Toshkentda yongʻinga qarshi alohida rejim joriy etildi
Rejim 2026 yil 15 sentabrgacha davom etadi. Uylardagi umumiy elektr tarqatish qutilarida nominal tok kuchidan yuqori boʻlgan himoya avtomatlari va qoʻlbola saqlagichlardan foydalanish holatlariga butunlay barham beriladi.

Toshkent shahri hududida yongʻinga qarshi alohida rejim joriy etildi.
Toshkent shahar hokimining qarori bilan poytaxt hududida alohida yongʻinga qarshi rejim joriy etilishi belgilandi. Qaror 2026 yil 26 iyun kuni qabul qilingan.
Bu qaror yoz mavsumida yongʻin xavfsizligini yanada kuchaytirish, yongʻin xavfi yuqori boʻlgan davrda oldini olish choralari va fuqarolar hamda mulkni himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Joylarda yongʻinlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini har tomonlama tahlil qilinadi. Yongʻinga qarshi profilaktika tadbirlariga mutasaddi tashkilotlar mutaxassislarini keng jalb etiladi hamda ushbu yoʻnalishda tashkilot va korxona rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralari koʻriladi. Aholi turar joyi sektori va iqtisodiyot tarmoqlari obʼektlarida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlangan yongʻinga qarshi kamchilik hamda muammolarni qisqa muddatlarda tezkorlik bilan bartaraf etish choralarini taʼminlanadi. Aholi va tadbirkorlik subʼektlari oʻrtasida yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilish hamda hushyorlikni oshirish boʻyicha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng qamrovli tushuntirish ishlari tashkil etiladi.
Asosiy eʼtibor sovitish konditsionerlari va boshqa maishiy elektr jihozlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya etish masalalariga qaratiladi. Uylardagi umumiy elektr tarqatish qutilarida nominal tok kuchidan yuqori boʻlgan himoya avtomatlari va qoʻlbola saqlagichlardan foydalanish holatlariga butunlay barham beriladi.
Yongʻinlar, is gazidan zaharlanish yoki havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida, barcha mahallalarda “xonadonbay” tartibida tushuntirish va targʻibot ishlarini tizimli ravishda tashkil etiladi. Pech va dudburonlarga xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan tashkilotlarni jalb qilgan holda, aholi xonadonlaridagi hamda koʻp kvartirali uylardagi elektr, gaz taʼminoti qurilmalari, suv isitish qozonlari, dudburon va shamollatish (ventilyatsiya) tizimlarining holatini toʻliq texnik koʻrikdan oʻtkazsin. Koʻriklar davomida aniqlangan barcha nuqson va kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari koʻriladi.
