platina.uz
Jamiyat

Prezident Namangan aeroportining yangi terminalini koʻzdan kechirdi

Loyihaga jami 175 million dollar investitsiya jalb qilingan. Rejaga koʻra, 2026 yil yakuniga qadar zamonaviy talablarga javob beradigan yangi yoʻlovchi terminali ishga tushiriladi. 

Prezident Namangan aeroportining yangi terminalini koʻzdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi boshlandi. Davlatimiz rahbari Namangan xalqaro aeroportida barpo etilayotgan yangi yoʻlovchi terminali qurilishini koʻzdan kechirdi.

Mamlakatimizda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Namangan xalqaro aeroportini kengaytirish loyihasi ham ana shu islohotlarning muhim qismi hisoblanadi.

Mazkur qurilish ishlari davlatimiz rahbarining 2021 yil 29 martdagi “Respublika aeroportlarini boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.

Namangan xalqaro aeroporti 1971 yilda foydalanishga topshirilgan. 2013 yildan xalqaro maqomda faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda aeroport orqali 9 ta aviakompaniya muntazam parvozlarni amalga oshiryapti.

Loyihaga jami 175 million dollar investitsiya jalb qilingan. Rejaga koʻra, 2026 yil yakuniga qadar zamonaviy talablarga javob beradigan yangi yoʻlovchi terminali ishga tushiriladi. Maydoni 22,6 ming kvadrat metr boʻlgan uch qavatli terminal soatiga 1,2 ming nafar va yiliga 3 million nafardan ziyod yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa aeroportning hozirgi quvvatini bir necha barobar oshiradi.

Yangi terminalda chegara va bojxona nazorati punktlari, viza xizmatlari, biznes-zal, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot punkti hamda Duty Free hududi tashkil etiladi. Natijada 550 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

2027 yil yakuniga qadar kunlik quvvati 50 tonna boʻlgan kargo terminali foydalanishga topshiriladi. Fargʻona vodiysi uchun yagona zamonaviy kargo tizimi shakllantirilib, mahsulotlarni dunyoning 90 mamlakatiga eksport qilish imkoniyati kengayadi.

Davlatimiz rahbari qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, aeroport infratuzilmasini yanada takomillashtirish boʻyicha qator koʻrsatmalar berdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid