Fransiyada jazirama sabab 18 kishi halok boʻldi
Ikki bola yopiq mashinada qolib ketib, issiqdan vafot etgan.

Ikki kun ichida Fransiyada 18 kishi haddan kuchli issiq oqibatida vafot etdi.
22 iyun kuni mamlakatning ayrim hududlarida kunduzgi harorat 40° dan oshdi.
Reuters agentligining xabar berishicha, halok boʻlganlar orasida yopiq mashinada hushidan ketgan ikki va toʻrt yoshli ikki bola bor. 80 yoshdan 95 yoshgacha boʻlgan uch kishi issiq urishidan vafot etdi. Yana 13 kishi xavfli hududlarda suzish paytida choʻkib ketdi.
Bordo mintaqasida harorat 41,9° gacha koʻtarilib, oʻtgan yilning avgust oyida oʻrnatilgan rekordni yangiladi. Fransiyaning markaziy qismidagi Puate shahrida harorat 41,2° ga yetdi, bu 1947 yildagi avvalgi maksimal koʻrsatkichdan oshib ketdi.
Yangi harorat rekordlari boshqa Yevropa mamlakatlarida ham oʻrnatildi. Ispaniyaning San-Sebastyan shahrida harorat 40° ga yetdi, bu Reuters Climate Monitoring maʼlumotlariga koʻra, shaharning 22 iyundagi tarixiy oʻrtacha koʻrsatkichidan ikki baravar koʻp. Meteorologiya boshqarmasi hafta oxiriga qadar mamlakatning ayrim hududlarida harorat 39° dan oshishi mumkinligini va 1957 va 1976 yillarda oʻrnatilgan 35,6° rekordini yangilashini maʼlum qildi.
