platina.uz
Iqtisod

Prezident qoʻychilik klasteri va parrandachilik korxonasiga bordi

Klasterda joriy etilayotgan zamonaviy parvarish texnologiyalari va ilmiy yondashuv orqali goʻsht yetishtirish hajmi hamda sifatini sezilarli darajada oshirish imkoniyati mavjud. Xorijdan olib kelingan 40-50 kg vazndagi qoʻylarni uch oy davomida intensiv usulda boqish orqali ularning vaznini 100 kilogrammgacha yetkazish rejalashtirilgan. 

Prezident qoʻychilik klasteri va parrandachilik korxonasiga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Namangan qoʻychilik klasteri” faoliyati bilan tanishdi.

Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi “Chorvachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan keng imkoniyatlar tufayli amalga oshdi.

Umumiy qiymati 35 million dollar boʻlgan klaster tuman hududidan ajratilgan 10 gektar yer maydonida uch bosqichda yoʻlga qoʻyiladi.

Birinchi bosqichda xorijdan 15 ming bosh nasldor qoʻy olib kelinsa, ikkinchi bosqich yakunida chorva sonini yana 35 ming boshga koʻpaytirish reja qilingan. Yuqori mahsuldorlikka ega boʻlgan “Arashan”, “Hisor” va “Adelbay” zotlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish koʻzda tutilgan.

Klasterda joriy etilayotgan zamonaviy parvarish texnologiyalari va ilmiy yondashuv orqali goʻsht yetishtirish hajmi hamda sifatini sezilarli darajada oshirish imkoniyati mavjud. Loyihaning texnologik koʻrsatkichlariga koʻra, xorijdan olib kelingan 40-50 kilogramm vazndagi qoʻylarni uch oy davomida intensiv usulda boqish orqali ularning vaznini 100 kilogrammgacha yetkazish rejalashtirilgan. Bu har bir bosh qoʻydan 60-70 kilogrammgacha sof goʻsht olish demakdir.

Natijada anʼanaviy chorvachilikka nisbatan mahsuldorlik 45-50 foizga oshadi va loyiha toʻliq quvvat bilan ishga tushganidan soʻng viloyatda yiliga 35-40 ming tonna sifatli goʻsht mahsulotlari ishlab chiqarilishi taʼminlanadi.

Bu yerda 280 ta yangi doimiy ish oʻrni yaratilishi hamda 95 ta kambagʻal oila vakillarining bandligi taʼminlanishi mahalliy aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, majmua negizida zamonaviy logistika xizmatlari, veterinariya va servis shoxobchalari hamda mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotishga moʻljallangan savdo nuqtalari barpo etiladi. Natijada yaxlit va uzluksiz klaster zanjiri yaratiladi.

Prezidentimiz ushbu korxona tajribasi chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish, ichki bozorni sifatli goʻsht mahsulotlari bilan taʼminlash va aholi bandligini oshirishda foydali ekanini qayd etib, uni ommalashtirishga topshiriq berdi.

Toʻraqoʻrgʻon tumanida faoliyat yuritayotgan “Uychi parranda” korxonasida naslli tuxum yetishtirish, inkubatsiya qilish va goʻsht ishlab chiqarishni oʻz ichiga olgan yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu korxona bilan ham tanishdi.

Tijorat bankining 50 million dollarlik mablagʻi hisobidan 121 gektar maydonda Vengriyaning “Aviagen” kompaniyasidan keltirilgan 60 ming bosh naslli tovuqlar intensiv usulda parvarishlanmoqda. Korxonaning oddiy xoʻjaliklardan bosh ustuvorligi inkubatsiya jarayonidan boshlab tayyor goʻsht mahsulotlari yetishtirishgacha boʻlgan toʻliq sanoat siklini qamrab olganidadir.

Bu yerda joriy etilgan zamonaviy genetik texnologiyalar naslchilik yoʻnalishida kuniga 60 ming dona yuqori sifatli tuxum olish va inkubatorlar orqali 50 ming bosh joʻja ochirish imkonini bermoqda.

Loyihaning goʻsht yetishtirish tarmogʻi ham yuqori iqtisodiy samaradorlikka ega. Har biri 100 ming bosh parrandaga moʻljallangan komplekslarda broylerlar 45-50 kun ichida parvarishlanib, bir siklda 120 tonna parranda goʻshti olinadi.

Ushbu muvaffaqiyatli tajriba asosida kelgusida viloyatning Mingbuloq, Namangan, Norin, Pop, Uychi, Chust va Chortoq tumanlarida yangi parrandachilik komplekslarini barpo etish zarurligi qayd etildi. Natijada viloyatdagi jami parrandalar soni 12 million boshga yetib, loyiha doirasida qoʻshimcha 500, kengaytirilgan kooperatsiya tizimi orqali esa jami 1 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.

“Uychi parranda” korxonasi tomonidan yoʻlga qoʻyilgan yaxlit sanoat zanjiri nafaqat Namangan, balki butun Fargʻona vodiysi bozorlarida parranda goʻshti va tuxum narxi barqarorligini taʼminlaydi. Loyiha toʻliq quvvatga chiqqach, xorijga eksport hajmi ham ortadi.

Davlatimiz rahbari shu yerning oʻzida hududning usta dehqonlari, fermer va tadbirkorlari bilan muloqot qildi.

Shuningdek, Prezidentimiz Namangan viloyatidagi boʻsh turgan yerlardan unumli foydalanish va Pop tumanida tashkil etilgan 100 gektarlik superintensiv bogʻ loyihasining taqdimoti bilan ham tanishdi.

Qiymati 20,7 milliard soʻm boʻlgan bogʻ tumanning tabiati va tuproq sharoitiga mos ravishda barpo etilgan. Eng muhimi, uzoq yillar davomida foydalanilmay yotgan, suv bilan taʼminlanishda murakkab boʻsh yerlar mana shu loyiha sababli chinakam daromad manbaiga aylandi.

Bogʻ hududiga jami 66,6 ming tup serhosil mevali daraxt koʻchatlari ekilgan. Bunda bozor talabidan kelib chiqib, mevalarning turiga alohida eʼtibor qaratildi. Bogʻning 60 gektar maydonida 40 ming tup oʻrik, 25 gektarida 16,6 ming tup shaftoli va 15 gektarida 10 ming tup gilos daraxtlari parvarish qilinmoqda.

Zamonaviy sugʻorish va parvarishlash usullari tufayli har bir gektardan oʻrtacha 20 tonnadan sifatli hosil olish kutilmoqda. Mazkur koʻrsatkich oddiy bogʻlarga qaraganda bir necha barobar koʻp sanaladi.

Bu yerda yoʻlga qoʻyilgan kooperatsiya tizimi asosida 300 ta ehtiyojmand oilaning har biriga 30 sotixdan yer boʻlib berildi. Bunday yondashuv kam taʼminlangan xonadonlarni doimiy daromad manbai bilan ham taʼminlaydi.

Shu tariqa Namangan viloyatida boʻsh turgan yerlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish izchil amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2019-2024 yillarda viloyatda 38 ming 900 gektar maydon qayta foydalanishga kiritilgan boʻlsa, 2025 yilning oʻzida yana 7 ming 28 gektar yer muomalaga qaytarildi. Bu boradagi strategik tashabbus doirasida 2028 yilga qadar foydalanishda boʻlmagan jami 18 ming gektar yer maydonini bosqichma-bosqich oʻzlashtirish rejalashtirilgan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid