix siyosatdan ustun kelganida
Polsha va Ukraina munosabatlari har doim tashqi koʻrinishidan koʻra murakkabroq boʻlgan. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli bosqini boshlanganidan keyin koʻplab eski ziddiyatlar vaqtincha chetga surildi. Polsha Ukrainaning eng asosiy ittifoqchilaridan biriga aylandi.
Gʻarb qurol-yarogʻlarining asosiy taʼminot yoʻllari Polsha hududi orqali oʻtdi. Millionlab ukrainalik qochqinlar Polsha shaharlaridan boshpana topdi. Polsha rahbariyati Kiyev manfaatlarini Yevropa Ittifoqi va NATO doirasida faol himoya qildi. Jamoatchilik ongida ikki xalqni umumiy xavf birlashtirib turgani haqidagi tasavvur shakllandi. Biroq eng yaqin hamkorlik davrida ham hal etilmagan bir mavzu saqlanib qoldi. Bu Ikkinchi jahon urushi voqealari, avvalo Volin fojiasi bilan bogʻliq masaladir.
Polyaklarning aksariyati uchun Volin voqealari XX asrdagi eng ogʻir milliy fojialardan biri hisoblanadi. 1943–1944 yillarda Volin va Sharqiy Galitsiya hududlarida polyak aholisiga qarshi amalga oshirilgan ommaviy qirgʻinlar Polshada ukrain millatchilari tashkilotlari tomonidan rejalashtirilgan etnik tozalash sifatida qabul qilinadi.
Ukraina tarixiy tafakkurida esa boshqacharoq manzara shakllangan. Jamiyatning katta qismi uchun UQA Sovet Ittifoqi va natsistlar hukmronligiga qarshi mustaqillik uchun kurash ramzi hisoblanadi. Shu bois Stepan Bandera va milliy harakatning boshqa yetakchilari nafaqat xorijda, balki Ukrainaning oʻzida ham bahsli shaxslar boʻlib qolmoqda. Aslida bu hodisani ikki millatning tarixiy xotirasi va milliy oʻzligi toʻqnashuvi deb atash mumkin.

Nega aynan hozir?
Koʻpchilikni qiziqtirayotgan savol — nega bu inqiroz aynan hozir yuzaga keldi? Buning bir nechta sabablari bor.
Avvalo, Karol Navrotskiyning shaxsi muhim ahamiyatga ega. Uning oʻtmishdoshi Andjey Duda Kiyev bilan strategik hamkorlikka urgʻu bergan boʻlsa, Navrotskiy siyosatga tarix sohasidan kirib kelgan. Prezidentlikka qadar u Polsha Milliy xotira institutiga rahbarlik qilgan va tarixiy haqiqatni himoya qilish zarurligini doimo taʼkidlab kelgan.Shu bois uning uchun Volin mavzusi ikkinchi darajali masala emas.

Ikkinchidan, Polsha jamiyatidagi kayfiyat oʻzgarmoqda. Bir necha yillik keng koʻlamli yordamdan keyin ayrim polyaklar Kiyev Polsha manfaatlari va tarixiy sezgirliklarini qay darajada hisobga olayotgani haqida savol bera boshladi. Ukraina gʻallasi atrofidagi bahslar, transport tashuvlari boʻyicha kelishmovchiliklar, bozorlardagi raqobat va urushdan charchoq jamoatchilik muhitini oʻzgartirdi. Polyaklarning aksariyati hamon Ukrainani qoʻllab-quvvatlayotgan boʻlsa-da, avvalgi hissiy yaqinlik ancha susaygan.
Uchinchidan, Polsha ichki siyosati omilini ham inkor etib boʻlmaydi. Prezident Navrotskiy va bosh vazir Donald Tusk hukumati oʻrtasida bir qator masalalar boʻyicha jiddiy qarama-qarshiliklar mavjud. Bosh vazir va tashqi ishlar vazirining mazkur qarordan ochiqcha uzoqlashishi ham bejiz emas. Shu tariqa, orden atrofidagi mojaro bir vaqtning oʻzida ham tashqi siyosiy, ham ichki siyosiy tus oldi.

Orden — siyosiy ramz sifatida
“Oq Burgut” ordeni oddiy mukofot emas. Polsha siyosiy madaniyatida u davlat va xalq oldidagi alohida xizmatlarning eng yuqori eʼtirofi hisoblanadi. Zelenskiy 2023 yilda mazkur ordenni olganida, bu qaror Rossiya agressiyasiga qarshi qoʻshma kurash uchun minnatdorlik ramzi sifatida qabul qilingan edi.

Amalda Varshava shu orqali butun dunyoga Ukrainani nafaqat hamkor, balki eng muhim strategik ittifoqchilardan biri sifatida koʻrayotganini namoyish qilgan.
Shuning uchun ham ordenning qaytarib olinishi yuridik emas, balki avvalo siyosiy va maʼnaviy ahamiyatga ega. Bu Polsha uchun tarixiy xotira geosiyosiy hisob-kitoblardan ham muhim ekanini koʻrsatuvchi ishoradir.
Ukraina tomonining keskin munosabati ham shu bilan izohlanadi. Ukraina diplomatlari va yuqori martabali amaldorlarining Polsha mukofotlarini qaytarishi Kiyevning javob signali boʻldi: Ukraina oʻz tarixiy siyosati masalasida tashqi bosimni qabul qilish niyatida emas. Zelenskiy bu ordenni pochta orqali Polsha rahbariyatiga qaytarib yubordi va suratlarini namoyishkorona ijtimoiy tarmoqlarga joyladi.

Bu mojaro frontga taʼsir qiladimi?
Xoʻsh, mazkur voqea frontga taʼsir qiladimi? Hozircha bunday ehtimol katta emas.
Ukrainaga harbiy yordam masalasi birinchi navbatda Polsha hukumati qarorlariga bogʻliq. Donald Tusk hukumati esa Yevropadagi eng qatʼiy proukrain pozitsiyaga ega hukumatlardan biri boʻlib qolmoqda. Bundan tashqari, Polsha Gʻarb qurollarini Ukrainaga yetkazib berishdagi asosiy logistika markazi vazifasini saqlab turibdi.
NATO va Yevropa Ittifoqi nuqtai nazaridan Polsha–Ukraina hamkorligining saqlanishi butun mintaqa xavfsizligi uchun strategik ahamiyatga ega.
Biroq uzoq muddatli oqibatlar ancha jiddiy boʻlishi mumkin. Zero, urushlar faqat qurol bilan emas, balki jamoatchilik qoʻllovi bilan ham yutiladi. Agar tarixiy bahslar yanada kuchaysa, bu Polsha jamiyatining Ukrainaga nisbatan munosabatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Natijada Kiyevga nisbatan qattiqroq siyosat talab qiladigan siyosiy kuchlar taʼsiri oshishi ehtimoldan xoli emas.
Ukraina uchun bu, ayniqsa, Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlish istiqboli nuqtai nazaridan muhimdir. Polsha Yevropa institutlarida katta taʼsirga ega davlat hisoblanadi. Shu sababli Varshava bilan munosabatlarning yomonlashishi kelajakdagi muzokaralarni qiyinlashtirishi mumkin.
Eski Yevropaning qaytishi
Bugungi voqealar Yevropa siyosatidagi muhim qonuniyatni yana bir bor namoyon qilmoqda.
Tarix hech qachon butunlay yoʻqolib ketmaydi. U maʼlum vaqtgacha kun tartibidan tushishi mumkin, ammo ertami-kechmi yana qaytib keladi.
2022 yildan keyin koʻpchilik Rossiya–Ukraina urushi Sharqiy Yevropaning siyosiy manzarasini butunlay oʻzgartirdi, deb oʻylagan edi. Goʻyo avvalgi tarixiy bahslar ahamiyatini yoʻqotgandek tuyulgan.
Ammo bugungi inqiroz aksini koʻrsatmoqda. Yevropa qitʼasidagi va asrimizdagi eng yirik va uzoq muddatli harbiy toʻqnashuv davom etayotgan bir paytda ham sakson yil avvalgi voqealar davlat rahbarlarining qarorlariga taʼsir koʻrsatishda davom etmoqda.
Shu maʼnoda Oq Burgut ordeni atrofidagi mojaro oddiy diplomatik kelishmovchilik emas. U davlatlar oʻrtasidagi ittifoqlar faqat umumiy manfaatlar asosida emas, balki oʻtmish haqidagi kelishuv va oʻzaro tushunish asosida ham qurilishini eslatib turadi.
Polsha va Ukraina hali ham umumiy tahdidlar qarshisida tabiiy ittifoqchilar boʻlib qolmoqda. Ammo bu inqiroz strategik hamkorlik ogʻriqli tarixiy masalalarni chetlab oʻtish hisobiga abadiy saqlanib qolmasligini koʻrsatdi.
Shu oʻrinda Varshava va Kiyev hamkorlikni davom ettira oladimi yoki yoʻqmi, degan savol oʻrinsiz. Katta ehtimol bilan hamkorlik davom ettiriladi.
Polsha va Ukraina hozir ham umumiy xavflar qarshisida tabiiy ittifoqchi boʻlib qolmoqda. Biroq bu voqea yana bir haqiqatni namoyon qildi: tarixni uzoq vaqt davomida siyosiy kun tartibidan chetda ushlab turish mumkin, ammo uni butunlay bekor qilib boʻlmaydi. Volin haqidagi bahslar, UQA merosi va oʻzaro tarixiy daʼvolar hal etilmas ekan, ular ikki davlat munosabatlarida qayta-qayta namoyon boʻlib turadi. Demak, bugungi orden atrofidagi mojaro diplomatik epizoddan koʻra kengroq maʼnoga ega — u Sharqiy Yevropada tarix hanuz siyosatning muhim ishtirokchisi boʻlib qolayotganini koʻrsatdi.
Abulfayz Sayidasqarov
